date
views 3 055

Senga achinaman, «Tilla baliqcha»... Yoxud dunyoni bir ko‘lmak hovuz deb bilguvchilar haqida mushohada

Senga achinaman, «Tilla baliqcha»... Yoxud dunyoni bir ko‘lmak hovuz deb bilguvchilar haqida mushohada
Alber Kamyuning o‘ziga xos bir ta’kidi bor: har qanday odamning hayotida buyuk tuyg‘ular kam, mayda hislar ko‘p bo‘ladi! O‘ylashimcha, fransuz faylasufining bu co‘zlari mohiyatida tafakkur yotadi. Ammo idrok masalasida, afsuski, hammamizda imkoniyatu salohiyat har xil. Buning oqibatiga doir hikmatni esa mana bu italyan maqolidan topamiz: «yurak qancha tor bo‘lsa, til shuncha uzun bo‘ladi».

O‘z qobig‘iga o‘ralib yashash demokratik jamiyatga xos emas. Buning nimalarga sabab bo‘lishini o‘tish davri asoratlari misolida ko‘rdik. Mana, endi so‘zda ham, tafakkurda ham, amalda ham erkinmiz. Oshkoralik degani biz uchun shunchaki tushunchagina emas, balki kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanyapti.

OAV, internet sahifalari, telegram kanallarini kuzating — barcha uchun keng va teng minbar muhayyo. E’tirozlar, shikoyatu takliflar ochiq-oshkora aytilyapti. Bir paytlardagi singari «Nega falon amaldorni tanqid qilding?», «Nima uchun falon sohaga tosh otyapsan?» degan bosimu tazyiqlar yo‘q. Albatta, bularning barchasi — katta yutuq, ajoyib natija. Ammo...

Qo‘lingda «qurol» bor, vatandosh!
XXI asrda dunyoni axborot boshqaryapti. Axborotning jilovdori esa inson. Lekin bir global xatar ham bor: axborot qabih maqsadlarga yo‘naltirilsa bormi, u dahshatli qurolga aylanar ekan.

Bu haqda to‘xtalishimizning boisi shundaki, axborot olish, so‘z va fikr erkinligi degan imkoniyatlarga ega bo‘lish kamlik qiladi, ulardan to‘g‘ri va oqilona foydalanishni ham bilish kerak. O‘rinli tanqid kelajak mevasi ekanligi bor gap, biroq aynan «o‘rinli» degan so‘z mohiyatini tushunib yeta olyapmizmi?!

Qarang, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar xuddi fisqu fasodning uyasiga o‘xshab borayotgandek. Yon-atrofni, mavjud voqelikni qora ko‘zoynakda ko‘rish, jamiyatu davlatdan, hamma-hamma narsadan illat qidirish, hozirgi ibora bilan aytganda, «trend»ga chiqdi go‘yo. So‘z aytish mas’uliyati yo‘qolib borayotgandek. Bugun nimani gapirish mumkinligi emas, nimani aytish o‘rinliligi savol ostida qolayotir. Bu, ayniqsa, o‘tgan 2020 yil — insoniyat boshiga og‘ir sinovlar tushgan murakkab pallalarda yanayam yaqqolroq namoyon bo‘lib qoldi.

Koronavirus degan ofat, ta’bir joiz bo‘lsa, butun dunyoni «tiz cho‘ktirdi». Hozir ham bu ofatdan batamom xalos bo‘lolganimiz yo‘q. Ammo pandemiya endi boshlangan kezlarda shifokorlar, mutasaddilar chiqib xalqdan ikki narsani o‘tinib so‘radi: biri — karantin qoidalariga qat’iy amal qilish, ikkinchisi — vahimaga berilmaslik. Chunki sarosima shu xastalikning do‘sti ekan. Lekin aynan ikkinchi talab rioyasiga kelganda, bir to‘da «bilag‘on»lar axborot xurujlariga zo‘r berishdi.

Birgina «Narx-navo osharmish...» degan fitnanamo gaplar ortidan o‘zimizni virus o‘chog‘i bo‘lgan bozorlarga urdik. Qop-qop un, kartoshka, piyozni orqalash uchun bola-chaqamiz bilan savdo rastalariga oshiqdik! Oqibat nima bo‘ldi? Hech bir ehtimol kutilmagan o‘sha kezlarda keragidan ortiq xaridlar ortidan narx-navo chindanam qalqib ketdi. Kasallik ham avj oldi. Ko‘rdikki, bir oz vaqt o‘tib biz yerto‘lalarimizni to‘ldirib tashlagan kartoshkayu piyoz mahallamizga, uyimizning shundoqqina biqiniga olib kelib sotilar ekan. Eng qizig‘i, hovliqmalik bilan xarid qilgan narxdan ham arzonroq bahoda!..

Mayli, o‘tgan ishga salovat. O‘sha kunlar ortda qolgani rost bo‘lsin. Shukr, hozir vaziyat ancha barqaror. Lekin axboriy tahdidlar kuchaysa kuchaymoqdaki, aslo susaygani yo‘q.

Ma’lum qilinishicha, ayni kunlarda ba’zi davlatlar COVID-19ga qarshi vaksinalarni sotib olishga qodir emas. Xalqning joni qanchalik aziz bo‘lmasin, o‘sha mamlakatlarning iqtisodiy ahvoli bunday katta xarajatni ko‘tara olmayapti. Bizda esa avval-boshdanoq Prezidentimiz aholini emlash bo‘yicha davlatning bor imkoniyatlari safarbar qilinishini aytdi. Aslida, bu juda katta gap. Lekin o‘sha tirnoq ichidan kir qidiruvchilar bu safar ham «Nega bizga falon davlat preparatlari tiqishtirilyapti?» qabilidagi g‘iybatnamo gaplar tarqatish bilan ovora. Vaholanki, O‘zbekistonda qo‘llanilishi ko‘zda tutilayotgan vaksinalar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan samarali vosita sifatida tan olingan. Bizdan boshqa o‘nlab davlatlar ham ulardan foydalanmoqda.

Endi o‘zingiz xolisona ayting-chi, bunday ig‘volardan jamiyatga nima naf? Odamlarni vasvasaga solishdan kim yutyapti?..

To‘rt yilda Amerika bo‘lib qolmaymiz
Bu yilgi qish juda og‘ir keldi. Yaqin yigirma-o‘ttiz yil oralig‘ida harorat bu qadar sovib ketmagan bo‘lsa kerak. Mana, eson-omon ko‘klamga ham chiqib oldigu, ammo miyamizga o‘rnashib qolgan salbiy qarashlardan xalos bo‘lolmayapmiz.

Bundan besh — o‘n yil avval aksariyat qishloqlarga kun davomida, nari borsa, 2-3 soat elektr toki berilardi. Gaz ta’minotini-ku, gapirmasayam bo‘ladi. Ammo rasmiy ma’lumotlarga qaralsa, ayni shu og‘ir o‘tgan qish mavsumida ham elektr va tabiiy gaz ta’minoti iste’moli bilan baravar uni yetkazib berish miqdori ham sezilarli darajada oshgan. Bizga yoqsa-yoqmasa, bu — fakt.

Hozir qishlog‘u mahallalarda, o‘ta izg‘irinli kunlarni hisobga olmaganda, elektr va gaz ta’minotida uzilishlar avvalgi davrlardagiga qiyoslaganda, ancha kamaygan.

To‘g‘ri, joylarda uzatish tarmoqlarida nosozliklar bor. Ba’zi mutasaddilar bu masalaga panja ortidan qarayotganini ham inkor qilmoqchi emasmiz.

Ammo to‘rt yilda O‘zbekistonning Amerikaga aylanib qolishini kutish qanchalik mantiqqa mos?! Avtoulov u yoqda tursin, ot yursa taqasi qo‘porilib tushadigan ko‘chalarimiz haliyam mavjud bo‘lgani holda, 25 — 30 yil deganda asfalt endi yotqizilib, ravon bo‘lgan yo‘llarimiz qancha?! Nega ko‘zimiz bularni ko‘rmaydi? Nima uchun ezgu ishlarni tan olishga kelganda, ortga tisarilamiz?! Fe’limiz buncha torayib ketdi? Xolis gap aytilganda, qachongacha ensamizni qotiramiz?!

Nega mamlakatimiz xalqaro reytinglarda balandlab borayotgani haqida eshitsak, o‘zimizni bilmaganga olamizu, xorijiy saytlarda biror-bir salbiy fikrga ko‘zimiz tushib qolsa, mutlaq haqiqat sifatida qabul qilib, ayyuhannos solamiz?..

Albatta, bu, og‘ir savollar, ammo Vatanimizning chinakamiga farovon bo‘lishini istar ekanmiz, ko‘p nuqtalarda birlashishimiz, hamjihat bo‘lishimiz talab etilishini unutmasak bo‘lgani.

Odamlar orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otish, jamiyatda ishonchsizlik ruhini kuchaytirish esa faqat bir toifa kimsalarga qo‘l keladi — bizni ko‘rolmaydiganlarga!

O‘tganning o‘rog‘iga, ketganning ketmoniga yopishmaylik
Mamlakatdagi o‘zgarishlarga baholi qudrat bosh qo‘shayotganlarni o‘z mahallasini obod qilish uchun hasharga chiqqan odamlarga o‘xshataman. Kimdir ketmon ko‘tarib ariq qazigan, kimdir belkurak olib daraxt ekkan, yana kimlardir andava bilan masjidning nuragan devorlarini suvagan...

Xullas, maqsad — aniq, niyat — ezgu. Buning natijasi umummanfaatga xizmat qiladi.

Tasavvur qilingki, ana shunday paytda bir buzg‘unchi guruh chiqsayu, o‘rtaga nifoq solsa, nima bo‘ladi? So‘zsiz, hasharchilar orasida parokandalik boshlanadi — kimdir etak siltab uyiga ravona bo‘lsa, yana kimdir uydirmalarga quloq osmaslikka chaqiradi...

Xullas, o‘rtaga gumon oralab bo‘ldi. Gumon esa iymondan ayirishi, muqaddas kitoblarimizda ham yozilgan. Demak, g‘arazli niyat amalga oshdi.

Bu misolni keltirishimning boisi, hozir amaldor zotiga nazarimiz tushsa bo‘ldi, o‘tganning o‘rog‘iga, ketganning ketmoniga yopishish holatlari ko‘payib boryapti. Qo‘limizdan yordam kelmagani yetmaganidek, ba’zi hollarda ishlashiga ham xalaqit berayotganimiz-chi?!

Qarang, viloyat hokimlaridan biri izg‘irin kunlarda olis qishloqqa borib gulxan atrofida odamlarning dardiga quloq tutdi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilib, holatni shunchaki «piar»bozlikka yo‘ydik...

Boshqa hokim chekka bir qishloqda tunab qolib, aholining turmush tarzini o‘rganmoqchi bo‘ldi. Ungayam ijtimoiy tarmoq sahifalarida loy chaplashga urinishdi...

Har ikkisining ishini takrorlamay deb, konteynerda yashab, qishloq ahliga kamarbasta bo‘lish istagidagi hokimning xatti-harakati esa kulgiga olindi...

Nima yoqadi o‘zi bizga? Nima qilish kerak yana?

Ko‘pkari uyushtirib, qimmatbaho sovg‘alarni sovringa tikkan hokimni «o‘ta hotamtoy»likda ayblashgan bo‘lsa, kelin-kuyovlarga kamtarin hadyasini bergan yana o‘sha hokimga bu gal «xasislik» tamg‘asini yopishtirishdi.

Juda maydalashib ketmayapmizmi, og‘aynilar?! Sal insof ham kerakda, axir...

Xalq dardidan biznes qilish — noinsoflik!
Bugungi kunda davlat idorasi vakillari, haqmi yo nohaq, murojaatchining arzini tinglashga majbur. Uning haq-huquqlari ustuvor. Aslida, demokratik jamiyatga xos unsur bu. Lekin bu in’om etilgan imkoniyatni suiiste’mol qilish degani emas.

Ko‘pchilikka tanish bir holatni aytay: bir odam boshqa birovning ustidan ig‘voyu bo‘hton yog‘dirilgan xat yo murojaat yozib, sakkizta idorayu mahkamaga jo‘natadi. Lekin bunday hollarda o‘sha murojaatda ko‘rsatilgan faktlar o‘z isbotini topmasligi tabiiy. Natijada arzgo‘yga qonunda ko‘rsatilgan muddatdan kechiktirilmay javob xati jo‘natiladi. Tamom-vassalom! Shu bilan masala yopiladi. Ya’ni murojaatda ko‘rsatilgan gaplar o‘z isbotini topmaydi, ig‘vogarga esa, afsuski, hech qanday chora ko‘rilmayapti. Vaholanki, ayni shu bo‘hton uchun sakkizta idora xodimlari qancha vaqtini, asabini yo‘qotdi. Ovorayu sarson bo‘ldi. Qolaversa, bir inson sha’niga qora chaplandi...

Ijtimoiy tarmoqlarda faol fuqaro sifatida fikr bildirayotganlar ko‘plab muammolarni ko‘tarib chiqishmoqda. Dadillik, jur’at borasida ularga havas qiladigan jihatlarimiz ko‘p. O‘rni kelsa, jamiyatga oyna tutib, ko‘plab masalalar yechimiga ham hissa qo‘shishdi, baraka topishsin. Lekin o‘zini «bloger» deb atayotganlarning hammasi ham xolislik «tarozi»sini to‘g‘ri ushlayaptimi? Reklama ilinjida «so‘z mas’uliyati» degan tushunchani unutib qo‘yishmayaptimi?

Aytaylik, hozir telegram kanallarining a’zolari soniga ko‘ra, reklama bozorida ularga xaridoru talabgorlar ko‘paymoqda. Kanal a’zolarini ko‘paytirishning eng oson yo‘li esa turli mish-mishlar, uydirmalar tarqatib, odamlar e’tiborini jalb qilish bo‘lib qoldi. Hatto shunday yulg‘ichlar toifasi paydo bo‘ldiki, turli idorayu tashkilotlar, banklarni tanqid qilmaslik evaziga ochiqdan-ochiq shantaj bilan ulardan «reklama tariqasida» pul o‘tkazib berishni talab qilayotgani qulog‘imizga chalinmoqda. «Menga falon ishimni hal qilib bermasang, ijtimoiy tarmoqlarda kamchiliklaringni yozaman», deydiganlarni yoxud idoraga kirib, qo‘lidagi telefonini yoqib, «menga falon narsa bo‘yicha ma’lumot berasan», deb o‘dag‘aylayotganlarga ham guvoh bo‘lyapmiz.

Bundan tashqari, ba’zi buzg‘unchi niyatli kimsalar yo tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladigan blogerlik sahifalari paydo bo‘lib, ularning g‘arazli maqsadlariga beixtiyor ergashib borayotganimizni o‘zimiz ham sezmay qolyapmiz.

Bizda bunday holatlarga qarshi tura oladigan qonunlar bor. Lekin ular doim ham qo‘llanilmayotgani afsuslanarlidir. Aytaylik, ijtimoiy tarmoqda kimdir yolg‘on xabar tarqatsa, raddiya berish bilan kifoyalaniladi, birovlarning shaxsiy ma’lumotlarini tarqatganlarga esa umuman e’tibor berilmaydi. Axir bunday harakatlar uchun javobgarlik belgilangan-ku?!

Birgina misol, oxirgi paytlarda internet tarmoqlarida turmush o‘rtog‘iga xiyonat qilgan erkak yo ayollarning videolari ko‘p tarqatilyapti. Axir bu, o‘sha insonlarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotku. Biz qayerdan bilamiz, balki bu lavha unga tuhmat qilish uchun ataylab uyushtirilgandir?!

Xullas, har narsaning me’yori bo‘lgani yaxshi. Xuddi shunday jamoatga so‘z aytishning ham o‘z qoida va etikasi bor. Bo‘lar-bo‘lmas gaplarni go‘yo katta bir muammoni ko‘tarayotgandek ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqayotganlar, bu ishlari bilan o‘z qobiqlariga o‘ralib qolganlarini, jiddiy masalalar haqida fikr yuritish salohiyatiga ega emasliklarini isbotlashadi, xolos.

Shu haqda mushohada qilar ekanmiz, otashnafas shoirimiz Abdulla Oripovning quyidagi to‘rtligi yodga tushadi:

Dunyoda ko‘rgani shu tor hovuzcha
Va mudroq tollarning achchiq xazoni.
Menga alam qilar, tilla baliqcha
Bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni.

Farrux BO‘TAYEV
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Senga achinaman, «Tilla baliqcha»... Yoxud dunyoni bir ko‘lmak hovuz deb bilguvchilar haqida mushohada