
Turkiyada ajrashish amaliyotida yangi bir “raqamli davr” boshlandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning apellyatsiya palatasi bir necha kun avval chiqargan qaror mamlakatda katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Endi ijtimoiy tarmoqlarda boshqa ayollar fotosuratlari ostiga «layk» bosish ham nikoh barqarorligiga putur yetkazuvchi omil sifatida baholanishi mumkinligi rasman tasdiqlandi. Habertürk yozganidek, bu hukm kelgusidagi o‘xshash ishlarda pretsedent vazifasini bajaradi.
Hodisa Qaysari shahridagi oilaviy nizodan boshlangan. Ayol sudga murojaat qilib, erining o‘zga ayollar suratlariga layk bosishini hurmatsizlik, ishonchni yo‘qotish va oilaviy barqarorlikka tahdid sifatida e’tirof etdi. Shu bilan birga, u moliyaviy qo‘llov yo‘qligidan ham shikoyat qildi. Ayol 5 ming turk lirasi miqdorida aliment va yarim million liradan ortiq moddiy zarar undirishni talab qildi.
Eri esa ayblovlarni inkor etib, aksincha, xotinini otasiga nisbatan haqorat qilishda aybladi va uning o‘ta rashkchi ekanini ta’kidladi. U ham 500 ming lira miqdorida ma’naviy kompensatsiya talab qildi.
Birinchi instansiyaning pozitsiyasi aniq bo‘ldi: nikohning buzilishida erkak «og‘ir aybdor» deb topildi. Sud xotinga 40 ming lira moddiy, 40 ming lira ma’naviy kompensatsiya va 750 lira aliment to‘lash majburiyatini yukladi.
Er bu qarordan norozi bo‘lib, apellyatsiyaga murojaat qildi. Biroq yuqori instansiya ham ayolning haqligini rasman tasdiqladi. Faqatgina kompensatsiya miqdori 30 ming liraga qisqartirildi, ammo aliment summasi 1000 liragacha oshirildi.
Sudning asosiy ta’kidlovi esa e’tiborni o‘ziga tortdi:
«Layk bosish o‘z-o‘zidan xiyonat emas, biroq nikohdagi ishonchni izdan chiqaruvchi psixologik ta’sirga ega bo‘lishi mumkin».
Ya’ni endilikda Turkiyada sudlar raqamli maydondagi xatti-harakatlarni — layk, izoh, repost va har qanday onlayn yaqin munosabatni — oilaviy sadoqat darajasini baholashda hisobga oladi. Bu nafaqat jilovsiz rashk yoki ishonchsizlikka asos bo‘lishi, balki moliyaviy oqibatlar — kompensatsiya, aliment va boshqa to‘lovlar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Yuristlar fikricha, bu qaror kelgusida Turkiyadagi oilaviy nizolarning katta qismga yaqin qismida onlayn xatti-harakatlar asosiy dalil sifatida keltirilishi ehtimolini oshiradi. Raqamli izlar — endi faqat ijtimoiy tarmoqlar emas, balki huquqiy maydon uchun ham jiddiy ahamiyat kasb etmoqda.
Eng qizig‘i, bu qaror Turkiyadagi raqamli munosabat madaniyati haqida yangi bahslarni boshlab berishi mumkin — chegara qayerda tugaydi? Va raqamli layk real hayotdagi ishonchga qanday ta’sir qiladi?
Bu savollar hozircha ochiq…
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.