20:17 / 22.01.2021
3 330

Jahongir Otajonov Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, O‘zbekistondagi eng qoloq tuman hokimligi lavozimini so‘radi

Jahongir Otajonov Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, O‘zbekistondagi eng qoloq tuman hokimligi lavozimini so‘radi
O‘zbekistonda o‘tkaziladigan navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish istagini bildirgan xonanda Jahongir Otajonov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, mamlakatdagi eng qoloq tumanlardan birini boshqarib, rivojlantirish imkonini berishni so‘radi.

«Men uchun aziz bo‘lgan prezidentim, Shavkat aka Miromonovich, sizdan bir iltimosim bor. Xudoga shukur, juda baxtli insonman, hayotim juda go‘zal o‘tyapti, chunki tinch-totuv yurtda yashadim, Allohga shukur! Ozmi, ko‘pmi qilgan ishimizdan muxlis orttirdik, bugun u ishimiz bilan xayrlashdik.

Sizni juda ham yaxshi bilaman, ko‘rishganman hayotda, nafaqat ko‘rishganman, balki quchoqlashganman. Sizga ‘Alloh ishlaringizni xayrli qilsin’, deyish nasib qilgan. Siz ham ‘Kattakon rahmat, ukajon’ deb kulib qo‘ygansiz. Mening u paytda qanchalik baxtli ekanligimni siz tasavvur ham qila olmaysiz, balki qila olarsiz. Chunki oddiy fuqaroning davlat rahbari bilan quchoqlashib ko‘rishishi hammaga ham nasib qilmaydi. O‘sha kuni mendan boshqa hech kim quchoqlashib ko‘risha olmagan siz bilan. Men, Alloh bir marta berdi, shunaqa ko‘rishish kerak deb quchoqlashib ko‘rishganman.

Oilangizni ozmi, ko‘pmi bilaman, farzandlaringiz bilan do‘stmiz. Ular ham har doim ko‘rishganimizda suhbatlashib, hurmatimizni joyiga qo‘yib kuzatib qo‘yishgan. Ularga ham Alloh ikki dunyo saodatini bersin!

Iltimosim shundan iboratki, qaysidir tuman hokimiyatini menga topshirsangiz. Eng kichkina, eng sharoiti og‘ir bo‘lgan, har tomonlama eng past ko‘rsatkichdagi tumanni bersangiz ham, jonimni qurbon qilib, Alloh uchun xizmat qilishga tayyorman. Shu uchun menga sharoit yaratib bersangiz. Tuman xalqining yashash sharoitini yaxshilab, yuqori darajaga ko‘tarishga harakat qilaman. Men tuman hokimiga yaratib beriladigan har qancha qulaylikdan voz kechaman, menga hech narsa kerakmas. O‘zimning mashinam, o‘zimning pulim bilan borib, yashashga sharoit bo‘lmasa, bir kun unikida, bir kun bunikida, tuman aholisinikida yashab bo‘lsa ham, shu ishlarni qilishga tayyorman.

Ishonchim komil, bu ishlar mening qo‘limdan keladi. Prezident bo‘lish niyatim borligini aytganimdan keyin mening ustimdan ‘Siz askiyachisiz, masxarabozsiz, qiziqchisiz’ degan gaplarni noto‘g‘ri ekanligini isbotlash uchun, qolaversa, kelajakda O‘zbekistonni O‘rta Osiyodagi eng zo‘r davlat qilish uchun, hozirgi qilinayotgan harakatlarning davomchisi bo‘lishim uchun menga sharoit yaratib berishingizni iltimos qilaman
», — deydi Jahongir Otajonov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)