O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr va kino aktyori Mehriddin Rahmatov “Daryo”ga bergan intervyusida o‘zbek kinosidagi bugungi muammolar va orzusidagi obrazlari haqida gapirdi.
— Hozir hamma narsani kino deb bo‘lmaydi. Falonchi kino olyapti, pismadonchi kino ishlayapti — bularning bari telenovellaga o‘xshash narsa. Ular badiiy film emas. Haqiqiy film haqida gapirsam, ustozlar, o‘z ishining ustalari bo‘lgan insonlar o‘ynagan kinolar bor — “O‘tkan kunlar”. Mustaqillikdan keyin ham ishlangan yaxshi filmlar talaygina — ular bilan bularni aralashtirish kerak emas. Nega o‘zbek kinosi unday, nega bunday deyishadi, tushunmayman. O‘zbek kinosi emas ular! Avval badiiy film bilan novellani ajratib olish kerak. Ahad Qayumni gapirishadi, uning mahsulotiga tirikchilik manbai sifatida qarash kerak. U kino emas! Shuni tushuntira olmayapmiz. Kinoning o‘z olami, o‘z odamlari bor. Yaxshi filmlar yana ishlanadi, albatta.
Aktyor kasbining qiyinchiligi, bemor holida ham suratga olish maydonchasiga yetib borgani haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
— Bilsangiz, vitamin E degan ukol bor. Uni olgandan keyin safarga chiqish, zax, sovuq joylarda yurish mumkinmas. Shu ukolni uch-to‘rt kun olganimdan keyin suratga olish maydonchasiga ketganman. “Qasamyod” filmining syomkasi edi, Shahrisabzning tog‘li hududida bo‘lgan. Qish paytlari, aktyorlar jamoasini yozgi lagerga joylashtirishgan. O‘z nomi bilan yozgi — sharoiti ham shunga mo‘ljallangan. Isitish tizimi u yoqda tursin, chiroq yo‘q edi, sham ko‘tarib yurgandik. Ustoz Rixsi Ibrohimova, yana bir qancha aktyorlar bor edi, choponlarga o‘ranib olganmiz. Ishonasizmi, hech kim kasbidan nolimagan, chidagan. Chunki hamma kasbini sevgan.
Xullas, orada teatrdagi spektakl uchun Toshkentga borib kelishim kerak edi. Poytaxtga qaytganman, rolni o‘ynab, kechasi yana yo‘lga chiqishim kerak edi. Haligi vitamin Ye sovuqda ko‘p yurganim uchun aks ta’sir berib yuborgan, isitmam 39-40 darajaga ko‘tarilib ketgan. Armiya qo‘mondoni rolini o‘ynashim kerak.
Qaysi soha egasi shunday baland harorat bilan ishga boradi? Rejissyorga aytsam, kelmasangiz bo‘lmaydi deydi. O‘rnimga kim boradi? Shunda ayolimning ko‘ziga yosh kelib shu sizga zarurmi, dadasi, degan. Zarur, deganman. Meni butun boshli armiya kutyapti, hammasi rejalashtirilgan, moliyalashtirilgan. Qaytadan suratga olish uchun katta mablag‘ ketadi. Bir oyog‘im qotib ishlamay qolgan, qayerdandir hassa topib, taksiga o‘tirib Shahrisabzga yetib borganman.
Rejissyor ahvolimni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, “Ha, chindan ham mazangiz yo‘q ekan” deb, men epizodimni o‘ynab bo‘lishim bilan orqaga jo‘natib yuborgan.
Mehriddin Rahmatov Jaloliddin Manguberdi obrazi uchun turk aktyori olingani, rolni romantik qilib yuborishgani haqida kuyinib gapirdi.
— Jaloliddin Manguberdi rolini turk aktyori o‘ynaganda ich-ichimdan og‘rindim. Rosti, bu rolni ijro etishni juda xohlagandim. Uning hayoti, yurishlari, faoliyati haqida 7 yil shug‘ullandim, hozir ham o‘rganib kelyapman. Bir aktrisa Xorazmdagi muzeyga borganda sarkardaning haykalini tasvirga olib, sizning haykalingizni o‘rnatib qo‘yishibdi deb, menga video yuborgan edi. Ko‘pchilik shu rolga siz mossiz deganida, spektakllarda uning rolini ijro etganimda va yuqoridagi o‘xshashliklar sabab bu obrazga mehrim boshqacha tushgandi. Niyatim so‘ngani yo‘q, ichimda Jaloliddin obrazi yashaydi. Nasib etsa xalqimizga shu rolni taqdim etaman.
— Har bir aktyorning orzusi bo‘ladi. Mening orzuyimdagi rol — Jaloliddin Manguberdi obrazi. Ko‘pchilikning fikricha yoshim o‘tganmish. Lekin hali qalbim yosh (kulib). Shaxsiy fikrim — Jaloliddin yoki shu kabi sarkardalarning yuz tuzilishi romantik bo‘lmagan. Ular sevgi-muhabbat haqida gapirib, gulzorma gulzor shataloq otishga vaqti bo‘lmagan. Uning fikri kecha-yu kunduz xalqni birlashtirish bo‘lgan. 17-18 yoshida jangga kirib, shu yoshida dushman qo‘lidan otasini qutqarib qolgan. 33 yosh — o‘limiga qadar qo‘lidan qilichni qo‘ymagan. Bitta jangda minglab mo‘g‘ulni o‘ldirishga majbur bo‘lgan insonning yuzini tasavvur qilib ko‘ring. Gul ko‘taradigan inson bo‘ladimi u? Bu kabi insonlar haqida film olganda xato qilishga haqqimiz yo‘q. Sevgi-muhabbat epizodlari bunday filmlarga shart emas deb o‘ylayman. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi