14:12 / 29.10.2021
1 939

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi mamlakatning iqtisodiy konstitutsiyasidir

O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi mamlakatning iqtisodiy konstitutsiyasidir
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhi a’zosi A’zam Madaminov kodeks loyihasining o‘ziga xos jihatlari, fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.

- Fuqarolik kodeksini yangilash zarurati nimadan iborat edi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 apreldagi F–5464-son farmoyishi bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasi asosida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksini qabul qilinishi belgilangan.

Ma’lumki, xalqaro huquqiy hamjamiyat tomonidan fuqarolik kodeksiga eng muhim kodeks va “mamlakatning iqtisodiy konstitutsiyasi” sifatida qaraladi, uning mukammalligi xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omil hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi 1996 yilda qabul qilingan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida katta o‘zgarishlarni fuqarolik-huquqiy tartibga solishda muhim rol o‘ynadi va bozor iqtisodiyotini rivojlanishiga huquqiy zamin yaratishga imkon berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining F–5464-son farmoyishida amaldagi Fuqarolik kodeksining mamlakatda tez rivojlanayotgan iqtisodiy munosabatlar talablariga va fuqarolik huquqi sohasidagi xalqaro standartlarga yetarli darajada javob bera olmasligi ta’kidlangan va quyidagi masalalar alohida ko‘rsatilgan:

birinchidan, Fuqarolik kodeksida eskirgan huquqiy institutlar, shuningdek bozor iqtisodiyotiga asoslangan rivojlangan davlatlar huquqiy tizimida mavjud bo‘lmagan yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakli saqlanib qolgan;

ikkinchidan, «tijorat tavakkalchiligi», «xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tengligi», «adolatli kompensatsiya», «shartnomaviy majburiyatlarni bajarishdan bosh tortish» kabi an’anaviy fuqarolik-huquqiy institutlar mavjud emas;

uchinchidan, zamonaviy bozor sharoitlarida talab etiladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar va munosabatlarning alohida shakllari, shu jumladan, davlat-xususiy sherikligi, dilerlik shartnomasi, ulushli quruvchilik, klaster ishlab chiqarish, elektron tijorat, kripto-valyuta aylanmasi, yer uchastkasini xususiylashtirish va boshqalarni tartibga solish nazarda tutilmagan;

to‘rtinchidan, Fuqarolik kodeksida ko‘p miqdordagi havolaki normalarning (80 ga yaqin) mavjudligi kodeksning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjatga aylanishiga to‘sqinlik qilmoqda va uning fuqarolik- huquqiy munosabatlarni tartibga solish borasidagi maqomini pasaytirmoqda;

beshinchidan, bir-biriga o‘xshash va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllardagi qoidalar aralashmasidan tashkil topgan yuridik shaxslar tashkiliy-huquqiy shakllarining ko‘pligi (masalan, qonunchilikda xususiy korxona va unitar korxona tarkibiga boshqa ishtirokchilarning kirishi nazarda tutilmaganligi, ularning investitsiya jalb qila olmasliklariga sabab bo‘ladi);

oltinchidan Fuqarolik kodeksida fuqarolik-huquqiy munosa-batlarda axborot-kommunikatsion texnologiyalardan foydalanish masalalarini tartibga soluvchi qoidalar deyarli mavjud emas.

Ko‘rinib turibdiki, bugungi kunda real bozor iqtisodiyoti va ilg‘or xalqaro standartlar talablariga javob beradigan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan zamonaviy fuqarolik kodeksi ishlab chiqish zarurati mavjud.

- Loyihani ishlab chiqish qanday tashkil qilindi?
Fuqarolik qonunchiligini bozor iqtisodiyoti tamoyillari va xalqaro standartlarga muvofiq modernizatsiya qilish, bozor iqtisodiyotini yanada rivojlantirisha uchun zamonaviy fuqarolik-huquqiy asos yaratish maqsadida Prezidentning F–5464-son Farmoyishiga muvofiq fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiya tuzildi. Adliya vaziri rahbarligidagi Idoralararo komissiya tarkibiga davlat idoralari vakillari bilan bir qatorda yuridik fanlar doktori, professor M.X.Raxmonqulov, yuridik fanlar doktori, professor O.Oqyulov, yuridik fanlar nomzodi X.I.Isoqov kabi mamlakatimizning taniqli olimlari ham kiritildi. Ushbu Idoralararo komissiya tomonidan:
- fuqarolik kodeksini yangi tahririni tayyorlashda ish hajmi katta bo‘lishini inobatga olib, eng avvalo, fuqarolik qonunchiligini sohalarga bo‘lgan holda 8 ta yo‘nalishda ishchi guruhlar tashkil etildi;
- ishchi guruhlarning namunaviy rejalari hamda fuqarolik huquqi sohasidagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish rejasi tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasini tayyorlash ishlari asosan Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan olib borildi.

Ishchi guruhlar tarkibida izlanish va o‘rganishlar o‘tkazish uchun 50 nafardan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy xodimlari
va OTMlar professor-o‘qituvchilari, xususan yuridik fanlar doktori, professor O.Oqyulov, yuridik fanlar doktori, professor D.Karaxodjayeva, yuridik fanlar doktori, professor N.Imomov, yuridik fanlar doktori, professor I.Nasriyev, yuridik fanlar doktori, professor I.Rustambekov kabi fuqarolik huquqi bo‘yicha taniqli olimlar, tajribali sudyalar va advokatlar, davlat idoralari hamda NNTlar vakillari jalb qilindi.

Ishchi guruhlar a’zolari muntazam ravishda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot institutida yig‘ilib va masofadan turib ish olib bormoqdalar.

- Loyihani ishlab chiqishda xorijiy davlatlarning qonunchilik tajribasidan unumli foydalanildimi?
Loyihani ishlab chiqishda rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganish maqsadida AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati (GIZ) ko‘magi bilan Germaniya, Fransiya, Polsha, Rossiya, Pokiston davlatlaridan 20 nafardan ortiq ekspert maslahatchilar xizmatidan foydalanildi.

Toshkent shahrida ishchi guruhlar a’zolari hamda Germaniyaning Bremen universiteti professori Rolf Kniper, Germaniyaning Bremen yeri tuman sudining sobiq sudyasi, fuqarolik huquqi sohasidagi xalqaro ekspert Xaynrix Shnitger, Polsha fuqarolik huquqi bo‘yicha ekspert, dotsent Andrjey Filipovich, shuningdek fuqarolik huquqi bo‘yicha taniqli olimlar yuridik fanlar doktori, professor O.Oqyulov, yuridik fanlar doktori, professor D.Karaxodjayeva, yuridik fanlar doktori, professor N.Imomov, yuridik fanlar doktori, professor I.Nasriyevlar ishtirokida xalqaro davra suhbatlari o‘tkazildi.

Bundan tashqari, 12 nafar milliy ekspertlar bevosita Fransiya, Polsha, Rossiya davlatlariga borib o‘rganishlar o‘tkazdilar.
Ushbu safarlar davomida Parij shahrida Fransiya Adliya vazirligining fuqarolik ishlari bo‘yicha boshqarmasi, Parij Panteon Assas universiteti qoshidagi Qiyosiy huquq instituti, Kontinental huquqni o‘rganish markazi, Kassatsiya sudi, Sud’yalar va prokurorlar tayyorlash milliy maktabi mutaxassislari, Varshava shahrida Polsha Adliya vazirligining fuqarolik qonunchiligi bo‘limi, Polsha Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy ilmiy tadqiqotlar markazi, Polsha Fanlar Akademiyasining Huquqiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari ishtirokida bir nechta davra suhbatlari tashkillashtirilib, amaldagi fuqarolik qonunchiligi muammolari, istiqbollari va yangi zamonaviy g‘oyalar atroflicha muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasiga kiritilgan yangiliklarning o‘ziga hos jihatlari nimalardan iborat?
Loyiha tadbirkorlik, shu jumladan xorijiy investorlar faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator yangiliklarni o‘z ichiga olgan.

Xususan, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda mulkiy munosabatlar barqarorligini ta’minlash maqsadida xorijiy kompaniyalarga O‘zbekistonda o‘z filialini ro‘yxatdan o‘tkazib, hech qanday to‘siqlarsiz tadbirkorlik (xo‘jalik) faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini berish, mulk xususiy yoki davlatga tegishli bo‘lishidan qatiy nazar bir xil huquqiy himoya belgilash, Davlat reyestriga kiritilgan ma’lumotga ishonib mulkni sotib olgan mulkdordan, ilgarigi sotuvchi tomonidan qandaydir huquqbuzilishga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsada mulkni qaytarib olinmasligi hamda mulk huquqining himoyasini ta’minlashga qaratilgan boshqa yangi qoidalarni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Yana bir yangilik bu fuqarolik qonun hujjatlarini virtual makon (internet)da vujudga keladigan munosabatlarga ham tatbiq etish, elektron yoki boshqa texnik vositalar yordamida tuzilgan bitimlarni yozma shaklga tenglashtirish, elektron aloqa vositalaridan foydalangan holda tovarlarni sotishning, raqamli pul (kriptovalyuta) muomalasining asosiy qoidalari belgilanayotganidir. Bu yangiliklar tadbirkorlar uchun fuqarolik-huquqiy munosabatlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan to‘liq foydalangan holda vaqtni tejash va bir qator xarajatlar, jumladan hujjatlar aylanmasi, mehnat resurslari, logistika, savdo va saqlash joylari ijarasi bilan bog‘liq harajatlarni kamaytirishga imkon beradi, elektron tijoratning yanada rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi loyihasiga quyidagi mazmunda bir qator yangi qoidalar kiritilmoqda:
1) yerga oid munosabatlarni rivojlantirish maqsadida yer uchastkasini faqat oldi-sotdi qilish orqali emas, balki qurilish qilish huquqi, uzufrukt (shaxsiy foydalanish va egalik qilish huquqi) kabi ashyoviy huquqlarning yangi turlari orqali iqtisodiy munosabatlarga kiritish qoidalarini joriy etish;

2) tadbirkorlik faoliyati uchun qulayliklar yaratish va ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish maqsadida:
- yuridik shaxslarni ommaviy huquq va xususiy huquq yuridik shaxslariga ajratish, xususiy huquq yuridik shaxslari barcha turdagi fuqarolik huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkinligi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun asoslar esa faqat qonun bilan belgilanishini, ommaviy yuridik shaxslar esa davlatning muayyan funksiyalarini bajarishi maqsadida tashkil etilishini mustahkamlab qo‘yish;
- tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxslar tashkiliy-huquqiy shakllarining aniq ro‘yxatini belgilab qo‘yish, xo‘jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korxona, operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korxonasi kabi bozor iqtisodiyoti qoidalariga mos bo‘lmagan tashkiliy-huquqiy shakllardan voz kechish;
- tadbirkorlik faoliyatining alohida turlarini yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan ham amalga oshirish qonun hujjatlari bilan nazarda tutilishi mumkinligi haqida qoida kiritish;

3) shartnomaviy munosabatlarni erkinlashtirish va xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirish maqsadida:
- mamlakat iqtisodiyoti rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishi mumkin bo‘lgan yangi shartnoma turlarini (turistik xizmatlar ko‘rsatish, distribyutorlik shartnomasi, agentlash, eskrou, opsion va boshq.) muomalaga kiritish;
- majburiy tartibda shartnoma tuzishni nazarda tutuvchi, shartnoma shartlarini taraflarga belgilab beruvchi normalarni chiqarib tashlash, standart shartnomaning halollik va ishonch tamoyillariga zid ravishda boshqa tarafning huquqlari va manfaatlarini buzadigan shartlarini haqiqiy emasligini belgilash;
- qarz, topshiriq va boshqa bir qator keng tarqalgan munosabatlar uchun og‘zaki shartnoma tuzilishiga imkon berish;

4) boy berilgan foyda, ma’naviy ziyonni hisoblash mezonlarini aniq belgilash;

5) sug‘urta munosabatlarida mijozlar huquqlarini himoyasini kuchaytirish maqsadida sug‘urta tashkilotini zararni qoplash majburiyatidan ozod qilish asoslarini kamaytirish, o‘zaro sug‘urtalash (mulkni va boshqa mulkiy manfaatlarni o‘zarolik asosida sug‘urta qilish) institutini rivojlantirish maqsadida o‘zaro sug‘urta jamiyatlariga investitsiya rezerv fondini tuzish, ustavda belgilangan tartibda investitsiya faoliyatini amalga oshirish huquqini berish;

6) fuqaroning tasviridan (fotosurat, videoyozuv va boshq.) uning roziligisiz foydalanilganda, uning shaxsiy va oilaviy hayoti to‘g‘risidagi har qanday axborot tarqatilganda fuqaroning himoyasini ta’minlash usullarini belgilash.

Islohotlar davom etadi
Fuqarolik kodeksining yangi tahrirdagi loyihasidan kelib chiqib amaldagi boshqa qonunlar va qonunosti hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida tegishli qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash ishlari ham olib borilmoqda. Ushbu jarayonda o‘zgartiriladigan qonunlarning o‘zi 20 tadan ortiq bo‘lib, qonunosti hujjatlari soni esa bundan ham ko‘pdir.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi bilan bevosita tartibga solinmagan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi alohida qonunlarni ham tasdiqlangan Konsepsiya asosida takomillashtirish ishlarini amalga oshirish ham rejalashtirilgan. Xususan, intellektual mulk, qimmatli qog‘ozlar sohalari shular jumlasidandir.

Ko‘rinib turibdiki, hali bu sohada qilinadigan ishlar juda ko‘p va ular albatta oxiriga yetkaziladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi mamlakatning iqtisodiy konstitutsiyasidir