Samarqandda jahon miqyosidagi nufuzli tadbir — UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilishi munosabati bilan shaharga kirish yo‘llari vaqtinchalik yopiladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi rasmiy xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 30-oktyabridan 14-noyabriga qadar Samarqand viloyati orqali tranzit tarzda harakatlanuvchi avtotransport vositalari uchun aylanma yo‘llar tashkil etiladi. Bu davrda shahar markaziga kirish vaqtinchalik cheklanadi.
Harakatni yengillashtirish va haydovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida maxsus flayerlar tayyorlangan bo‘lib, ulardagi QR-kod orqali aylanma yo‘llar haqidagi barcha ma’lumotni mobil ilova orqali ko‘rish mumkin bo‘ladi.
Ichki ishlar vazirligi shunday deb murojaat qilgan:
“Mazkur kunlarda Samarqand shahriga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, imkoniyat bo‘lsa, safarni boshqa kunlarga ko‘chirishingizni so‘raymiz. Bu choralar yirik xalqaro anjumanni xavfsiz va muvaffaqiyatli o‘tkazish uchun amalga oshirilmoqda”.
Eslatib o‘tamiz, UNESCO — Birlashgan Millatlar Tashkilotining maorif, fan va madaniyat bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmasi bo‘lib, sessiyaning asosiy mavzulari jahon miqyosidagi dolzarb masalalarni qamrab oladi. Ular orasida madaniy merosni muhofaza qilish, sun’iy intellekt etikasi, iqlim o‘zgarishi va barqaror rivojlanish, shuningdek, ayollarning fan sohasidagi o‘rni kabi mavzular bor.
Anjuman Silk Road Samarkand sayyohlik majmuasida o‘tkaziladi va u 1985-yildan beri birinchi marta tashkilot bosh qarorgohi joylashgan Parijdan tashqarida o‘tkazilayotgan sessiya hisoblanadi.
Tadbir davomida Samarqand jahon e’tiborida bo‘lishi kutilmoqda. Mutasaddilar shaharda xavfsizlik va transport nazoratini kuchaytirish choralarini ko‘rmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!