11:18 / 01.12.2023
281

Qozog‘istonda giyohvandlik moddalari qanday tarqatiladi?

Qozog‘istonda giyohvandlik moddalari qanday tarqatiladi?

Foto: Kun.uz

2023 yil 4 dekabr kuni Qozog‘istondagi ommabop telekanallardan biri NTKda uzoq kutilgan «MEOW» serialining premerasi bo‘lib o‘tadi.

Ushbu jinoiy dramalar hikoya qilinadigan serial Qozog‘iston respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi, NTK telekanali va B.A.S PRODUCTION kompaniyasining qo‘shma loyihasi hisoblanadi.

Serialda Qozog‘istonda psixotrop tabletkalar va giyohvand moddalar qanday yo‘llar bilan tarqatiladi, yangi mijozlar qay tarzda og‘u changaliga ilintiriladi, politsiya ularga qarshi qanday kurashmoqda, nashavand bo‘lib qolganlar va ularning yaqinlari qanday azoblarga duch kelishadi, shular haqida hikoya qilinadi.

Serial «ekshn» yo‘nalishida olingan bo‘lib, unda giyohvand moddalar sotuvchilari va ularga qarshi kurashuvchilar orasidagi «janglar», ta’qiblar va otishmalar bilan bog‘liq qiziqarli voqealar qamrab olingan.

NTK telekanali bosh direktori Saida Igenbekning so‘zlariga ko‘ra, jamoa yaqinda namoyish etilgan «Firibgarlar» serialining muvaffaqiyatidan ilhomlanib, Qozog‘iston jamiyatidagi yana bir jiddiy muammo – giyohvand moddalarni iste’mol qilish va tarqatish bilan bog‘liq muammolarni ko‘rsatishga qaror qilgan.

«Serialning maqsadi juda arzonligi va tez topilishi tufayli qozog‘istonlik yoshlar orasida mashhur bo‘lgan sintetik giyohvand moddasi bo‘lgan mefadron iste’mol qilishning dahshatli oqibatlarini ko‘rsatishdir», deydi Saida.

Syujyet

Serial syujyeti markazida o‘z mavzesini narkotik sotuvchilardan tozalashga qaror qilgan do‘stlar – uch sportchi yigit turadi va voqealar zanjiri ularga bog‘lanadi.

Do‘stlardan biri otasini, ikkinchisi sevgan qizini giyohvand moddalar tufayli yo‘qotadi va shundan so‘ng giyohvandlikka qarshi kurashishga ahd qilishadi.

Ular giyohvandlik vositasi bo‘lgan tabletkani yetkazib beruvchi shaxslarning iziga tushishadi va ularni ushlab obdon kaltaklashadi. Yigitlar jarayonni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishadi.

Shunda uch do‘stning giyohvand moddani yetkazib beruvchilarni ayovsiz kaltaklashayotgani «mefa» (mefadron) tarqatuvchi uyushgan jinoiy guruh rahbariga ham, politsiyaga ham ma’lum bo‘ladi.

Shundan so‘ng yovuzlikka qarshi kurashuvchi bu oliyjanob uch do‘stni politsiya qidira boshlaydi – maqsad ularni rag‘batlantirish va jinoyatchilardan himoya qilish.

Ikkinchi tomondan ularni uyushgan jinoiy guruh izlashga tushadi – jinoyatchilar o‘z yo‘llariga g‘ov bo‘layotgan yigitlarni yo‘q qilishni xohlashadi. Biroq har ikki tomon ham harakatlari hech qanday natija bermaydi va yigitlarni topishning iloji bo‘lmaydi.

G‘oya muallifi va ushbu serialning rejissyori «Firibgarlar» serialida bosh rolni ijro etgan Rustem Omarov hisoblanadi. Bu Rustemning rejissyorlikdagi debyut ishi hisoblanadi. Shuningdek, u serialda ham asosiy rollardan biri, poraxo‘r politsiyachi rolini ijro etgan.

Rustem Omarov
Foto: ntk.kz

«Serialda ko‘rsatilgan holat hayotdan olingan. Aqtau shahrida giyohvand moddalarni yomon ko‘radigan, qo‘riqchi bo‘lib ishlovchi uch nafar sportchi yigit bor edi. Ularning giyohvand moddalarning yomon ko‘rishiga shu zahri qotil tufayli o‘z yaqinlarini yo‘qotgani sabab bo‘lgandi. Ulardan birining otasi, boshqasining sevgan qizi giyohvand moddalar tufayli vafot etgandi. Shundan so‘ng uch do‘st giyohvand moddalarni yetkazib beruvchilarni ushlab, o‘lasi qilib kaltaklay boshlashdi. Ular jarayonni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishadi. Shundan so‘ng ko‘p o‘tmay Aqtauda giyohvand modda yetkazib beruvchilar keskin kamaydi. Chunki ular uch do‘stning qo‘liga tushishdan qo‘rqib qolishgandi. Serialga ana shu hodisa asos qilib olindi», deydi Rustem Umarov.

Serialda tomoshabinlar jinoyat va jangari sahnalardan tashqari haqiqiy sevgi, xiyonat va yigitlarning kuchli do‘stligi haqidagi hikoyalarni ko‘rishadi.

Shuningdek, serialda jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlik, yoshlar muammolari ko‘tarilgan. Bundan tashqari, o‘z kasbiga sodiq halol politsiyachilar birga, pul uchun hech bir ishdan qaytmaydigan poraxo‘r politsiyachilar mavzulari ko‘tariladi va bularning barchasi giyohvandlikka qarshi kurash atrofida jamlanadi.

Serialning asosiy mavzusi giyohvandlik ortidan keladigan yovuzlik, giyohvandlikka ruju qo‘yishning salbiy oqibatlari, nashavand bo‘lib qolgan insonlarning ayanchli hayoti, inson hayotining mo‘rtligi va xarakterining zaifligi ko‘rsatiladi.

Nega serialga «MeOW» deb nom berilgan?

Serialga «MeOW» (miyov) deb nom berilishi ham tasodif emas. Giyohvand modda sotuvchilari o‘z jargonlarida «dori»larni shunday atashadi.

Serialda ijodkorlar giyohvand moddalarni iste’mol qilishning eng jiddiy va yomon oqibatlarini ko‘rsatadi. «Dori» sotishning turli sxemalarini ochib beradi. Serialdagi asosiy ogohlik qo‘ng‘irog‘i ham shu – giyohvand moddalar yomon va odamlarni muqarrar o‘limga olib boradi.

«Yoshlar bir marta tatib ko‘rsam, keyin to‘xtasam bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Ammo bu unday emas. Aslini olganda siz buni bir marta tatib ko‘rgach keyin o‘zingizni to‘xtata olmaysiz. Shu uchun giyohvand moddalarni bir marta ham tatib ko‘rish kerakmas. Biz serialda giyohvand moddalarni iste’mol qilish qanday yomon va ayanchli oqibatlarga olib kelishini batafsil ko‘rsatamiz. Bizning maqsadimiz odamlarda giyohvand moddalarga nisbatan nafratni shakllantirishdir», deyiladi serial anonsida.

Serialda asosan bugun Qozog‘istonda talabgir bo‘lgan taniqli aktyorlar suratga tushgan. Taniqli aktyor Rustem Omarov rejissyorlikdan tashqari filmda politsiyachi rolida o‘ynagan.

Sanjar Madi politsiyachi, Chingiz Kapin giyohvand moddalar sotuvchisi, Berik Aytjanov politsiya jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i rollarini ijro etishgan.

Aktyor Sanjar Madi (o‘rtada) Netflix tomonidan suratga olinayotgan Amir Temur haqidagi filmda ham suratga tushmoqda

Hollivud studiyalarida ishlab tajriba orttirgan Robert Kun jangovar sahnalar bo‘yicha mas’ul. Shuningdek, u serialda giyohvand moddalar tarqatuvchilariga qarshi kurashadigan uch do‘stning biri rolida ham o‘ynagan.

U bilan birga yozuv jinoyatchilarga qarshi kurashadigan ikki sportchi yigit rolini Asan Majit va Jandos Aybasov ijro etgan.

Serial prodyuserlarining aytishicha, yulduz aktyorlar bilan muzokaralar oson kechgan. Ular serial mualliflari ko‘tarmoqchi bo‘lgan jiddiy mavzuni bilishlari bilanoq darhol rozi bo‘lishgan.

NTK telekanalining boshqa seriallari

NTK (Nezavisimyy televizionnyy kanal – Mustaqil televizion kanal) telekanali ancha yillardan buyon jiddiy mavzularda saviyali seriallar suratga olib kelmoqda.

Jumladan, nafaqat Qozog‘istonda, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda ham qiziqish bilan tomosha qilingan «Patrul» serialini ham shu telekanal suratga olgandi.

Bundan tashqari, telekanal tomonidan 2020 yilda «Sake» seriali omma e’tiboriga havola qilindi. «Patrul»da Qozog‘iston politsiyachilarining, «Sake»da davlat boshqaruvining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan hokimlar hayoti va ish faoliyati tanqidiy ruhda oshkora ko‘rsatilgan.

Har ikki serial tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan. Qozog‘istondagi namoyishlardan so‘ng ular bir qator davlatlar tomonidan sotib olindi.

2023 yil oktyabr oyida telekanal tomoshabinlarga «Firibgarlar» serialini taqdim etdi va u tanqidchilar tomonidan yuksak baholar oldi.

«Firibgarlar»da ham bosh rolni «Patrul» va «Sake» seriallarida bosh rollarni ijro etgan Rustem Omarov ijro etgan. U NTK telekanali bilan ancha yillardan buyon hamkorlik qilib kelmoqda.

Xulosa

Qozog‘istonlik ijodkorlar bundan avvalgi «Firibgarlar» serialida bo‘lgani kabi juda dolzarb muammoni ko‘tarib chiqqan va bu mavzu O‘zbekiston fuqarolari uchun ham begona emas.

Giyohvandlik va u bilan bog‘liq salbiy hodisalar, insonlarning achchiq taqdiri, g‘am-g‘ussa-yu, ko‘z yoshlar ayrim o‘zbekistonliklarning ham boshidan o‘tgan, o‘tmoqda.

Har kuni o‘nlab (balki yuzlabdir) hamyurtlarimiz u yoki bu tarzda giyohvandlik vositalarini tarqatuvchilarning tuzog‘iga ilinmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda yoshlar orasida sun’iy giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish ommalashmoqda.

Shu uchun bizda ham ushbu mavzu bo‘yicha filmlar, seriallar ishlash yoki qozoq qardoshlardan tayyor serialni sotib olib namoyish qilish kerak. Balki shunda odamlar hushyor tortar va yosh avlod tarbiyasiga mas’uliyatli bo‘lar?!

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Qozog‘istonda giyohvandlik moddalari qanday tarqatiladi?