20:48 / 14.07.2021
2 591

«Otang bozor — onang bozor» yoxud onlayn sotuvchiga qanday qilib aldanib qolish mumkinligi haqida


Foto: «Gorodkirov.ru»
Nima bo‘ldi-yu, onlayn do‘kondan libos buyurtma bergim kelib qoldi. To‘g‘rirog‘i, vaziyat shunday bo‘ldi. O‘zim ham zap ayolman-da, qoq jazirama chillasida birinchi farzandimni tug‘ibman. Bosh qizim, o‘zimga sirdosh qizim deganlariday, ba’zi masalalar yuzasidan u bilan maslahatlashib turaman. Yaqin kunlarda uning tug‘ilgan kuni. Shunday kunlarning birida onlayn do‘konning telegram kanaliga kimdir a’zo qilib qo‘ydi (kimligini bilibmanmi, aloqada yuzlab talaba qizlaru o‘zimning qarindosh-urug‘larim bor, baraka topishsin). Ish-o‘qish pallasida bunaqa kanal-panallarni pisand qilmayman, shartta o‘chirib, SPAMga «tiqaman». Lekin bu safar vaziyat boshqacha, birinchidan, karantin qoidalari yana kuchaydi, ikkinchidan, anomal issiq odamlarni salqin uylari bag‘riga «qamadi». Uchinchidan esa bosh farzandim — qizimning tug‘ilgan kuni. Sovg‘a olish kerak.

Shunday vaziyat yuzaga kelganda ayollar uchun liboslar savdosi bilan shug‘ullanuvchi telegram kanal jonimga oro kirgandek bo‘ldi. Ha, nima, jaziramada yuramanmi do‘konma-do‘kon aylanib (deb o‘yladim o‘zimcha). Besh-oltita model ma’qul kelib, qizimga suratini tashladim: «Oyi, nima qilasiz, onlayn do‘konga ishonch yo‘q, aldashi mumkin», deb javob yozvordi (qizim turmushga chiqqan, ikki mahalla narida yashaydi). Tug‘ilgan kunga hali ancha vaqt bor, surishtirib ko‘rish kerak, dedim yana o‘zimcha.

O‘sha kunlarda sartaroshxonaga bordim, gap-gapga ulanib onlayn do‘konlar mavzusiga buraldi. Biz ayollarni bilasiz, juda qiziquvchanmiz. Darrov ayollarga telegram kanalni ko‘rsatib, shundan u-bu narsa xarid qilmoqchi edim, ishonsa bo‘ladimi, so‘radim ulardan. Baxtimga ayollardan biri kanal egasini yaxshi tanirkan: o‘zim hech narsa olmaganman-u, lekin «adminka»ni taniyman, hijobli ayol, menimcha, ishonsa bo‘ladi, dedi va darrov menga uning telefon raqamini berdi. Ayol menga «adminka»ning erini ham tanishini, u qayerda ishlashini, qaysi mahallada istiqomat qilishini aytib, telefon raqamini berganida erinmay yozib qo‘ydim. Mahallaning nomini ham eslab qoldim. Chunki u mahallada qarindoshim istiqomat qiladi. Ko‘nglim yanayam xotirjam bo‘ldi, to‘g‘ri-da, pulni «ko‘chadan supurib» olayotganim yo‘q, ko‘pchilik qatori peshona terim bilan topaman.

O‘sha kuni kechqurun «adminka»ga qo‘ng‘iroq qildim, u rosa hayron bo‘ldi, raqamimni kimdan oldingiz deb. Gapni qisqaroq qilish uchun sizni taniyman, deb qo‘ya qoldim. Do‘kon qayerda joylashganini so‘raganimda u, biz faqat onlayn savdo qilamiz, deb javob berdi. «Adminka» menga, buyurtmani bir kun avval berasiz, eltuvchi tovarni olib borganidan keyin naqd hisob-kitob qilasiz, dedi. Menga ma’qul bo‘ldi.

O‘zimcha chamalab qizim yoqtirishi mumkin bo‘lgan fasondagi liboslarni tanladim-da, «adminka» «lichka»siga yubordim. Bir kundan keyin buyurtmam yetib kelishini bilgach, xotirjam bo‘ldim. Chunki tug‘ilgan kungacha ulgurdim. Har ehtimolga qarshi qizim uyga keladigan kunni mo‘ljallaganim ham yaxshi bo‘ldi, kiyib ko‘radi (keyin o‘ylasam, bundan nima naf, eltuvchi buyurtmani tashlaydi-yu, ketarkan). Chunki «adminka»ning aytishicha, o‘lchamda yanglishish holatlari bo‘lmagan, libos loyiq keladi. Yana ishonchliroq bo‘lishi uchun ko‘krak aylanasi o‘lchamini yubordim. «Adminka»ga qo‘ng‘iroq qilib, har ehtimolga qarshi buyurtma qilgan liboslardan bir-ikkita olib kelishlarini, kiyib ko‘rib, loyig‘ini olishimizni aytdim. «Adminka»: eltuvchining vaqti ziq, buyurtmalarimiz ko‘p, siz liboslarni kiyib ko‘rguningizcha kutib turolmaydi, men razmer tanlashda adashmayman, xavotir olmang, kiyim lop-loyiq keladi, deb e’tirozim o‘rinsiz ekanligiga ishontirdi. Ko‘nglim joyiga tushganday bo‘ldi.

Bu orada kanalda berib borilayotgan yangidan-yangi liboslar, xabarlar bilan tanishib turishni ham unutmadim. «Qizlarjonlaaaar... yangi modellar keldi», «Falonchi-pismadonchi, forvord xabar tarqatmang!» (bunaqa ogohlantirishni kanal «qorovuli» berib turadi), «Eltuvchi ketdi, telefonlaringiz yoningizda bo‘lsin» kabi xabarlarni o‘qib, voy-bo‘y namuncha buyurtmasi ko‘p ekan bularni, deb o‘yladim. Yana o‘zimcha, omadim bor ekan, buyurtmam bir kundayoq yetib kelarkan, deb xursand bo‘lib qo‘yaman. E’tibor bermabmanki, birorta ham xaridor olgan buyumi uchun tashakkur bildirgan xabar yo‘q.

Aytilgan muddatda qizim mehmonga kelgan kuni eltuvchi ham buyurtmamni olib keldi. Qo‘ng‘iroq qilganida men band edim. Kelishilgan pulni qizimga berib, buyurtmani qabul qilib olish uchun jo‘natdim (o‘zim onlayn vebinarda edim-da, kulgili holat, to‘g‘rimi?). Qizimning aytishicha, «Kobalt» rusumli oq mashinada kelgan soqolli kishi buyurtmani berib, pulni sanab olgach, mashinaga o‘tiribdi-yu, ketibdi. Boshqa buyurtmalarni tarqatib bo‘lganmi yo umuman o‘zi bizdan boshqa buyurtmasi yo‘qmi, qizim mashinada faqat bizga atalgan paketdan boshqa hech narsa yo‘qligiga e’tibor berganini bildirdi. Ha, buyurtmadan tashqari «dostavka» haqini ham o‘zim to‘ladim.

Shunday qilib, uchta libosni birin-ketin ochdik. Birinchisi yaxshi, lop-loyiq, bichimi ham rasmdagidek, rangi ham o‘sha. Ikkinchi libosni ochdim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xavotirim bejiz emas ekan. O‘lchami juda katta, hatto o‘zimga ham katta bir ko‘ylak «mana men» deb turibdi-da. Buning ustiga tugmalari pala-partish yelim bilan yopishtirib tashlangan (!), tikilgan emas. Fasoni ham tushunarsiz bir matoh bo‘lib chiqdi. Xafsalam pir bo‘lib, uchinchi libosni ko‘ra boshladim. Unisining rangi ham, fasoni ham butunlay boshqacha, hatto yirtiq joylari ham bor ekan.

Mana endi, jahlim chiqa boshladi. Darrov «adminka»ga qo‘ng‘iroq qildim. E’tirozlarimni aytdim. U bo‘lsa, siz libosni noto‘g‘ri kiygan bo‘lsangiz kerak, men razmerda adashmaganman, dedi. Bitta libosni olib qolaman, manavi ikkita tushunarsiz matohlarni qaytaraman, eltuvchingiz keladimi, yo o‘zim uyingizga boraymi, dedim (axir mahallasini bilaman-da). «Adminka» yo‘q, biz sotilgan mahsulotni qaytarib olmaymiz desa bo‘ladimi?! Shu yerda aloqa uzildi. Qayta qo‘ng‘iroq qilsam, olmadi.

Kanalga boshqalarni firibgarlikdan ogoh etish uchun, hurmatli «adminka» yuborgan liboslaringizning ikkitasi sifatsiz chiqdi, deb yozdim. Lekin maxsus dasturda kanal a’zolari yozgan xabarlar avval «qorovul» va «adminka»ning ko‘ruvidan o‘tadigan, yozgan odamning o‘zidan boshqa hech kimga ko‘rinmaydigan qilib qo‘yilgan ekan. «Adminka» o‘sha zahotiyoq «lichka»mga yoza boshladi. Qarasam, kanalda meni «udalit» qilibdi. Shaxsiy yozishmalarda tortishuvimiz davom etdi. Men unga sifatsiz mahsulotni sotib olish niyatim yo‘qligini bildirish bilan ovvoraman, u esa menga qayoqdagi qoidalarini «tushuntirish» bilan ovvora. Nimamish, onlayn do‘kondan xarid qilishni bilmasmishman, qo‘limdan kelmasa, kanalga kirmasligim kerakmish.

Iye, bu qanaqasi bo‘ldi?! Demak, ko‘pchilikni shu taqlid «kuydirib» yurganlardan ekan-da, bu «adminka». Kanal profiliga qoidalarni yozib qo‘yishibdi ularning orasida «sotilgan mahsulot qaytarib olinmaydi» degan shart ham bor ekan, afsuski, keyin ko‘zim tushdi bu yozuvlarga. Ha, «adminka» NIKingizni «obmanka» deb qo‘yishni unutmang, devorgim keldi alamdan. Yozishmalarini o‘qib «adminka»ni bunaqa janjallardan ko‘p marotaba silliqqina chiqib ketgan juvonga o‘xshatdim. Har ehtimolga qarshi yozishmalarimizni skrinshot qildim. Xullas, biz kelisholmadik!

Qaydasan, «adminka»
Ayni damda meni tashvishga solayotgan narsa jamiyat turmushiga kirib kelayotgan yangi format — onlayn hayot tarzi. Virtual firibgarlarning ko‘payib borishi halol mehnat qilib daromad ko‘rayotgan odamlar mulkiga, mablag‘iga raxna soladi. Bu kabi firiblar qanchadan-qancha odamni chuv tushirishi tashvishli. Bundan ham yomon tarafi shundaki, yaqin kelajakda onlayn hayot tarzi – ta’lim olishdan tortib ish faoliyatimizgacha, maishiy to‘lovlaru bank xizmatlari virtual faoliyat yuritishi zarurat bo‘lib qolmoqda. Chunki vaziyat shuni taqozo etyapti. Haqiqiy turmushimizda jamoatchilik nazoratini kuchaytirganimiz kabi virtual hayotda ham nazoratni susaytirmasligimiz zarur. Arzimagan 200 ming so‘m uchun boshimni og‘ritamanmi, deb qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urishim mumkin edi. Ozgina maoshidan orttirib, misqollab yiqqan puliga chuv tushgan o‘zim kabi sodda ayollarni tasavvur qildim. Yo‘q, buni shundayligicha qoldirib bo‘lmaydi!

Ertasiga kechgacha eltuvchini kutdim. Kelmadi (xaliyam odamlarga ishonchim bor-da). «Adminka»ga yozdim: va’da bergandingiz, eltuvchingiz kelmadi, ertaga uyingizga boraman (qo‘ng‘iroq qilsam ko‘tarmadi). Hech qanday javob bo‘lmadi. Menimcha, u topsa topdi, topolmasa, o‘zidan ko‘rsin, dedimi. Mahalla qo‘mitasiga bordim. Yoshgina, chiroylikkina qizcha mahalla raisining obodonlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari ekan. Unga bo‘lgan voqeani aytdim. Baxtimga idora xodimasi «adminka»ni tanir ekan. Boz ustiga, uning ham telegramida o‘sha onlayn do‘kon bor ekan.

Yaqinda bola puli so‘rab mahallaga ariza bilan chiqqan edi, deb qoldi. Bahonada «adminka»ning haqiqiy ism-familiyasini bilib oldim. Uy manzilini yozib berdi. Mahalla idorasidan unchalik uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan uyga bordim. Aytilgan manzil bo‘yicha eshikni taqillatdim. Hech kim javob bermadi. Biroz turgach, qo‘shni eshikni taqillatdim. Bir ayol eshikni ochdi, undan shu yerda N... yashashligini, manzilini mahalla idorasidan olganimni aytdim.

Ayol hayron bo‘lib, bu manzilda N... ismli ayol turmaydi, dedi. Men erinmasdan yana mahalla idorasiga bordim. Mahalla idorasiga o‘zi yashamaydigan manzildan arizalar tez-tez tushib turadimi deyman, xodima hatto hayron ham bo‘lmadi, faqat tushunarli deganday bo‘lib, menga qanday yordam berishini o‘ylab bosh qotirayotgan bir paytda, N...ning turmush o‘rtog‘ini telefon raqami menda borligi yodimga tushdi.

Shu joyda men ham «taktika» qo‘lladim — turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qildirdim. Mashinada meni sabrsizlik bilan kutib o‘tirgan turmush o‘rtog‘imning jahli yetarlicha chiqib bo‘lgan va bu guldiragan ovozidan ma’lum edi. Vajohat ham «zap» o‘rniga tushdi-da. Ikki erkak darrov gapni tugatishdi. Boshqa manzilda turar ekan. Qaydasan «o‘sha manzil» deb yo‘lga tushdik. Mahalla idorasining xodimasi o‘zi uchun ham hujjatga o‘sha manzilni belgilab qo‘ydi.

Ko‘p qavatli uylarning biri oldida mashinani to‘xtatib, turmush o‘rtog‘imning g‘azabli qarashlaridan o‘zimni pana qilib turgan payt yo‘laklarning birida qorachadan kelgan, pakana bo‘yli, soch-soqoli o‘sib ketgan 35 yoshlardagi bir yigit ko‘rindi. Mashinadan tushib, unga peshvoz bordik. Erimning vajohatini ko‘rib, yigitning pakana bo‘yi yanayam pastlashganday bo‘lib ketdi ko‘zimga. Qo‘limdagi paketni olib, menga pulni uzatdi. Yigit to‘ng‘illab: «Shu paytgacha hech kimdan bunaqa e’tiroz eshitmagandik, o‘zingiz ko‘ylakni noto‘g‘ri kiygandirsiz-da», desa bo‘ladimi?!

Men ham bo‘sh kelmadim: «Kecha tug‘ilmaganman, ko‘ylakni qanday kiyishni yaxshi bilaman, mana — paketdan liboslarning birini olib, ochdim, bo‘yimga bo‘ylab, — razmerini qarang, hatto mengayam katta, ana qo‘shni ayollar o‘tirishibdi, chaqiraymi, shuni razmeri 44 emasligiga dalil kerak bo‘lsa», dedim. «Buning ustiga, qarang sifatsizligini, ikkinchisiniyam ochib ko‘rsataymi, yirtiq joylarini ko‘rib ishonasizmi?» dedim kuymanib. Yigit bir menga, bir vajohat bilan turgan turmush o‘rtog‘imga zimdan nazar tashlab oldi-da, shoshilgancha chekindi va uzr o‘rniga: «Kelinoyi, bundan keyin onlayn do‘kondan narsa olmang-da», dedi. Bu nima degani, biz baribir odamlarni aldayveramiz, deganimi?!

Xulosa shuki, ota-bobomizdan qolgan naql bor «Otang bozor, onang bozor» o‘zimizning real «Chorsu» va «Ippodrom»dan qo‘ymasin, azizlar. Tanlab-tanlab, kiyib ko‘rib, savdolashib olganga nima yetsin-a? Xarid zarurmi, qo‘lingizga sumkachangizni olib, yuz niqobingizni taqib, antiseptiklardan sepib oling-da, qaydasan bozor deya yo‘lga otlaning. Iloji bo‘lmasa-yu, onlayn do‘kondan boshqa chora qolmasa, maslahatim — «adminka»ni telefon raqami, uy manzili, do‘koni qayerdaligini bilib (agar do‘koni bo‘lmasa, bu firibgar), iloji bo‘lsa pasport ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, keyin savdoni «pishiring».

Muhayyo Saidova, jurnalist
Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Otang bozor — onang bozor» yoxud onlayn sotuvchiga qanday qilib aldanib qolish mumkinligi haqida