
“Real Madrid” jamoasi yosh va iqtidorli futbolchilarni jamoaga jalb etish siyosatida davom etmoqda. Bu safar madridliklar Italiyaning “Yuventus” klubida faoliyat yuritayotgan turkiyalik qanot yarim himoyachisi Kenan Yildizga jiddiy qiziqish bildirgani haqida ma’lum qilindi, deb yozadi Tuttomercatoweb.
Ma’lumotga ko‘ra, transfer sohasidagi mashhur agent Jovanni Branchini intervyusida “Real” bosh murabbiyi Xabi Alonso Yildizni jamoaga olib kelishni juda istayapganini aytdi. Unga ko‘ra, Alonso Mbappedan tashqari “Los Blankos” safidagi istalgan futbolchini sotishga ham tayyor — faqatgina Yildizni sotib olish imkoni bo‘lsa, shunday yo‘l tutishni ma’qul ko‘ryapti.
Bu holat madridliklar uchun yosh iste’dodlar bo‘yicha yangi yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Yildizning o‘zi ham so‘nggi bir yilda Yevropada eng tez o‘sib kelayotgan futbolchilardan biri sifatida tilga olinmoqda.
20 yoshli turkiyalik futbolchi bu mavsumda “Yuventus” tarkibida juda faol o‘yin namoyish etmoqda. U barcha musobaqalarda 14 ta uchrashuvda maydonga tushib, beshta gol urgan va oltita golli uzatmani amalga oshirgan. Bu ko‘rsatkich uni A seriyadagi eng samarali yosh yarim himoyachilardan biriga aylantirdi.
Yildizning “Yuventus” bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil yozigacha amal qiladi. Bu esa uning transferi uchun juda katta mablag‘ talab etilishini anglatadi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor bahosi 75 million yevro atrofida.
Shu bilan birga, italiyalik muxlislar Yildizning ketishiga qarshi chiqmoqda — chunki u klubning kelajagi sifatida ko‘rilmoqda. Ammo agar “Real Madrid” jiddiy taklif bilan chiqsa, “Yuventus” rahbariyati bu variantni ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishi mumkin.
Futbol tahlilchilari ta’kidlashicha, Yildizning o‘yin uslubi va texnikasi “Real”ning hozirgi tuzilishiga mos tushadi. U tezlik, dribling va uzatmalardagi aniqligi bilan ajralib turadi — bu esa madridliklar qanotini yanada kuchaytirish imkonini beradi.
Shu tariqa, Kenan Yildiz Yevropa futbolidagi eng qiziqarli transfer mavzulari markazida turibdi. Agar “Real Madrid” bu bitimni amalga oshira olsa, klub yosh, iste’dodli va kelajakda yetakchiga aylanishi mumkin bo‘lgan yana bir yarim himoyachini o‘z safiga qo‘shgan bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!