Serqirra iste’dod egasi bo‘lish va keng qamrovli faoliyat boshqaruv mexanizmida, rahbarlik faoliyatida qo‘l keladigina emas, balki bu xos-u mos harakat hamdir. Bu voqelikni his etish jarayonlarni tez ilg‘ash, muammolarga yechim topishdagi olimona sinchkovlik va donishmandona tafakkurni talab etadi. Uning bu faoliyati millatparvarlikka daxldor bo‘lsa, chin vatanparvarning vataniy ishi va ishqi ham ana shundandir. Shuning uchun ham keng jamoatchilik, o‘zining sardorini kuch-qudrat va imkoniyatlarni bilib uni sharaflaydi, uni taraflaydi. Bu esa xalqning istiqboldagi maqsadlarini amalga oshirishda, erkin va farovon yashashida muhim rol o‘ynaydi.
Mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – Saylov kampaniyasi ketayotgan ayni damlarda MSK eksperti va trenerlar guruhi a’zosi sifatida o‘z maqsadi va dasturlari bilan ibratga loyiq nomzodlar yurtimiz istiqboli, davlatimiz ravnaqi uchun fidoyi ekanligini qayd etgim keladi. Shuningdek, xalqimiz ham Prezident saylovi kelajak tanlovi ekaniga befarq emas, ancha faol.
Kecha, bugun va erta tushunchasi fonida ayrim ishlarga xolisona va oqilona nazar tashlash foydadan xoli emas.
Vatanparvar rahbar o‘z xalqining, milliy an’ana va urf-odatlarini e’zozlaydi va ularga ayricha mehr bilan qaraydi. Xalq tiliga, millat tiliga e’tibor masalasi, uning vataniy ishi va burchi bo‘ladi. Tilni millatning boyligi, borligi va borlig‘ining belgisi sifatida anglaydi va shu bo‘yicha keng qamrovli faoliyat olib boradi. Davlatimiz rasman mustaqil deb e’lon qilinishidan oldin tashlangan birinchi qutlug‘ qadam va sa’yi harakat, bu «Davlat tili haqida»gi qonunning qabul qilinishi bo‘lgani rost.
To‘g‘ri, qonunning qabul qilinishi quvonchli hodisa bo‘ldi. Lekin shu 30 yilga yaqin muddat mobaynida bir ikkita hujjatni hisobga olmaganda, til uchun astoydil ish qilinmadi, ta’bir joiz bo‘lsa, panja ortidan qarab kelindi. Til mavsumiy masalaga aylanib qoldi. Har yili 21 oktabr atrofida «Ona tilim – jonu dilim» mavzuida tadbirlar o‘tkaziladi va asta so‘nib qolaverardi.
Yaqin besh yil ichida bu masalaga e’tiborning qaratilishi 24 ta hujjatning qabul qilingani e’tiborga molik. Ana shu jarayondagi harakatlar ham millatparvarlikning belgisi ekani haq.
Davlat tiliga mos-u xos alifboning joriy etilishi ham muhim qadamdir. Dunyo xalqlarining ko‘pchiligi qabul qilgan lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tish ham kundalik masalaga aylandi. Mustaqillik qo‘lga kiritilgandan so‘ng sobiq ittifoqdan ajralib chiqib mustaqil republika sifatida faoliyat yuritishning boshlang‘ich talablaridan biri bu rasmiy yozuvni qabul qilish bo‘lgani hammaga ayon. O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuni, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi Qonun qabul qilindi.
O‘shandan keyin lotin-o‘zbek yozuvini o‘rganishga astoydil kirishildi. Bu borada peshqadam bo‘lganlar ham bo‘ldi, befarq bo‘lganlar ham yo‘q emas edi. Yangi alifboni o‘rganish va o‘rgatish masalalari keng yo‘lga qo‘yildi. Qonunning mohiyati uning ijrosida, u shunisi bilan kuchli.
Tan olish kerakki, bu borada poytaxtdagi tumanlar ichida o‘sha paytlari Mirzo Ulug‘bek tumani yetakchilik qildi. Kamina o‘sha kezlari jamoatchilik asosida Ma’naviyat va ma’rifat markazining mas’ullaridan biri edi. O‘zining g‘ayrat-shijoati, uddaburonligi, vaziyatga mos-xos yechim topa olish salohiyati bilan ajralib turgan hokim hozirda amaldagi prezidentimiz Mirziyoyev Shavkat Miromonovich edi.
Davlatning rasmiy yozuvi sifatida uning qo‘llanilishi keng joriy etish masalasida savodxonlik markazini ochish ko‘ndalang turardi. Buning uchun har bir tuman, har bir viloyatda shu ishga mas’ullar biriktirilgan bo‘lsa ham, uni to‘la-to‘kis amalga oshirilishi ko‘ngildagidek emasdi. Madaniyat va ma’rifat markazi tashkil etilgan bo‘lsa-da, u yerda hali shtat kesimida xodimlar biriktirilmagan va jamoatchilik asosida ishlanardi, ya’ni haq to‘lanmas edi.
Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qilib, shu tumandagi hozirgi INHA universiteti o‘rnidagi O‘zFA Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot institutida ishlardim. Natijada Mirzo Ulug‘bek tumani hududida bor bo‘lgan va yangi ochilayotgan tashkilot, muassasalar hamda mavjud bo‘lgan idoralar, zavod-korxonalarning nomlarini lotin alifbosiga imloviy xatolarsiz to‘g‘ri o‘girish masalasi ko‘ndalang turardi. Ana shundan keyingina tashkilot yoki idoraning muhri va tamg‘asini yasashga tuman IIBdan ruxsatnoma olinardi.
Shavkat Mirziyoyev birinchilardan bo‘lib, hokimiyat qoshida savodxonlik markazini tashkil etdi. Turli shiorlar, idora peshtoqlaridagi yozuvlar va muhr hamda tamg‘alarni lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘girish vazifasi kaminaga yuklangandi. Mirzo Ulug‘bek tumani joylashgan binoning birinchi qavatidagi 6-kabinetda o‘tirib bu vazifani amalga oshirishga kirishdik. Odatda, tushdan keyin shu vazifani bajarishni o‘z zimmamga olgandim.
Shunisi e’tiborliki, hali bironta tuman hokimi Toshkent shahrida bunday usulda ish yuritish bo‘yicha ko‘rsatma bermagandi. Bu millatparvarlik milliy til va yozuvga bo‘lgan mehr bilan bog‘lanishning alomati edi. Tasavvur qiling, bitta TTZning o‘zida (sexlarini hisobga olmaganda) qancha muhr, tamg‘alarni yangi alifboga o‘zgartirish kerak edi. Shavkat Mirziyoyevning qat’iy talabchanligi, ijro mas’uliyatini his etishlari, o‘zgalardan ham shuni talab etishlari kishining e’tibori va hurmatini tortmasdan qolmasdi.
Ular nomiga dastxat bilan yozganim 1300 yillik tariximizning kaliti hisoblangan «Eski o‘zbek yozuvi» kitobimni taqdim etish uchun qabulxonaga borganimda, ularning Jizzax viloyatiga hokim bo‘lib ketganlaridan voqif bo‘ldim. Keyinchalik imlo masalasi nazoratsiz, o‘lda-jo‘lda va o‘zga qo‘lda qolib ketdi, hisobi. O‘z ishiga prinsipial yondashadigan, vaziyatni to‘g‘ri baholab odil hukm chiqaza oladigan inson strateg sifatida buyuk ishlarga qobil bo‘ladi.
Millatparvarlik haqida so‘z ketsa u kishining qilayotgan bugungi ishlarida ham ijobiy fazilatlarni, bunyodkorlik o‘zgarishlarini ko‘rmaslik insofdan emas. Sobiq va marhum rektorimiz O‘ktam Umurzoqov o‘zaro suhbatlaridan birida Shavkat Miromonovichga alohida ehtirom va mehr bog‘lab aytgan ushbu o‘gitlari hamon yodimda. «Institutda ishlab yurgan kezlari bir hukumat tadbiriga boradigan bo‘ldik. Rulda Shavkat Miromonovichning o‘zlari, o‘ng tomonidagi o‘rindiqda men o‘tirardim, — deydi O‘ktam aka. – Mikrokassetani magnitofonga tiqdi. Mumtoz ashulalar tarala boshladi. Diqqat bilan ovoz chiqarmasdan maqom qo‘shig‘i ohangiga berilib maroq bilan tinglab borardi. Shunda «bunday og‘ir qo‘shiqlarni ham tinglaysiz-a», deya o‘smoqchilab so‘radim. Berilgan javob qulog‘im ostida ancha yillar jaranglab turdi. «Maqomni suymagan odam xalqni ham suymaydi, millatni ham, vatanparvar ham bo‘lmaydi», – deb aytgandi. O‘shandayoq, Shavkat Miromonovichga ich-ichimdan tahsin aytib qoyil qolganman».
O‘ktam Pardayevichning mulohazalarini tinglarkanman, davlatimiz rahbarining «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bejiz emas ekan-da, degan fikr xayolimdan kechdi.
Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’ati o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda alohida muhim o‘rin egallashini his etgan prezident keyinchalik, 2019 yilning 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga start bergani ham bejiz emasligini idrok etish qiyin emas.
Poytaxtimiz markazi ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan ma’rifat maskani «Adiblar xiyoboni»ning ochilishidan tortib Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov singari jadid ma’rifatparvarlarining ruhini shod etish asnosida «Buyuk xizmatlari uchun» ordenining berilishi yuksak did, ehtirom va ma’naviyatning nishoni, millat tiliga, adabiyot va san’atga bo‘lgan mehr ifodasi emasmi? Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Atamalar komissiyasini tashkil etish borasidagi tashabbus va tashkilotchilikchi?
Faoliyatning ikki qanoti bo‘ladi. Bular tashabbuskorlik va tashkilotchilikdir. O‘z hayotida ana shu ikki qanotni uyg‘un qila olgan rahbarning, strategning parvozi yuksak bo‘ladi. Ichki va tashqi turizmni rivojlantirish borasidagi g‘oyalari, islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etilishi yuzasidan so‘zlagan nutqlaridagi kelayotgan mo‘min va sayyohlarni bizni tariximizni bilishi va chet ellarda aytib yurishi uchun, chinakam tariximizni manbai xattotlik san’ati, jumladan arab yozuviga asoslangan imlomizni, naqsh-u kitobat san’atini chuqurroq o‘rganish bilan bog‘liq g‘oyalari katta ahamiyat kasb etgani rost.
Ajdodlarimiz 1300 yildan ziyod muddat mobaynida istifoda etib kelgan naqshinkor, tafakkur yozuvi arab alifbosini o‘rganish tarixiy manbalarni, qo‘lyozma kitoblarni o‘rganishning ilk kaliti ekani rost. Ma’lumingizkim, Davlat tili haqidagi qonunning 16-moddasida arab alifbosi asosidagi eski o‘zbek yozuvinin o‘qitish kurslari ochish va ta’lim tizimiga buni joriy etish bilan bog‘liq jarayonga ham o‘zlari yana bosh-qosh bo‘layotgani quvonarlidir. Kaminaning 30 yil oldin O‘zbekiston televideniyesi orqali «Alifbo saboqlari» ko‘rsatuvini olib borgani va «Eski o‘zbek yozuvi» nomli ommabop o‘quv qo‘llanmasini tayyorlaganining samarasi va natijasini endi ko‘rayotgani mubolag‘a emas.
Mamlakatimiz istiqbolini o‘ylab, yoshlarning har tomonlama va chuqur bilim olishlarini istab ixtisoslashgan ijod maktablarini tashkil etishdagi strategik maqsadlari tahsinga sazovor. Mana, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi ijod maktablariga manbashunoslik va matnshunoslik ilmining rivojini ta’minlash maqsadida ilm-fan va madaniyatimiz tarixining kaliti, moziy muhri bo‘lgan eski o‘zbek yozuvini o‘rgatishning yo‘lga qo‘yilishi e’tiborga molik ulug‘ ishdir. Ayni kunlarda Agentlik ijod maktablarining 7-sinfi uchun «Matnshunoslik alifbosi» darsligimning chop etilib o‘qitilayotgani g‘ayratimga g‘ayrat qo‘shibgina qolmay, yangicha yondashuv, pedagogik mahorat va zamonaviy texnologiyalarning yangi qirralarini ochishga imkon tug‘dirayapti.
Amaldagi prezidentimiz g‘oyalarida aks etganidek, o‘z tarixini bilmagan kelajakni ham ko‘ra olmaydi, bugunning qadriga ham yeta olmaydi, xuddi shu ma’noda o‘tmish biz uchun saboq va ibrat, ayni paytda to‘g‘ri xulosalar chiqarib to‘g‘ri yo‘l belgilashimizda ma’naviy mayoqdir. Uchinchi renessansning tamal toshini qo‘yadigan kelajak bunyodkori bo‘lgan yoshlarga beriladigan chuqur bilim nihoyatda zarur. Birinchi va ikkinchi renessans davrida faol istifoda etilgan arab yozuvini o‘rganish o‘z tadqiqotchilarini kutib yotgan 100 mingdan ziyod qo‘lyozma manbalarni o‘rganish, tadqiq etishga borib bog‘lanadigan o‘zak masaladir. Chunki bu eski manbalar matnshunosning nazarida o‘tsa o‘zining haqiqiy bahosini topadi, bu esa arab alifbosiga asoslangan yozuvni puxta va chuqur o‘rganish bilan bog‘liq.
Bugungi kunda ta’limning sifati va samarasi borasida qabul qilingan farmon va qarorlar yurt istiqboli, xalq iqboli uchundir. Amaldagi prezidentning ta’limning mohiyati uning ta’sirchanligida ekanini alohida e’tirof etib bu ishga barcha kuchlarni safarbar etayotganlari ham ma’lum. Ayniqsa, o‘qituvchi va murabbiylarga e’tibor-u ehtiromlari ustama haqlar to‘lash, ularni juda ko‘plab band qiluvchi xo‘jalik ishlaridan ozod qilish, ortiqcha yuklama va qog‘ozbozliklarni yo‘qotish borasidagi xizmatlari alohida tahsinga sazovor. Ta’limning, mafkuraning ta’sirchanlik darajasi sust bo‘lsa, uni omma ongiga singdirish mushkul.
Inson o‘zgarmasa, jamiyat o‘zgarmaydi, – deydi amaldagi prezident. Demak, omma ong-u tafakkurini o‘zgartirish uchun ilm-u ta’limning ta’sirchan kuchi zarur. Shuning uchun ham ma’naviyatga «eng ta’sirchan va qudratli qurol» deya ta’rif berganlar. Ta’sirchanlik ta’minlansagina u qudratli qurolga aylanadi. «Adiblar xiyoboni»ning ochilishida ham Prezident shu so‘zga urg‘u bergandi. «Insonlarni ezgu maqsadlar sari ilhomlantirishda adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish kerak.» Ta’sirchan mexanizmning roli ta’lim-tarbiyada juda muhim. Agar dorining ham ta’sirchan kuchi bo‘lmasa, bemor shifo topmaydi. Tanani oddiy ximikat bilan to‘ldiradi, xolos. Ta’limning sifati va samarasi pedagogik mahorat bilan, o‘qituvchining o‘z kasbini sevishi, shaydoyiligi va fidoyiligi bilan bog‘liq ekani ayon.
Abdulla Oripov ijodiga yuksak mehr bilan qaragan davlat rahbari ulug‘ adib asarlarini ommalashtirish va targ‘ib qilishni aynan o‘zlari tahsil olgan va muayyan muddat ishlagan ta’lim muassasasiga biriktirganlari bejiz emas. Chunki shoir ijodiyotini chinakam qadriga yetadigan, uni tahlil va tadqiq qila oladigan, targ‘ib-u tashviq qila oladigan intellektual kuch va salohiyat borligini bilganlari ham aniq. Ta’lim muassasamizda o‘tkazilgan shoir nomi bilan bog‘langan ilmiy anjuman va uchrashuvlar, xalq shoiri nomidagi ko‘krak nishoni, Yoshlar bog‘i, adib nomi bilan bog‘langan muzeyning ochilishi kabi harakatlar ular o‘ylagan ishlarning hosilasi, bildirgan ishonchlarining samarasidir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Yuqoridagi muammolar o‘z yechimi bilan ifoda etilgan, yaqindagina chop etilgan «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» deb nomlangan kitobni varaqlagan kishi jamiyatning og‘riqli nuqtalarini, murakkab muammolarni yechishdagi teran tafakkurli donishmandni, sinchkov olimni, siyosiy strategni ko‘radi.
Aql-idrokli, hayotni ezgulik sari talpintiradigan, ta’limning mohiyatini chuqur idrok etgan, Uchinchi renessans yoshlarning kuchi va tamal toshi bilan bog‘liq ekanini bilgan har bir inson kimga ovoz berishni yaxshi biladi.
Rahimboy Jumaniyozov,
filologiya fanlari nomzodi,
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash
muhandislari instituti dotsenti
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
filologiya fanlari nomzodi,
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash
muhandislari instituti dotsenti
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi