Yaqinda Qozog‘istonda sodir bo‘lgan fojiali voqealardan so‘ng Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXSHT) sammitida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonga qarata ogohlantiruvchi bayonot qilgandi.
Qarangki, O‘zbekiston ushbu voqealardan saboq olishi kerak ekan, chunki «ular»ning nazari endi O‘zbekistonga qaratilgan emish. «Ular» kimligini va nima uchun aynan O‘zbekistonni endi shunday voqealar kutayotgani haqida Lukashenko janoblari aniq bir gap aytmadi.
Mamlakatimiz barqarorligini izdan chiqazish kimga kerak bo‘ldi va nima uchun? Haqiqatan ham Qozog‘istondagi tartibsizliklarga sabab bo‘lgan omillar O‘zbekistonda ham mavjudmi? Lukashenko qanday ma’lumotga egaki, bizning davlatimiz «ular»dan bexabar bo‘lib, ehtimoliy tahdidlarni sezmay turibdi? Belarus davlat boshlig‘ining gaplaridan so‘ng shu va boshqa savollar paydo bo‘lmoqda. Bu vaziyatni qisqacha tahlil qilib ko‘raylik.
O‘zbekiston va Qozog‘istonni bir-biriga o‘xshatish mutlaqo noto‘g‘ri, chunki ular yaqin birodar xalq bo‘lsa ham, bir qator siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, davlat hokimiyati tranziti jarayoni O‘zbekistonda 5 yil oldin tugagan, Qozog‘istonda esa bu tranzit tugamasdan cho‘zilib ketdi, ikki hokimlik tizimi shu paytgacha saqlanib kelgan va nihoyat o‘zini fosh etdi.
Ayni davrda MDH mamlakatlari orasida O‘zbekiston eng yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlarini namoyish etib kelmoqda (7 foiz o‘sish). Bugungi kunda O‘zbekiston rahbariyati yangi iqtisodiy modelni amalga oshirib kelmoqda, unga ko‘ra, xususan, keng ko‘lamli investitsiyalarni jalb qilish, yangi ish joylarini yaratish kabi maqsadlar ustuvor deb belgilangan. Eng muhimi, yangi siyosatning asosiy ko‘rsatkichlaridan biri bu — davlatning ham o‘z xalqi oldida, ham xalqaro sahnada ochilishidir.
Prezident Sh. Mirziyoyev «Xalq davlatga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan shiorni bekor bayon qilmadi. Chunki davlat idoralari xalqdan begonalashib qolgan edi va davlat shiorbozlik, byurokratiya, xo‘jako‘rsinlik, odamlarga qo‘pol muomala kabi illatlardan qutila olmay kelgan edi.
O‘tgan besh yil ichida, bir qator «nozik» masalalar bo‘yicha konkret yechimlarni kuzatdik, bu — valyutaning konvertatsiyasi, propiskaning bekor qilinishi, majburiy mehnatning yo‘qotilishi, fuqarolik jamiyatiga ko‘proq e’tibor berilishi, ta’lim sohasi tubdan isloh qilinishi va h.k. Hatto eng nozik sohalardan biri bo‘lmish so‘z erkinligi va senzura muammosi ham hal etilmoqda.
Biz oldingi davrga o‘xshab hamma narsani zo‘r deb, qarsakbozlikka berilib ketishdan yiroqmiz, albatta. Oldimizda hal etishimiz kerak bo‘lgan masalalar talaygina. Ammo O‘zbekistonda umuman olganda, xalqimiz jamoat barqarorligini juda ham qadrlaydi va islohotlarning tadrijiy davom etishi kerakligini tushunadi.
Balki o‘zining qo‘pol gaplari bilan Lukashenko O‘zbekistonni KXSHTga qaytishi kerak deb ishora qilmoqchi bo‘lgandir?
Birinchidan, O‘zbekiston mintaqaviy va xalqaro voqealarni baholashda va tashqi siyosatini oqilona yurgizishda mustaqildir va xavfsizlik masalalarini to‘g‘ri idrok etishga qodir.
Ikkinchidan, O‘zbekistonning mudofaa doktrinasi hamda tashqi siyosiy konsepsiyasida mamlakat harbiy bloklarga kirmaslik tamoyili muhrlangan, shuning uchun O‘zbekiston KXSHTga a’zo bo‘lolmaydi.
Agar Lukashenko Belarus davlati xalqaro izolyatsiyaga tushib, Yevropa va AQSH bilan munosabatlari buzilishini afzal ko‘rsa, O‘zbekistonning yo‘li boshqacha. Mamlakatimiz jahon hamjamiyatiga integratsiyani davom ettirishdan manfaatdor. Biz Sharqda ham, G‘arbda ham barcha strategik sheriklar bilan munosabatlarni rivojlantirishni davom ettirish niyatidamiz.
Agar Lukashenko haqiqatan ham jiddiy tahdidlar to‘g‘risida ma’lumotga ega va niyatlari samimiy bo‘lganda edi, u bizga to‘la ma’lumotlarni taqdim etgan, tahdidlarni kimdan kutishimiz kerakligini aytgan bo‘lardi. Afsus, u bunga qodir emas va rus tilida «vidavat jelayemoye za deystvitelnoye» degan ibora unga juda xosligi aniq bo‘ldi.
Demak, Lukashenko aslida O‘zbekistonga nisbatan qilinayotgan informatsion hujumning navbatdagi ijrochisi bo‘ldi. U ham Jirinovskiyga o‘xshab do‘q-po‘pisadan, yolg‘on gaplar, uydirmalar, shaxsiy siyosiy sovetcha tafakkurdan boshqa narsani bilmasligi aniq bo‘ldi.
Lukashenko O‘zbekistonga aql o‘rgatishdan oldin o‘zining ichki muammolariga ko‘proq ahamiyat bersa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Uning gaplari shunchalik asossiz, yuzaki va eskichilik sarqitiki, ularni hech kim jiddiy qabul qilmaydi. Qolaversa, uning davlati xalqaro sanksiyalarga uchragan, u o‘zining mamlakatida 2020 yil avgust oyidan boshlab o‘z legitimligini yo‘qotgan va har qanaqa noroziliklar va tinch namoyishlarni kuch bilan bostirgan, «Yevropadagi oxirgi diktator» nomini olgan odamdir.
O‘tgan yili sun’iy ravishda migrantlar inqirozini yaratgan bo‘lib, Polsha va Litva bilan munosabatlari yanada keskinlashib ketgandan so‘ng, Lukashenkoning asl qiyofasi yanada oshkor bo‘ldi. O‘shanda sal qolsa, Belarus qo‘shni davlatlari bilan urushga kirishib ketishi mumkin edi.
Xo‘sh, «saboq ol» deb aslida kimni ko‘proq ogohlantirish kerak? 2020 yil avgust oyidagi Prezident saylovlaridan so‘ng belaruslar tomonidan noroziliklar va namoyishlar avj olib ketganda, unga hech kim «saboq ol» demagandi. Pichoqni oldin o‘zingga ur, og‘rimasa birovga.
Farhod Tolipov,
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
«Bilim karvoni» nodavlat ilmiy muassasa direktori
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
«Bilim karvoni» nodavlat ilmiy muassasa direktori
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Srechko Katanes: "Qanday qilib so‘nggi daqiqada oddiy gol o‘tkazdik, buni bilmayman"