140
Muxlisa Azizova: “Shovqinli zamonamizda muhim mavzularga san’at orqali e’tibor qaratish zarur”
Ushbu eksklyuziv intervyuda “O‘zbekistonlik” va Uzbekistan's Club kabi yangi burilishlarga boy tashabbuslar ortida turgan ijodkor Muxlisa Azizovaning ajoyib kasbiy faoliyati va qarashlari bilan tanishamiz. Hikoyago‘ylikka ishtiyoqi va o‘zbekning haqiqiy iste’dodlarini dunyoga namoyon etish istagi bilan yonadigan Muxlisa ijodiy yo‘li va tashabbuslarining ta’siri haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi. Muxlisa ayni kunlarda jamoasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib, “O‘zbekistonlik” serialining AQSHdagi o‘zbeklar haqidagi soni ustida ish olib bormoqda.
– Muxlisa, fotografiya va kinorejissyorlikdan “O‘zbekistonlik” kabi ilg‘or tashabbuslargacha bo‘lgan sayohatingiz haqiqatan ham kishini ilhomlantiradi. Ayting-chi, sizni hujjatli kino san’atiga nima yetaklab keldi?
– Bilasizmi, bu chin ma’nodagi sayohat bo‘ldi. Vizual hikoya qudrati doim meni hayratga solgan. “O‘zbekistonlik” loyihasida o‘zbek diasporalari hikoyalarining rang-barang hikoyalarini kadrga muhrlash imkoniyatini ko‘rdim.
To‘g‘ri vaqtda to‘g‘ri joyda bo‘lganim omadim bo‘ldi. Fotografiya va prodyuserlik sohasida bir oz tajriba orttirganimdan so‘ng film suratga olish haqida o‘ylay boshladim. Bu 2017 yilda yangi prezident kelib, O‘zbekistonda islohotlar va dunyoga ochiqlik boshlangan davrga to‘g‘ri keldi. Oldimda murabbiylarim, jamoam va hamkasblarim borligi mening baxtim edi, shunday qilib 2018 yilda O‘zbekistondagi eng muvaffaqqiyatli blokbasterlardan biriga aylangan “Skorpion” filmini suratga oldik. Ammo xorijiy kinosanoatlardan ko‘p narsalarni o‘rganishimizga zarurat borligini anglab yetdik, shu bois O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasini tuzib, xalqaro kinoloyihalarni O‘zbekistonga olib kirishni maqsad qildik.
Berlindan tortib Gonkongu Los-Anjelesgacha butun dunyo bo‘ylab kinobozorlarda O‘zbekistonni namoyish etarkanmiz, xorijda yashayotgan ko‘plab o‘zbekistonliklar bilan uchrashish imkoni paydo bo‘ldi. Jamoam bilan haligacha eslaymiz: masalan, Kann kinofestivalida milliy pavilonimizni ochish uchun borganimizda Fransiyaning allaqayerida qo‘nim topgan o‘zbekistonliklar bizni Kot-d-Azur aeroportida ichimliklar, shokolad va sharlar bilan kutib olishgandi.
Ijodkorligimga borib dunyoning turli nuqtalarida yashab, mehnat qilib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan minglab beqiyos insonlar haqida hikoya qilish to‘g‘risida o‘ylay boshladim. Hujjatli kino san’ati haqqoniyligi va keng ko‘lamligi tufayli o‘zbeklarning tajribasi va yutuqlarini butun dunyoga namoyish etish uchun mukammal vosita bo‘lib tuyuldi.
“O‘zbekistonlik” chin ma’noda mehr mahsuli bo‘ldi. Salkam ikki yil ichida 4 milliondan ziyod ko‘rishlar soniga erishib, tomoshabinlar orasida shov-shuv uyg‘otganimizni ko‘rib, boshim ko‘kka yetdi. Hozir birgina YouTube’ning o‘zida umumiy ko‘rishlar soni 10 millionga yaqin.
– Ko‘rinib turibdiki, “O‘zbekistonlik” dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlarni qamray ola bildi. Qanday qilib ushbu hujjatli loyiha Uzbekistan's Club'ning eng yirik tashabbusiga aylandi? Uning zamirida qanday umumiy qarash yotadi?
– Ha, “O‘zbekistonlik” ishning boshlanishi edi xolos. Ta’sirli hikoyalar bilan o‘rtoqlashar ekanmiz, oliy narsalar – o‘zbek iste’dodining g‘ururi, birdamligi va tantanasi haqida jar solishimiz kerakligini his qildik. Shu tariqa Uzbekistan's Club tug‘ildi. Loyihadan ko‘zlangan maqsad yoshlarni ilhomlantirish va qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda qaror qabul qiluvchilar, ziyolilar va tadbirkorlarni O‘zbekiston salohiyatini jahon miqyosida targ‘ib qilishga jalb etish hamdir.
Turli tashabbuslar va hamkorliklar orqali jo‘shqin madaniyatimizni, xalqimizning intiluvchanligini namoyish etishni maqsad qilganmiz. Hujjatli filmlardan tortib, “O‘zbekistonlik” forumi kabi tadbirlar orqali turli ovozlar va g‘oyalarga minbar tutuvchi, chegaralar osha muloqot va hamkorlikni rivojlantiruvchi platformalar yaratishga intilamiz.
Jamoam bilan ijobiy portfelga ega bo‘lganimiz, O‘zbekiston dunyoga ochilgan 2017 yildan beri turli tadbirlar va loyihalar orqali davom etib kelayotgan hamkorligimiz tufayli Yoshlar ishlari agentligi avvalboshdanoq bizni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Masalan, O‘zbekiston Kinematografiyani rivojlantirish markazidagi faoliyatim haqiqatan ham o‘zgarishlarga boy bo‘ldi.
Menga alohida faxr hissni bag‘ishlaydigan tashabbuslardan biri bu – Art House. Men asoschilaridan biri bo‘lgan bu loyiha milliy kinosanoatda yangi iste’dodlarni tarbiyalash uchun platforma sifatida xizmat qiladi. Art House orqali yoshlar uchun taniqli o‘zbek kinorejissyorlari, aktyorlar va soha mutaxassislari ishtirokida bepul mashg‘ulotlar va mahorat darslarini uyushtiramiz. Bunday mashg‘ulotlar izlanuvchan kinoijodkorlarga o‘z mahoratini oshirish va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda asqatadigan bebaho tushunchalar, yo‘l-yo‘riq va amaliy ko‘nikmalarni beradi. Dastur beqiyos ustozlarni jalb qilgani bilan maqtansa arzigulik. Ayub Shahobiddinov, Yolqin To‘ychiyev, Rashid Malikov kabi taniqli kinorejissyorlar, Alisher Uzoqov, Ra’no Shodiyeva singari iste’dodli aktyorlar shu jumladandir.
Bu loyihada ham Yoshlar ishlari agentligi bosh homiy sifatida chiqdi. Aynan mana shu tajriba tufayli ularni navbatdagi loyihamiz – “O‘zbekistonlik”ka sarmoya kiritishga ko‘ndira oldik.
Keyinchalik mamlakatdagi eng yirik kompaniyalar, shuningdek, boshqa davlat idoralari, O‘zbekistonning butun dunyodagi elchixonalari hamkor sifatida klubimizga qo‘shildi va endi ko‘proq ishlar qilishimiz mumkinligi, balki ehtimol, zarurligini angladik. Asosiy maqsadimiz O‘zbekistonni yaxshiroq makonga aylantirish uchun g‘oya va qarashlarimizni yetkazishga harakat qilish ekan, hujjatli filmlar bilan cheklanib qolmaslikka qaror qildik va keyinchalik “O‘zbekistonlik. Students” nomli ma’rifiy-ko‘ngilochar spin-off, podkastlar seriyasi va boshqa tashabbuslarni ham yo‘lga qo‘ydik.
– Uzbekistan's Club jurnalining nashr etilishi turli ovoz va g‘oyalarga minbar tutishga qaratilgan missiyangizning bevosita davomidek. Jurnalning maqsadlari va keng tashabbus doirasidagi o‘rni haqida ko‘proq ma’lumot bera olasizmi?
– Albatta. Uzbekistan's Club jurnali o‘zbek jamiyati va boy madaniyatini namoyish etish uchun platforma bo‘lib xizmat qiladi. Taniqli jurnalistlar, blogerlar va yozuvchilarning mehnati bilan mazkur nashr O‘zbekiston madaniy landshaftining turli jabhalari haqida ma’lumot beradi.
Maqsadimiz stereotiplarga qarshi kurashish, dunyo bo‘ylab o‘quvchilar o‘rtasida muloqotni va o‘zaro tushunishni rivojlantirishdir. Innovatsiyalar, bunyodkorlik va qat’iyatlilik haqidagi hikoyalarni baham ko‘rish orqali o‘zbekistonliklarning yangi avlodini o‘z merosini qabul qilishga va mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shishga ilhomlantirishni maqsad qilganmiz.
2023 yil oktyabrida Londonda o‘tkazilgan forum chog‘ida Uzbekistan's Club jurnalining ilk soni dunyo yuzini ko‘rgach, jurnalni deyarli barcha vazirliklar va yuqori darajadagi idoralarga yetkazib berishimizni so‘rashdi. Eng ilg‘or fuqarolar va eng ijtimoiy mas’uliyatli bizneslar reytingi, shuningdek, Britaniyadagi o‘zbek muhojirlarining muvaffaqqiyatlari haqidagi hikoyalarimiz va boshqa qator maqolalarimiz O‘zbekistondagi eng nufuzli shaxslarning e’tiborini tortdi.
– Uzbekistan's Club'ga qadar O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasini faol boshqargansiz. Kinokomissiyani tuzishingizga nima turtki bo‘ldi va u mahalliy kino sanoatiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?
– O‘zbekiston Milliy kinokomissiyasining tashkil etilishi mamlakatimiz kinematografiya salohiyatini dunyoga namoyish etish istagidan kelib chiqdi. Hamkorlikka ko‘maklashish va go‘zal maskanlarimizni targ‘ib qilish orqali xorijiy prodyuserlarni jalb etish va O‘zbekistonning jahon kino sanoatidagi nufuzini oshirishni maqsad qilganmiz.
Kinokomissiya mahalliy kino sanoatini jonlantirish, hamkorlikni rivojlantirish va uning global miqyosda tanilishida muhim rol o‘ynadi. “O‘zbekistonda film” kampaniyasi va xalqaro kino bozorlarida ishtirok etish kabi tashabbuslar orqali O‘zbekistonni mahalliy iste’dodlar uchun investitsiyalar va imkoniyatlarni jalb qiluvchi asosiy suratga olish maskaniga aylantirdik.
– Siz Toshkentdagi yirik tadbirlarga rahbarlik qilgansiz. Nima deb o‘ylaysiz, bu tadbirlar O‘zbekistonning madaniy landshaftini shakllantirishga qanday hissa qo‘shadi?
– Tadbirlar muloqot, hamkorlik va ilhom uchun kuchli platforma bo‘lib xizmat qiladi. Toshkent yoshlar forumi, PROlogue kinofestivali, “Tahsin” taqdirlash marosimi, “Besh Tashabbus”, Urban Fest yangi iqtidor egalariga o‘zlarini namoyish etish, soha mutaxassislari bilan muloqotga kirishish va fikr almashish imkonini beradi.
Ushbu tadbirlar jonli madaniy ekotizimni qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekistonning madaniy landshaftini shakllantirishga va ijodiy iste’dodlarning yangi avlodini tarbiyalashga hissa qo‘shadi. Filmlar namoyishidan tortib panel muhokamalari va mahorat darslari orqali bunday tadbirlar qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ladi, aloqalarni mustahkamlaydi va jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarga turtki beradi.
Jamoamning bunday yirik tadbirlarda orttirgan tajribasi oxirgi ikki yil davomida Berlin, Parij va Londonda oliy darajadagi “O‘zbekistonlik” forumlarini tashkil etishimizga yordam berganidan mamnunman. Dastlab bu forumlar o‘zbekistonliklar o‘rtasida fikr almashuvi uchun maydon bo‘lib xizmat qilishi, qolaversa, hujjatli filmlarimiz premerasi uchun imkoniyat bo‘lishini xohlagandik. Bu forumlar diasporalarda ham, O‘zbekiston taqdiri bilan qiziquvchi xorijlik mehmonlarda ham ko‘plab ijobiy fikrlarga sabab bo‘lgani bois ularni yanada ko‘proq poytaxtlarda, kengroq miqyosda o‘tkazishda davom etish istagi tug‘ildi.
2023 yil oktyabrida Londonda bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonlik” forumi haqiqiy shov-shuv bo‘ldi. Unda O‘zbekistonga sarmoya kiritayotgan eng yirik xalqaro moliya instituti – Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki prezidenti ishtirok etib, nutq so‘zladi. Boshqa bir qator mehmonlar qatorida YETTB prezidenti Odil Reno-Basso xonimni kutib olish baxtiga muyassar bo‘ldik. Bunday yuqori darajadagi siyosatchidan qo‘llov so‘zlarini eshitish juda yoqimli bo‘ldi. Darvoqe, O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan davlatlarda nodavlat tashkilot bo‘lsangiz, yuqori darajadagi qaror qabul qiluvchilarning ishtiroki kamdan-kam uchraydi.
– Navbatdagi “O‘zbekistonlik” forumini qachon o‘tkazishni rejalashtiryapsiz? Hozir AQSHdasiz. Uzbekistan's Club an’analariga rioya qilgan holda u Nyu-York yoki Vashingtonda bo‘lishi kerak, shundaymi?
– Ha, yaqinda AQSHdagi mavsumimiz haqida press-reliz e’lon qildik. AQSHda anchagina kontentni suratga olish rejalashtirilgan. Navbatdagi “O‘zbekistonlik” forumi 2024 yil iyun oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadi.
– Umid qilamanki, bu forum ajoyib o‘tadi va muhim masalalarga ko‘proq e’tiborni jalb qiladi.
– Ha, biz ham Uzbekistan's Club yanada kengayishiga umid qilamiz. 2023 yilda o‘zbekistonliklar uchun onlayn integratsiya platformasi sifatida xizmat qiladigan uzbekistans.club rasmiy veb-saytimizni to‘liq ishga tushirdik. 30dan ortiq bosh rezidentlar, ilgari loyihalarimizda ishtirok etgan, jurnaldagi maqolalar, hujjatli filmlar, podkast seriyalar va boshqa spin-offlarimizda namoyish etilgan yuqori darajadagi rezidentlardan tashqari 100 dan ziyod saralangan rezidentlarimiz mavjud.
Shuningdek, bir necha o‘nlab media rezidentlarimiz, O‘zbekistondagi media vakillari – blogerlar, jurnalistlar, inflyuyenserlar va fikr yetakchilari bo‘lib, ular ovozimizni keng yoyishga ko‘maklashishadi. Ularning barchasini uzbekistans.club saytida topish mumkin, u yerda rezidentlarni faoliyat sohasi, yashash, ish manzili hamda qiziqishlari bo‘yicha izlash va saralash mumkin.
Har bir “O‘zbekistonlik” forumi o‘zaro jonli muloqotni tashkil etishga yordam beradi. Lekin ular keyinchalik ham onlayn aloqani davom ettirishlarini istaymiz. Bu masalada jamoamiz va hamkorlarimizning oylab mehnati samarasi bo‘lgan veb-platforma yordamga keladi.
– Muxlisa, bizga vaqt ajratganingiz uchun tashakkur. Uzbekistan's Club yangiliklarini kuzatib boramiz.
Saidaziz A’zamov suhbatlashdi
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?