Toshkent viloyatida somoniylar va qoraxoniylar davriga oid qadimiy yodgorliklar topildi
Toshkent viloyati Ohangaron tumani, Olmaliq shahridan 12 km shimoli-sharqda joylashgan Tunkat yodgorligida shu yilning yoz oylaridan beri arxeolog olimlar tomonidan qazishma ishlari olib boriladi. Bu haqda akademik Ahmadali Asqarov ilmiy rahbarligidagi bir guruh olimlar ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, qazishma ishlari oldidan guruh tomonidan yodgorlikning Shahriston, Rabot, qabriston qismlarida tadqiqotlar olib borish rejalashtirilgan. Yakuniy natijalar kutilganidan ko‘ra a’lo bo‘lgan.
Arxeologik qazuv shaharning shimoliy qismiga nisbatan balandroq tepalikni ochib o‘rganishdan boshlanib, dastlab qazishma ishlari 12x12 o‘lchamdagi maydonda o‘tkazilgan.
Tadqiqotlar davomida o‘rta asrlarga oid 10 dan ortiq xonalar, 200 dan ziyod sirlangan va sirlanmagan sopol bo‘laklari, 20 ga yaqin tangalar, 10 ga yaqin chiroqlar, ko‘plab shisha idish parchalari, metall buyumlar va eritilgan metall shlak (toshqol) qoldiqlari topilgan.
Qayd etilishicha, idishlar ichida sirlanganlari alohida e’tiborga loyiq. Bu idishlarning asosiga oq rangda angob berilib, qizil, sariq, yashil, qora va boshqa ranglar bilan naqshlar berilgan. Ayrimlariga qushlar va hayvonlar tasviri ishlangan. Ba’zilari esa arab alifbosining kufiy xatidagi so‘zlar bilan bezatilgan. Bunday bezakli idishlar nafaqat Ohangaron, Toshkent vohasi, balki O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham uchrab turadi. Ular olimlar tomonidan IX-XI asrlar bilan davrlashtirilgan. Bu davrda Turkiston hududlari somoniylar va qoraxoniylar sulolasi tomonidan boshqarilgan.
Chiroqlar ham sirlangan idishlar singari oq angob bilan bo‘yalib, ustidan qora rang yordamida an’anaviy tarzda, kufiy xatidagi so‘zlar bilan bezatilgan. Bunday bejirim idishlar, tarixiy Turkiston hududidagi birinchi musulmon renessansi (uyg‘onish) davrida san’atning naqadar rivojlanganini ham ko‘rsatib beradi.
Tangalar orasida VII-VIII asrlarga tegishli Choch tangalaridan tortib, XI asr boshlaridagi qoraxoniylar sulolasining hukmronlik davriga oidlarini ham uchratish mumkin. Choch tangalarining ayrimlarida hukmdor bilan yonma-yon malika (xvatun, xotun)ning ham qiyofasi bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tangalar VII-VIII asrlarning antropologik qiyofasini namoyon etib, ma’muriy sohada ayol kishining mavqeyi sezilarli darajada bo‘lganini ko‘rsatadi. Qolgan tangalar ichida somoniylar vakillaridan Yahyo ibn Ahmad, Nasr ibn Ahmad, qoraxoniylardan Nasr ibn Ali va boshqa hukmdorlarning nomi aks etgan tangalarni topish mumkin.
Olimlar tomonidan ochilgan tarixiy inshootga sharqiy tomonda joylashgan eshik orqali kirilgani aniqlangan. Bino qurilishida asosan xom g‘isht va paxsadan keng foydalanilgan. Ahyon-ahyonda u yoki bu maqsadda foydalanilgan somoniylar davrining pishgan g‘ishtlarini ham kuzatish mumkin.
Xonalarning ko‘pchiligida to‘rt tomon devorining g‘ishtlari to‘rt xil uslubda terilgan. Masalan, nisbatan yirik hisoblangan markaziy xona g‘arbiy devorining g‘ishtlari yapaloq holatda, bir qator o‘ng tomonga qayrilib, uning ustidagi yana bir qator g‘isht esa chap tomonga qiyalangan holatda terib chiqilgan.
Bunday qurilish uslubi boshqa xonalarda ham kuzatiladi va qadim tunkatliklar uchun an’ana shaklida bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Hozirda arxeologlar tomonidan Tunkatdagi tadqiqotlar davom ettirilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring