O‘zbekistonda quruvchi uy fasadini buzib tashladi

O‘zbekistonda noodatiy va bahsli holat yuz berdi. Qurilish ishlarini bajargan usta o‘z mehnati uchun haq ololmagach, keskin qaror qabul qilib, o‘zi qilgan ishni buzib tashladi.
Ma’lum bo‘lishicha, u uy fasadiga travertin qoplamasi o‘rnatib, dekorativ bezak ishlarini ham sifatli tarzda yakunlagan. Biroq mijoz tomonidan to‘lov amalga oshirilmagani sababli, oradan ma’lum vaqt o‘tib, u obyektga qaytib kelgan va bolg‘a yordamida fasadni sindira boshlagan.
Voqea guvohlar tomonidan videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi. Natijada bu holat keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar quruvchini qo‘llab-quvvatlab, “mehnatga yarasha haq berilishi shart” deya fikr bildirishgan. Boshqalar esa uning bu harakatini noto‘g‘ri deb baholab, muammoni qonuniy yo‘l bilan hal qilish kerakligini ta’kidlashgan.
Mutaxassislar fikricha, bunday nizolarni oldini olish uchun qurilish ishlarini boshlashdan oldin tomonlar o‘rtasida aniq shartnoma tuzish, to‘lov tartibini kelishib olish muhim. Aks holda, bunday holatlar nafaqat moliyaviy, balki huquqiy muammolarga ham olib kelishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!