date

Oltin globus «Jang ortidan jang» to‘rtta sovrinni qo‘lga kiritdi...

Oltin globus «Jang ortidan jang» to‘rtta sovrinni qo‘lga kiritdi...

Los-Anjelesda bo‘lib o‘tgan “Oltin globus” mukofotining 83-marosimida Pol Tomas Anderson suratga olgan tragikomediya — “Jang ortidan jang” kechaning eng yirik g‘olibiga aylandi. Kartina komediya yoki myuzikl yo‘nalishida eng yaxshi film, eng yaxshi rejissura, eng yaxshi ssenariy va ikkinchi plandagi eng yaxshi ayol roli kabi to‘rtta nominatsiyada sovrinni olib ketdi. Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa mukofoti Tiyana Teylorga topshirildi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.

“Eng yaxshi drama” yo‘nalishida esa Xloi Chjao ishlagan “Gamnet” filmi g‘olib bo‘ldi. Bu — Meggi O’Farrell romaniga asoslangan, Uilyam Shekspirning yoshlik davriga bag‘ishlangan ekran asari. Filmning bosh ijrochisi Jessi Bakli dramatik filmda eng yaxshi ayol roli uchun “Oltin globus”ga sazovor bo‘ldi.

Xorijiy filmlar orasida braziliyalik rejissyor Kleber Mendonsa Filyo suratga olgan “Maxfiy agent” trilleri eng yaxshi deb topildi. Ushbu filmda bosh rolni ijro etgan Vagner Moura esa drama janrida eng yaxshi aktyor mukofotini qo‘lga kiritdi.

Komediya yoki myuzikl janridagi eng yaxshi erkak roli bo‘yicha Timoti Shalame ilk bor faoliyatida “Oltin globus”ni yutdi — u “Marti Ajoyib” filmidagi ijrosi bilan taqdirlandi.

Seriallar bo‘yicha dramatik mukofot “Pitt shifoxonasi” loyihasiga nasib etdi, unda rol o‘ynagan Noa Uayli eng yaxshi erkak roli uchun haykalchani oldi. Eng yaxshi komediyaviy serial deb “Kinostudiya” tan olindi.

Rouz Birn komediya yoki myuzikl yo‘nalishida eng yaxshi aktrisa nominatsiyasida g‘olib chiqdi. Jin Smart esa “Hiylalar” komediyaviy serialidagi bosh roli uchun alohida taqdirlandi.

Mini-seriallar orasida “O‘tish yoshi” eng yaxshisi deb e’tirof etildi. Ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak roli nominatsiyasida 16 yoshli Ouen Kuper g‘olib chiqib, ushbu yo‘nalishda eng yosh sovrindorga aylandi. Mini-serialdagi eng yaxshi aktyorlik ishlari uchun Stiven Grem va Erin Doerti ham mukofotlarga ega bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Madaniyat » Oltin globus «Jang ortidan jang» to‘rtta sovrinni qo‘lga kiritdi...