20:00 / 30.08.2021
2 904

Tadbirkor Zafar Hoshimov Shavkat Mirziyoyevga: «Sizni tadbirkorlar prezidenti, deyman»

Tadbirkor Zafar Hoshimov Shavkat Mirziyoyevga: «Sizni tadbirkorlar prezidenti, deyman»
Ko‘ksaroyda 30 avgust, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan bir guruh turli soha vakillarini taqdirlash marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimovga «Do‘stlik» ordenini topshirdi. Taniqli ishbilarmon o‘z navbatida davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi, deya xabar bermoqda «Daryo» nashri.

«Ushbu mukofotni men 5 ming nafar xodimdan iborat jamoamiz nomidan qabul qilyapman. Hozir axborot chaqmoqdan tez tarqaladi, mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni o‘qigach, xursand bo‘lib uydagilarga xabar beraman, deb borsam, uyda bayram allaqachon boshlangan ekan. Oila a’zolarimning hammalari xursand. Ota-onam «Mana, bizning uyga ham orden keldi», deb quvonishdi. Shunda men ushbu mukofotga ular munosibroq ekanliklarini aytdim. Otam qo‘llarini duoga ochib, «Bunga yana bir odam sababchi», deb sizni juda ko‘p duo qildilar. Ularning minnatdorliklarini sizga yetkazib qo‘ymoqchiman.

Men bugun bu yerda tadbirkorlar vakili sifatida turibman. So‘nggi 5 yilda tadbirkorlar sinfi jadal kengayib bormoqda. Ularning vakili sifatida bu yerda turish men uchun juda katta g‘urur», — dedi Hoshimov.

U Prezidentning tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqoti haqida ham gapirdi.

«Mana, sizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotingizda men uchun kutilmagan bir holat bo‘ldi. Chunki biz, tadbirkorlar, takliflarimizni yozib kelib, ularni bildirsak, keyin siz o‘ylab ko‘rishingiz, bu bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriq bersangiz kerak, deb o‘ylagan edim. Shu sababli 18 ta punktdan iborat takliflarimni yozib kelgandim. Ma’ruzangizni boshlaganingizda birin-ketin 7 ta yo‘nalishda yangiliklarni aytib o‘tdingiz, takliflarimni o‘chirib o‘tirdim. Qarasam, hech bir taklifim qolmabdi. Tadbirkorlarning dardi, ishtiyoqlarini shu darajada bilishingiz sabab men sizni tadbirkorlar prezidenti, deyman.

O‘zingiz ham ta’kidladingiz 1,5 million tadbirkor 5 million ish o‘rni yaratibdi deb. O‘sha 5 million insonning ham oilasi bor. Tadbirkorga bunday g‘amxo‘rlik aslida xalq haqida g‘amxo‘rlik. Bu ikki tomonlama manfaatli bo‘lishi lozim. Ya’ni siz biz tadbirkorlarni og‘ir dovonlardan o‘tkazib berdingiz: yo‘llarimiz ravon, ravshan, qo‘limiz uzun. Mana endi biz ham bunga javoban shu rivojlanish yo‘lida jadal, halol ishlab, sidqidildan xizmat qilamiz, deb so‘z beramiz.

Shuningdek, yana bir e’tirofim bor edi. Marhum san’atkorlar, adabiyot vakillarimizni mukofotlash haqida farmoningiz ham chiqdi. Mening ota-onam ularning muxlislari bo‘lishgan. Faxriddin Umarov, Kamoliddin Rahimov, Obid Asomov, Botir Zokirov kabi el ardog‘idagi san’atkorlarimizga mukofot tayinlaganingiz uchun rahmat aytishdi», — dedi tadbirkor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tadbirkor Zafar Hoshimov Shavkat Mirziyoyevga: «Sizni tadbirkorlar prezidenti, deyman»