“Ketishga tayyor edim…” — Bahrom Nazarov hayotidagi burilish haqida

Xonanda Bahrom Nazarov “ChotkiTV” ko‘rsatuviga bergan intervyusida san’at sohasiga kirib kelishidan avvalgi hayot yo‘li va unutilmas xotiralari bilan o‘rtoqlashdi. U o‘sha davrda qanchalik og‘ir tanlov qarshisida qolganini samimiy tarzda so‘zlab berdi.
Bahrom Nazarovning aytishicha, 2013 yillar atrofida u ishlash maqsadida Shvetsariyaga ketishni rejalashtirgan. Sababi, o‘sha paytda borib ishlamaslikning iloji yo‘q edi:
“Uy-joy qilaman, ishlab kelaman, degan niyatim bor edi. Ikki yoshli farzandim bor edi. Oilamni boqishim kerak edi,” — deydi xonanda.
U safarga chiqishdan avval ustozi oldiga borib, ularning duolarini olish, bergan non-tuzlariga rozichilik bildirishni lozim topganini ham eslab o‘tdi. Ammo ustozining javobi uning hayot yo‘lini butunlay o‘zgartirgan:
“Bahrom, sen harakatchan, ijodkor yigitsan. Yana bir bor harakat qilib ko‘r, bir eshikni taqillat. Balki kimdir ochib qolar. Agar bo‘lmasa, keyin ketaverasan,” — deganlar.
Shu maslahatdan ruhlangan Bahrom Nazarov yana bir bor harakat qilishga qaror qilganini va aynan shu qaror uning hayotida burilish bo‘lganini ta’kidladi:
“Men harakat qildim va o‘xshab ketdi. Olloh eshiklarni ochdi,” — deydi u.
Suhbat yakunida xonanda barchaga ibrat bo‘ladigan fikrini ham bildirib o‘tdi:
“Shuning uchun kim bo‘lishidan qat’i nazar, harakat qilish, intilish kerak. Eshikni taqillatib ko‘rish kerak. Olloh aytganidek: ‘Sen harakat qil, men beraman’. Bandasi shuncha harakat qilsa, Olloh bermaslikdan hayo qiladi,” — deya fikrini yakunladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!