22:37 / 02.10.2024
106

Shohida va Mahmud Ismoilovlarning kuyovi hozirgi san’atkorlar va vaynerlarni tanqid qildi

Shohida va Mahmud Ismoilovlarning kuyovi hozirgi san’atkorlar va vaynerlarni tanqid qildi
Milliy teatr aktyori, Shohida va Mahmud Ismoilovlarning kuyovi Baxtiyor Yusupov “Daryo”ga bergan intervyusida to‘ylarga chiqmasligi, faqat aktyorlikdan pul topishni xohlashi haqida gapirib, qiziqchi hamda vaynerlarning hozirgi bir marta ko‘rishli, 18+ videolarni tanqid qildi.

— Siz tomoshabinlarga ko‘proq qanday ampluada ko‘rinasiz?
— Rostini aytsam, bir qolipga tushib qolmaslikka harakat qilaman. Drama, tragediya va komediya janrida ham maromiga yetkazib rol ijro etishga intilaman. O‘zim yaxshi ko‘rgan rol — Otabekni o‘ynayotganda oxirida qiynalib ketaman. Kumushga zahar berilgan sahnada hissiyotga berilib ketaman. Rol tabiiy chiqishi uchun aktyor qahramonning o‘rniga o‘z dardini, yarasini qo‘ya olishi kerak. Birinchi qatorda o‘tirgan tomoshabinga aktyor rolni tabiiy o‘ynamayotgani seziladi. Baqiradigan sahnalarda tomoshabin cho‘chib ketmasa, demak, u qahramonni his qilyapti. Aksincha qo‘rqitib yuborsangiz, rolingiz notabiiyligi shunda bilinadi. Rol o‘ynayotgan vaqtda aktyorning xayoli to‘yda yo boshqa narsalarda bo‘lsa, bu yaqqol seziladi.

Shaxsan o‘zim hozir to‘ylarga bormayman, 7-8 yillar avval chiqqanman, albatta. Guruhimiz bo‘lardi, qo‘shiq aytardim, hozir esa buni yig‘ishtirganman. Sababi to‘y mening ishim emas. To‘g‘ri, yaxshi pul topardim, bir oyda kamida 10-15 ta to‘yga chiqardik. Lekin to‘yga borish ayb emas, yomonlashdan yiroqman.

Bu kasbimiz — odamlar bizni teatrda ko‘rgandan keyin hurmat qilib to‘yimni o‘tkazib bering deb, eshikdan chiqishimni kutib turadi. Lekin uzr so‘rab, chiroyli rad qilaman. Kasbimdan kelib chiqib, o‘z sohamdan pul topishni istayman, qo‘shiq aytishni bilganim uchun emas. To‘yga chiqsam bo‘g‘iladigan bo‘lib qolibman.

— Har bir aktyorning o‘z xohishi bo‘ladi, o‘zingizga qolsa qanday rollarni ko‘proq o‘ynagan bo‘lardingiz? Yoki rol tanlamaysizmi?
— Tanlayman. Komediya janridagi filmda tushishni xohlayman, sababi u qiyin janr. Fikr-xayol faqat rolda bo‘lishni talab qiladi. Komediyada yuzingizni qiyshaytirib, qandaydir qiliqlar bilan tomoshabinni kuldirish mumkin, lekin bu uzoqqa bormaydi. Komediya — yuksak madaniyatdan kelib chiqadi, deb bir rejissyor ko‘p aytardi.

Oldingi komediyalarni eslaylik, Ergash Karimov kabi ustozlar qanday rollar o‘ynardi?! Ularning kinodagi gap-so‘zlari xalqqa singib ketgan. Kinolarda bitta dublda o‘n daqiqalik kadrlar olingan. Chunki ularda kitob o‘qish oddiy hol bo‘lgan, hozir yoshlar kitob o‘qiyotganini ko‘rmayapman.

Hozirgi vaynerlarni qarang, bir marta ko‘ramiz, qaytib ko‘rilmaydi. San’at arzon bo‘lib ketdi. Qiziqchilardan Avaz Oxun bor, uni qolganlar bilan solishtirganda Avaz Oxun bitta. Qolganlari bir martalik “hiring-hiring”lar.
Ularni oldingizdan chiqib qolganda ko‘rmasangiz, o‘zingiz qidirib topib ko‘rmaysiz. Hozirgi qiziqchilarning so‘z boyligi chegaralangan — “beldan past mavzusi”ni olib chiqishadi, lekin yaxshi mavzulari ham yo‘q emas.

— Gitara chalmaganimga ham 8-9 yil bo‘lib qolgandi, intervyuga tayyorlanaman deb 3-4 kun avval qo‘limga gitarani olib o‘tirsam qaynotam Mahmud Ismoilov “Xo‘sh, nima kuy bastaladingiz” deb qoldi (kulib). Mahmud Ismoilov va Shohida Ismoilova ikkinchi ota-onam. Uyda ham, ular bilan ham san’at mavzusida suhbatlashamiz.

— Fikringiz qiziq: bugun internetda yolg‘on, bo‘htonlar ko‘p. Shuni qanday to‘xtatsa bo‘ladi, qaysi omil bilan?
— Andijonlik bir akam bor, shu kishiga ko‘chani qarang, aka, buzilib ketyapti, deb o‘zimcha bir gapirgandim. “Tasavvur qil: ko‘cha jazirama issiq, ko‘chaga havo sovitgich qo‘yib bo‘lmaydi. Nima qilsa bo‘ladi? Har kim o‘z uyiga, ofisiga sovitgich qo‘yadi. Shu orqali hamma o‘zini isloh qiladi. O‘zgarishni, yaxshilanishni o‘zimizdan boshlasak, atrof ham o‘zgaradi” degandi. Mening ham internetga munosabatim shunday.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Shohida va Mahmud Ismoilovlarning kuyovi hozirgi san’atkorlar va vaynerlarni tanqid qildi