12:50 / 13.05.2021
2 853

Nega O‘zbekistonda so‘m uchun alohida, valyuta uchun alohida karta ochiladi?


Markaziy bank To‘lov tizimlari departamenti direktori o‘rinbosari Shuhrat Fayzullayev «Depozit.uz» nashriga bergan intervyusida nima sababdan O‘zbekistonda so‘m va valyuta uchun alohida-alohida karta ochilishi to‘g‘risidagi savolga javob berdi.

- "Rossiya yoki Qozog‘iston kabi mamlakatlar tajribasini oladigan bo‘lsak, ko‘p yillardan beri aholiga ish haqi to‘lovlarini amalga oshirish va kundalik to‘lovlar uchun ham Visa va MasterCard kartalari taqdim qilinib kelmoqda. Bu kartalarning xalqaro maqomi ulardan nafaqat o‘z vatanida, balki istalgan mamlakatda o‘sha mamlakat valyutasida to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beradi, qo‘shimcha karta ochishga ehtiyoj qolmaydi.

To‘lovlar mijoz borgan mamlakat valyutasida – yevrodami, rubldami, yuandami, turk lirasidami, farqi yo‘q, birdek amalga oshiriladi. To‘lov summasi esa xalqaro to‘lov tizimlari va kartani muomalaga chiqargan tijorat banki tomonidan konvertatsiya qilinib, mijozning hisobvarag‘idan yechib olinaveradi.

O‘zbekiston sharoitida esa mahalliy to‘lovlar uchun Uzcard yoki Humo kartalari, chet elga boradigan hamyurtlarimiz uchun alohida, AQSH dollarida ifodalangan Visa, MasterCard, MIR yoki UPI kartalari taklif qilindi.

Chunki mamlakatimizda valyuta ayirboshlash masalasi ko‘p yillar davomida cheklangan holatda bo‘ldi, shu sababli kartalar orqali chet elda, xorijiy valyutada amalga oshiriladigan to‘lovlarni so‘mda ifodalangan hisobvaraqlardan yechib olish imkoniyati mavjud bo‘lmadi. Xorijiy valyutadagi har qanday to‘lovlar uchun alohida hisobvaraq va alohida karta ochilishi taqozo etardi.

Aytib o‘tish kerak, «O‘zsanoatqurilishbank» 2000 yillar boshida faqat O‘zbekiston hududida ishlatish mumkin bo‘lgan 700 mingga yaqin Visa kartasini muomalaga chiqardi, lekin bu kartalardan chet elda foydalanish imkoniyati yaratilmagani, shu bilan birga mavjud Uzcard tarmog‘ida ham qabul qilinmagani sababli ular aholi uchun jozibador bo‘lmadi va bu yo‘nalish o‘z rivojini topmadi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda valyuta ayirboshlash siyosati o‘zgardi. Endi Rossiya yoki Qozog‘istondagi kabi mahalliy valyutada ifodalangan Visa yoki MasterCard xalqaro kartalarini muomalaga chiqarib, respublikamizda ham, chet elda ham birdek ishlatish, chet elda amalga oshirilgan to‘lovlarni konvertatsiya qilib, mijozning so‘mdagi hisobvarag‘idan bevosita yechib olish imkoniyati yaratildi. Bunga javoban to‘lov tashkilotlari kobeydjing kartalarini taklif qila boshladi", - dedi Markaziy bank To‘lov tizimlari departamenti direktori o‘rinbosari Shuhrat Fayzullayev.

Markaziy bank vakilining so‘zlariga ko‘ra, kobeydjing kartalari deyilganda, ikki yoki undan ortiq to‘lov tizimida birdek amal qiladigan kartalar tushuniladi. Misol uchun, bugungi kunda Uzcard-MIR yoki Humo-Visa kabi kobeydjing kartalari mavjud bo‘lib, karta yuzida ikkala to‘lov tizimining logotipi ko‘rsatilgan va bu kartalar O‘zbekiston hududida an’anaviy Uzcard yoki Humo to‘lov tizimi doirasida chet elda esa xalqaro MIR yoki Visa to‘lov tizimlari doirasida amal qiladi.

Kartaga bitta, so‘mda ifodalangan hisobvaraq biriktiriladi. O‘zbekiston hududida mazkur kartalar bilan hisob-kitoblar milliy valyutada va mahalliy to‘lov tizimlarida mavjud tartib-qoidalar asosida amalga oshiriladi. Mijoz bu karta bilan chet elga chiqqanda esa, aynan shu kartalar endi xalqaro to‘lov tizimlarining qoidalariga ko‘ra ishlay boshlaydi – to‘lov mijoz borgan mamlakatning mahalliy valyutasida amalga oshiriladi, bu to‘lov summasi avtomatik ravishda konvertatsiya qilinib, mijozning so‘mdagi hisobvarag‘idan yechib olinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Nega O‘zbekistonda so‘m uchun alohida, valyuta uchun alohida karta ochiladi?