
Polshada joylashgan mashhur studiya CD Projekt RED tomonidan ishlab chiqilayotgan Cyberpunk 2077 o‘yinining davomiy qismi yaqin yillarda chiqmasligi mumkin. Noble Securities tahlilchilari bahosiga tayangan holda Strefa Inwestorow portali xabariga ko‘ra, yangi qism 2030 yildan oldin taqdim etilmaydi.
Tahlilchilar fikricha, reliz sanasining orqaga surilishi tasodifiy emas. Ishlab chiquvchilar bu safar shoshilmasdan, o‘yinni texnik jihatdan puxta holatga keltirishni maqsad qilgan. Xususan, davomiy qismda ko‘p foydalanuvchi rejimi (multiplayer) to‘liq ishlab chiqilib, asosiy o‘yin mexanikasiga organik tarzda qo‘shilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, yangi Cyberpunk aynan birinchi qism chiqarilganiga o‘n yil to‘lishi munosabati bilan taqdim etilishi mumkinligi ham taxmin qilinmoqda. Bu esa loyihani nafaqat texnik, balki ramziy jihatdan ham muhim qiladi.
Ma’lumot uchun, Cyberpunk 2077 ilk bor 2012 yillarda ishlab chiqila boshlangan va reliz sanasi bir necha bor ko‘chirilgan. Avvaliga 2019 yilda chiqishi rejalashtirilgan o‘yin oxir-oqibat 2020 yil noyabrida sotuvga chiqarildi. Biroq relizdan keyin yuzaga kelgan jiddiy texnik muammolar, ayniqsa konsol versiyalardagi xatolar, katta tanqid va janjallarga sabab bo‘lgan edi.
Aynan shu salbiy tajriba studiyani yangi loyihalarda ancha ehtiyotkor va bosqichma-bosqich ish olib borishga majbur qilgani ta’kidlanmoqda. CD Projekt RED bu safar sifatni birinchi o‘ringa qo‘ymoqchi.
Shu orada studiya boshqa mashhur franshizani ham unutgani yo‘q. 2026 yilda The Witcher 3: Wild Hunt uchun pullik syujetli qo‘shimcha chiqarish rejalashtirilgan. Ushbu qo‘shimcha 2015 yilda chiqqan o‘yin voqealarini yangi The Witcher 4 bilan bog‘lab berishni maqsad qiladi.
“The Witcher” seriyasining to‘liq yangi qismi esa, dastlabki rejalarga ko‘ra, 2027 yil oxirida o‘yin muxlislari e’tiboriga havola etiladi. Shu tariqa, CD Projekt RED yaqin o‘n yillikda yirik relizlarni shoshilmasdan, lekin puxta reja asosida taqdim etish yo‘lini tanlayotgani ko‘rinib turibdi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.