Baliq Qozog‘istonda qoldi Lindemannning Toshkentdagi konserti shov-shuvsiz o‘tdi

Rammstein guruhining solisti Till Lindemann Toshkentda sahnaga chiqdi, biroq bu gal konsert uning odatiy epataj unsurlararisiz o‘tdi. «RIA Novosti» yozishicha, avvalroq Qozog‘istondagi chiqishlarida u tomoshabinlar tomon baliq va piroglar uloqtirgan.
Toshkentdagi konsert 9 yanvar kuni Axelon Karting Centre karting markazi hududida tashkil etildi. Tashkilotchilarga ko‘ra, tomoshabinlarning qariyb yarmi xorijdan kelgan bo‘lib, ularning asosiy qismi Rossiyadan tashrif buyurgan.
Chiptalar narxi 1,2 mln so‘mdan boshlangan, VIP hududga kirish esa 4 mln so‘m etib belgilangan. Konsertga faqat voyaga yetganlar kiritildi.
8 ming kishiga mo‘ljallangan maydon 80% ga yaqin to‘ldi. Chiqish davomida Lindemann tomoshabinlarni «Davaй, davaй!» deya ruhlantirib turgan, yakunda esa «Danke, спасибо!» so‘zlari bilan minnatdorlik bildirgan.
Till Lindemann — nemis musiqachisi, shoir va vokalist bo‘lib, keng jamoatchilikka Rammstein guruhining frontmeni sifatida tanilgan. U kuchli ijro uslubi hamda provokatsion sahna obrazlari bilan mashhur, shuningdek, Lindemann nomli yakkaxon loyihasi ustida ishlaydi va she’riy to‘plamlar ham nashr etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!