Foto: «Huquqiy axborot» kanali
Kuni kecha IPO orqali bir qancha yirik korxonalar sotuvga qo‘yilishi ma’lum bo‘ldi. Ularning orasida UzAuto Motors ham bor.
IPO (Initial Public Offering) — birlamchi ommaviy taklif, aksiyalarni fond bozori orqali sotish jarayoni. Bu korxona uchun nafaqat pul jalb qilish, balki yangi bosqichga ko‘tarilib, ommaviy va shaffof bo‘lish yo‘li dir. IPO’dan keyin deyarli barcha narsa o‘zgaradi — hisobot shakllaridan tortib rivojlanish rejalarigacha.
UzAuto Motors’ning IPO bilan bog‘liq rejalari birinchi marta 2020 yil boshida ma’lum bo‘lgandi. Kompaniya o‘shanda tayyorgarlik jarayoni, taxminan, 1,5–2 yil davom etishini aytgan. Aksiyalarni mahalliy va eng yirik xalqaro fond birjalariga joylashtirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.
Hozirda kompaniyaning yagona egasi davlat hisoblanadi — UzAuto Motors 100 foiz «Uzavtosanoat» aksiyadorlik jamiyatiga tegishli, u esa o‘z navbatida 100 foiz Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ixtiyorida.
Oldinda hali IPO muddati va aniq shartlariga oydinlik kiritib olish vazifasi turibdi, lekin bu tajriba O‘zbekistonga mutlaqo yot emas.
Mamlakat tarixidagi birinchi IPO 2018 yilda «Kvars» shisha zavodi aksiyalari sotuvga qo‘yilishi bilan bo‘lgan. O‘shanda sotuvga qo‘yilgan aksiyalar umumiy hajmining 54 foizi sotilib, kompaniya 7,5 mlrd so‘mdan ortiq sarmoya jalb qilgandi.
2019 yilda yana bir IPO bo‘lib o‘tdi — bu safar o‘zbekistonliklar plastmassa mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi eng yirik korxona «Jizzax Plastmassa» aksiyalarini sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Nima uchun davlat yirik kompaniyalarni sotuvga qo‘yadi?
Ustuvor maqsadlardan biri — korxonalarning davlat moliyasiga qaramligini kamaytirish, kompaniyalar rivoji uchun pul mablag‘larini jalb qilish, kapital bozorini rivojlantirish.
O‘zbekiston bozori IPO’ga tayyor. Biz infratuzilmaviy, texnik va huquqiy mexanizmlarni ishlab chiqdik. Bundan tashqari investorlar ham katta qiziqish bildirmoqda. Agar siz aksiyalar paketini bosqichma-bosqich sotuvga qo‘yib borsangiz, bu sizga korxonalarni rivojlantirish uchun bo‘sh mablag‘larni iqtisodiy muammolarga jalb qilish imkonini beradi, — degan edi 2019 yilda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi vakillari (hozirda bunga Moliya vazirligi javobgar).
IPO o‘tkazish — xususiylashtirish usullaridan biri. So‘nggi yillarda hukumat kompaniyalarni kimoshdi savdosi va arizalar qabul qilish yo‘li bilan sotish orqali iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga harakat qilmoqda.
IPO vaqtida kompaniya aksiyalarini kimlar sotib olishi mumkin?
Qoidaga ko‘ra istalgan kishi sotib olishi mumkin. Misol uchun, «Kvars» IPO’si vaqtida 3305 kishi kompaniyaning yangi aksiyadorlariga aylangan.
Aksiyalarning katta qismini ushbu korxona joylashgan Farg‘ona viloyati aholisi sotib olgan. Ular umumiy qiymati 5 mlrd so‘mdan ortiq 1,7 millionta qimmatli qog‘ozlarni xarid qilgan. Toshkent ikkinchi o‘rinni egallagan — o‘shanda poytaxtliklar tomonidan salkam 2 mlrd so‘mga 655 ming aksiya qog‘ozlari sotib olingan.
Xarid qilish birjada brokerlar orqali amalga oshiriladi. Sotuvga qo‘yishdan avval kompaniya odatda road-show uyushtirib, o‘zi haqida, shuningdek, yutuqlari, muvaffaqiyatlari va rejalari to‘g‘risida hikoya qilib berish asnosidagi bir qator sayohatlar va tadbirlarni o‘tkazadi. Bunday tadbirlar davomida aksiyalarni sotib olishga ariza topshirish ham mumkin.
Aksiyalarni nima qilsa bo‘ladi?
IPO’da kompaniya aksiyalarini sotib olgan shaxs aksiyadorga aylanib, kompaniya ulushiga egalik qiladi. U dividendlar (kompaniya foydasining bir qismi) olish huquqiga ega bo‘ladi.
Biroq masalaning boshqa jihatini ham ko‘zdan qochirmaslik kerak. Arizalarni yig‘ish jarayonida obunalar soni oshib ketishi mumkin — bu vaziyat aksiyalarga bo‘lgan talab taklifdan ko‘ra ortib ketganligini anglatadi. U holda qimmatli qog‘ozlar narxi ham oshishi mumkin.
Murojaatlar ko‘pligi sababli broker ariza qanoatlantira olmasligi yoki qisman qanoatlantira olmasligi ehtimoli mavjud.
Bundan tashqari, aksiyalarni IPO bosqichida sotib olish xavfning oshishi bilan bog‘liq. Kompaniya tomonidan joylashtirishdan avval belgilangan aksiya narxi juda yuqori bo‘lib chiqishi mumkin — ochiq savdo boshlanganidan so‘ng sezilarli darajada tushadi.
Ushbu pasayishdan keyin o‘sish kuzatilishi yoki kuzatilmasligi kompaniyaning keyingi harakatlariga va o‘z faoliyatini qanday olib borishiga bog‘liq. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi