date

Zelenskiy oldida yangi tinchlik rejasi bo‘yicha og‘ir tanlov...

Zelenskiy oldida yangi tinchlik rejasi bo‘yicha og‘ir tanlov...

Ukraina atrofidagi diplomatik vaziyat yana shiddat bilan o‘zgara boshladi. The Washington Post kolumnisti Devid Ignatiusning yozishicha, yangi tinchlik rejasi paydo bo‘lishi bilan Volodimir Zelenskiy prezidentlik davridagi eng qiyin va mas’uliyatli tanlovlardan biriga duch kelgan. Jurnalist Oq uydagi bir qator manbalar bilan muloqot qilib, ularning reja bandlari, ular qanday yuzaga kelgani va hujjat ustidagi ish qachon boshlangani haqida batafsil yozgan.

Ma’lum bo‘lishicha, tinchlik taklifi bo‘yicha dastlabki muzokaralar bir oydan ko‘proq vaqt avval boshlangan. Jarayon esa o‘tgan hafta yakunida, Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Rustem Umerov Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan Floridada uchrashishga tayyorligini bildirganidan keyin yanada tezlashgan. Ignatius manbalarining ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati Kiyevdagi korrupsiya mojarosi va Ukraina armiyasining Donesk yo‘nalishidagi muvaffaqiyatsizliklarini vaziyatni keskin burilish nuqtasiga olib keldi, deb baholagan. Shu bois Vashingtonda bu urushni tugatish uchun yangi yo‘l izlashga qaror qilingan.

Floridadagi uchrashuvda Umerov go‘yo Zelenskiy Donbass bo‘yicha ma’lum bir murosaga borishi va armiya sonini 600 ming kishigacha cheklashni ko‘rib chiqishi mumkinligini aytgan, deyiladi maqolada. Umerovning o‘zi esa bu fikrlarni rad etib, faqat texnik vazifalarni bajarganini bildirgan.

Shunga qaramay, tinchlik rejasida haqiqatan ham Ukraina qurolli kuchlari sonini cheklash bo‘yicha band paydo bo‘lgan. Yevropa yetakchilari esa bu taklifni qo‘llab-quvvatlamagan. The Washington Post manbalari ushbu hujjat Kiyevga bosim sifatida emas, balki muhokama uchun moslashuvchan asos sifatida taqdim etilganini ta’kidlamoqda.

Amerikalik rasmiylardan biri jurnalist bilan suhbatda shunday deydi:

«Ukraina suvereniteti hech qachon xavf ostida qolmasligi kerak. Aks holda butun Yevropa bo‘ylab muammolar uchun eshik ochiladi. Biz Ukrainaning qulashiga yo‘l qo‘ymaymiz», — deb ta’kidlagan mulozim.

Tramp ma’muriyatining o‘zi ham ayrim bandlarni qayta ko‘rib chiqishga tayyor ekani aytiladi. Jumladan, armiya soni cheklovini yumshatish yoki umuman bekor qilish masalasi muhokama qilinmoqda. Shuningdek, urushdan keyin Ukrainaga uzoq masofali «Tomahavk» raketalarini yetkazib berish masalasi tiyib turuvchi omil sifatida ko‘rib chiqilayotgani ham ma’lum qilingan. Yevropa tomoni Rossiyaning keskin qarshiligi tufayli bu variantga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Ilova qilib, Tramp ma’muriyati Ukraina bilan razvedka ma’lumotlarini almashishni davom ettirish niyatida ekanini bildirgan. Ilgari Reuters Ukrainaning tinchlik rejasini qabul qilmasligi ma’lumotlar almashinuvi tugashi bilan yakunlanishi mumkinligini yozgandi, biroq AQSH davlat kotibi Marko Rubio bu tahdid haqida xabardor emasligini aytdi.

Ignatius manbalari kelishuv imzolanganidan keyin 100 kun o‘tib Ukrainani saylov o‘tkazishga majbur qiladigan bandga ham izoh berdi. Unga ko‘ra, bu siyosiy beqarorlik fonini hisobga olgan holda kiritilgan: saylovlar tinchlik shartnomasini xalq tomonidan ratifikatsiya qilish usuli sifatida ko‘rilgan. Shu bilan birga, amnistiya bandi Zelenskiy va uning hukumatini korrupsiya mojarosi avj olsa, javobgarlikdan himoya qilishga qaratilganligi aytilmoqda.

Jurnalistning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati ushbu reja «Rossiyaga bir tomonlama yordam» emasligini isbotlashga ham harakat qilmoqda. Uning fikricha, bu masalaning eng muhim hakami Zelenskiyning o‘zi bo‘ladi: agar prezident rejani ma’qullasa, javobgarlik Moskvaga o‘tadi; agar rad etsa, urush yana bir yil davom etishi ehtimoli yuqori.

Mazkur jarayon Ukraina uchun ham, Yevropa uchun ham, AQSH uchun ham yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. Zelenskiy oldidagi tanlov esa butun mintaqadagi geosiyosiy muvozanatni belgilab berishi ehtimoldan xoli emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Zelenskiy oldida yangi tinchlik rejasi bo‘yicha og‘ir tanlov...