23:24 / 16.03.2021
2 698

G‘alati tush

G‘alati tush
Zarifboy Ibodullayev

G‘alati tush ko‘ribman. Tushimda Germaniyadagi Gumbold universitetida tibbiyotdan dars berayotgan ekanman. Talabalarga ma’ruzamni tugatib karidorga chiqsam men taniydigan Klaus ismli bir nemis talabasi o‘zida yo‘q hursand. U otasiga telefon qilayapti: “Ota! Meni tabriklang! Men xalqaro ta’lim grantini yutdim. Buyuk Ibn Sino yurti bo‘lmish Buxoro shahriga ketayapman. Axir u yerda dunyoga mashhur Xalqaro tibbiyot instituti joylashgan! Tibbiyot, biologiya va fiziologiya sohasida dunyoni titratgan olimu-fuzolalar chiqqan! Har kimga ham ushbu universitetda tahsil olish nasib qilavermaydi! Gumbold va Kox universitetlari rahbarlari Buxoroni tugatgan”. Otasi ko‘ziga yosh olib: Nahotki o‘g‘lim! Nahotki sen o‘qishingni dunyoga mashhur Buxoroi sharifda davom ettirasan! Ishongim kelmaydi! Bu qanday baxt!

Klaus qadimiy va navqiron Buxoroi sharifga uchib kelibdi va Ibn Sino nomidagi Xalqaro tibbiyot institutida o‘qishni boshlabdi. Bu universitetda dars beruvchi ustozlarning aksariyati dunyoga dong‘i ketgan mahalliy olimlar ekan. Universitet territoriyasi shu qadar katta ekan-ki, uni ichida elektromobil bilan harakatlanisharkan. Hatto tibbiy vertolyotlar uchun ikkita uchish-qo‘nish maydonchasi ham bor ekan. Buxoroda 120 ta minora va madrasalar bo‘lib, har yili 24 mln sayyoh kelarkan.

Ayniqsa Imom al Buxoriy nomidagi Xalqaro Islom universitetiga o‘qishga kira olmay yurgan horijliklar son-sanoqsiz ekan. Bu oliy ta’lim dargohi dunyoda yagona bo‘lib, qanchadan-qancha davlatlarga shayx va shayxulislomlarni yetkazib berarkan. Buxoro xalqi yuksak darajada madaniyatli bo‘lib, bu yerga tashrif buyurgan dunyo xalqlari buxoroliklar urf-odati, kiyinish madaniyati va muloqot san’atidan hayratda qolisharkan. Buxorolik ayollar va erkaklarning milliy kiyimlari shu qadar go‘zal va o‘ziga yarashib turar ekanki, bu yurtni tugatib ketgan talabalar o‘z yurtiga borgach umrining oxirigacha faxr bilan buxorocha kiyinib yurisharkan...

Klaus Buxoroda 10 yil o‘qib tib ilmini o‘rganib o‘z yurtiga, ya’ni Germaniyaga qaytibdi. Uni qarindoshlari, birga o‘qigan talabalar va vrachlar o‘rab olibdi. Qani gapir Klaus! Buyuk Buxoroda tib ilmi qanday rivojlangan ekan? Bizlar ham eshitaylik! Aytishlaricha Buxoroda tibbiyot 100 yilga ilgarilab ketganmish! Buxoroni tugatib qaytgan Klaus diplomni faxr bilan ushlab bag‘riga bosib, ko‘zlarida quvonch bilan so‘zlay ketibdi. Ha shunday! Buxorodagi tibbiyotdan hayratim cheksiz! Inson tasavvuriga sig‘maydigan olamshumul kashfiyotlarning qay birini aytsam ekan?! Barchasi Buxoroda kashf qilingan!

Mayli, bu yutuqlarning ba’zilarini aytib bera qolay: Buxoroda rak kasalligi, masalan oqqon kasalligini bemalol davolay olishadi. Bizda esa yo‘q. U yerda har qanday o‘smani tig‘ tegizmay davolaydigan “Gammanayf” va “Kibernayf” degan uskunalar kashf qilingan. Ularda “Ibn Sino” degan robotlashtirilgan jarroxlik kompleksi bor. Bu apparat har qanday operatsiyani inson ishtirokisiz o‘zi bajara oladi. Italiyaliklar xuddi shunday xususiyatga ega “Do Vinchi” apparatini haligacha yarata olmay xunob. Buxoro – nanomeditsina vatani.

Bizda, ya’ni Germaniyada qonni suyultirishga bir tabletka, moddalar almashinuviga ikkinchi tabletka, qon bosimga uchinchi tabletka, yurak og‘rig‘iga to‘rtinchi tabletka, ich qotishiga beshinchi tabletkani ichib yurgan paytda Buxoroi sharifda shunday aqlli nanotabletkalar kashf qilingan ekan-ki, uning bir donasi mana shu beshta vazifasini birvarakayiga bajara oladi. Bizda, ya’ni Germaniyada insonning har bir a’zosini shkafdek-shkafdek apparatlarda tekshirsa, Buxoroda tugmadek bitta chipni teriga yopishtirib qo‘yadi va o‘sha chip bir soat ichida organizmdagi barcha kasalliklarni aniq aytib tashxis qo‘ya oladi va ko‘z oldingizda gologrammada namoyon bo‘ladi. Bizda, ya’ni Germaniyada DNK testini o‘tkazishning o‘zi bir azob va faqat Berlinda bor.

Buxoroda esa bir tomchi so‘lakdan inson organizmidagi barcha genlar turi va joylashuvini aniq aytib bera oladigan kashfiyotlar qilingan. Bizda insult oqibatida tilsiz qolib, tanasining yarmi ishlamay yotganlar son-sanoqsiz, ularda esa insult rivojlangan zaxoti 3 soat ichida bitta dorini vena tomiridan yuborishadi va insult belgilari shu zaxoti orqaga chekinib tananing falajlangan bir tomoni o‘sha zaxoti ishlab ketarkan. Bemor ertasi kuni uyiga chiqariladi va o‘z kasbini davom ettiraveradi. Undan: “Kecha nega ishga kelmading”? deb so‘rashsa, insult bo‘lib qoluvdim, bir kun shifoxonada yotdim, der ekan.

Ertakomuz bu gaplar haqiqatning o‘zginasi. Germaniyada esa insult bo‘lgan bemor bir tomoni falajlanib umrbod nogiron bo‘lib qoladi va o‘la-o‘lguncha ukol-dorilar bilan o‘tadi. Buxoroda bemor komaga tushmaydi, tushsa ham doktorlar bir kunda xushiga keltirishadi...

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Klausning uyiga Germaniya tibbiyot institutlarida o‘qiyotgan talabalar va u yerdagi shifoxonalarda ishlayotgan vrachlar to‘planishgan ekan. Buxoroda tib ilmini o‘rganib kelgan Klausning suhbatini hangu-mang bo‘lib eshitib o‘tirishibdi. Ulardan biri juda vatanparvar ekan, chiday olmay savol beribdi: Nega biz nemislar qoloqmiz?! Nega bizda tibbiyot ham qoloq, odamlar yovuz, bir-biri bilan urishadi, bir-birini haqorat qiladi, madaniyat yo‘q, ma’naviyat yo‘q?! Ko‘chalar xarob! Nemislar yirtiq ishton kiyib yurishadi? Nega biz Buxoro halqi kabi madaniyatli, ma’rifatli, ilmli va go‘zal emasmiz?! Nega?! Nega ular bizdan 100 yil ilgarilab ketgan?!

Klaus shunday deb javob qaytaribdi: Axir Buxoroda Ibn Sino tug‘ilgan. Agar Ibn Sino Germaniyada tug‘ilganida biz ham tib ilmida 100 yil oldinda ketardik. Butun Yevropa 800 yil Ibn Sino asarlarini o‘qib tib ilmini o‘rgangan! Tasavvur qilayapsanmi? Naq 800 yil! Axir Yevropaning birorta davlatida tug‘ilgan tibbiyot sohasi olimlari Ibn Sino darajasiga yeta olmagan. Shuning uchun ham biz orqada qolib ketdik.

Ibn Sino avlodlari uning o‘gitlariga amal qilib ilgarilab ketdi. Boz ustiga ular juda ahil, bir-birini sotmaydi, faqat ilm oladi, ilmli u yerda hech qachon xor bo‘lmaydi. Bizdagidek amaldorlar olimlarga emas, aksincha olimlar amaldorlarga aql o‘rgatadi. Imom Buxoriyning “Ilmdan boshqa najot bo‘lmagay” degan o‘gitiga shox ham, gado ham amal qiladi Buxoroda. Shuning uchun ham Buxoro – butun dunyo uchun ilm-fan mash’ali!

Bizdachi? Bizda esa deb so‘zini davom ettiribdi, Klausa yovuz va buzg‘unchi Gitler tug‘ilgan. Shu bois Gitler qandoq bo‘lsa, nemis halqi ham shundoq, ya’ni ilmsiz, madaniyatsiz, manaviyatsiz, yovuz... 1945 yili qanchadan qancha davlatlar ustimizga bombalar yog‘dirdi, shaharlar vayron bo‘ldi, katta-katta olimlar Germaniyani tashlab Amerikaga qochdi. Shundan bo‘lsa kerak biz nemislar haligacha qaddimizni tiklay olmayapmiz.

Nemislar bir-birini ko‘ra olmaydi, Berlinda yashaydigan nemis, Frankfurtda yashaydigan nemisni ko‘ra olmaydi, ya’ni mahalliychilik avj olgan, ilmli odamlar qadrlanmaydi. Eee gapirsa gap ko‘p... Shu bois nemis xalqi shu ahvolga tushib qoldi. Buxoro halqi yuqori darajada madaniyatli va ma’rifatli bo‘lmay bizni halq bo‘lsinmi? Axir Imom al Buxoriy va Naqshbandiy Buxoroda tug‘ilgan bo‘lsa! Islom madaniyatidan yuksak madaniyatning o‘zi yo‘q, do‘stim, o‘zi yo‘q!

Chetroqda indamay o‘tirgan yana bir vrach Klausga savol beribdi: Ibn Sino, Imom al Buxoriy va Baxovuddin Naqshbandiy kabi 3 ta buyuk zot bitta yurtga ko‘plik qilmaydimi? 1000 yilda bir marotaba dunyoga keladigan bunday allomalarning hech bo‘lmaganda bittasi Germaniyada tug‘ilsa bo‘lmasmidi? Klaus: Bilmadim do‘stim, bilmadim. Buning sababi yolg‘iz Xudoga ayon!

Shu payt erta tongda ko‘chadagi baqir-chaqirdan uyg‘onib ketdim. Qarasam tushim ekan. G‘alati tush... Biroq juda yoqimli!

Zarifboy Ibodullayev,
16 mart 2021 yil.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » G‘alati tush