date

Rahmonali Suropov “Qalpoq” Warner Bros’ga qanday yetib borganini haqida so‘zlab berdi

Rahmonali Suropov “Qalpoq” Warner Bros’ga qanday yetib borganini haqida so‘zlab berdi

“Qalpoq” hajviy ko‘rsatuvi asoschisi, aktyor va ssenarist Rahmonali Suropov ushbu loyiha qanday qilib dunyoga mashhur Warner Bros kinokompaniyasi e’tiboriga tushgani, AQSHga safar taassurotlari hamda ijodiy hayotidagi qiziq voqealar haqida so‘zlab berdi.

Uning aytishicha, dastlab Warner Bros’dan kelgan taklifnomani faqat “Qalpoq” hajviy ko‘rsatuvi uchun yuborilgan, deb o‘ylashgan. Ammo AQSHga yetib borgach, tanlovda 30 davlatdan ijodkorlar ishtirok etayotgani ma’lum bo‘lgan. Ikki davlat chetlatilgandan so‘ng, 28 mamlakatdan kelgan ssenariylar qabul qilingan. Suropovning ta’kidlashicha, Amerikada kitoblar yozib, ssenariylar bilan shug‘ullanadigan tanishi orqali ularga ham taklif xati yuborilgan. Safar xarajatlari uchun yo‘l chiptalaridan tashqari 20 ming dollar ajratilgan.

“Avvaliga faqat biz chaqirilgandek tuyuldi. Lekin boshqa davlatlardan ham kelgan ijodkorlarni ko‘rib, bir oz ruhiyatim tushdi”, deya eslaydi u. Ular “Qalpoq”dan tashqari ekshn janridagi film ssenariysini ham tayyorlab borishgan. Hajviy ko‘rsatuv ssenariysi sketch formatda bo‘lmagani uchun qabul qilinmagan, ammo ekshn film ssenariysi kinokompaniya tomonidan olib qolingan. Tanlov natijalari 3 oydan 1-yilgacha muddatda ma’lum qilinishi aytilgan, shu bilan birga jamoa ikkinchi bor 15 kunlik safar bilan yana AQSHga taklif etilgan.

Suropov safar davomida Nyu-York, Vashington va Floridada bo‘lganini, eng katta taassurotni esa Nyu-York qoldirganini aytib o‘tdi. U yomg‘irli kunda 600 kilometr yo‘l bosib o‘tgan qora mashinaning loyga botmaganini hayrat bilan eslaydi. Shuningdek, Vashingtondan Floridagacha bo‘lgan yo‘lning katta qismi o‘rmonlar bilan qoplangani va tabiatga munosabat uni o‘ylantirganini ta’kidladi.

Ijodkorning aytishicha, “Qalpoq”ning bir ko‘rsatuvi uchun taxminan 700 dollar sarflanadi va deyarli shu miqdorda daromad keladi. Agar ekshn film ssenariysi g‘olib bo‘lsa, kamida 200 ming dollar gonorar olish mumkin. Ikkinchi safarga u katta jamoa — Sherzod Kattaboboyev, Orif Sultonov va Fotima Nazarovalar bilan borishni rejalashtirgan, hatto “Qalpoq”ning yangi yil sonini AQSHda suratga olish niyati ham bor.

Suropov xorijda telefoni o‘g‘irlab ketilganini ham afsus bilan tilga oldi. Telefon qimmat bo‘lmagan, ammo ichida yillar davomida to‘plangan ssenariy g‘oyalari saqlangani uni qattiq o‘ylantirgan.

Suhbat davomida u eng qiziq xotiralaridan birini ham aytib berdi. Bir vaqtlar telekanal reklama roligi uchun xo‘rozni televizorni yoqishga o‘rgatgan. Bir xonali kvartirada yashab, xo‘roz bilan “mashq” qilgani, uning ortidan gilam tozalab yurgani, suratga olish paytida esa xo‘roz rejissyor baqirganidan keyin barcha o‘rgangan harakatlarini unutib qo‘ygani kulgili tarzda esga olindi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Madaniyat » Rahmonali Suropov “Qalpoq” Warner Bros’ga qanday yetib borganini haqida so‘zlab berdi