U o‘zining noodatiy musiqa yo‘nalishiga ega. Xalqchil so‘zlar bilan hayotiy mavzularda ijod qilishi e’tiborni tortadi. Qizlar ismiga atab kuylangan qo‘shiqlari esa tildan tilga ko‘chib, ommalashgan. Muxlislarining so‘zlariga qaraganda, xonanda biroz kamnamo bo‘lib qolgan. Ammo uning o‘zi bu fikrda emas.
— Adham Soliev ijodi sustlashgan, avvalgidek faol emas, degan fikrlarga nima deysiz?
– Gapingizga umuman qo‘shilmayman. Chunki ijodim avvalgidan-da faollashgan, faqat izlanishdaman. Muxlislar meni har kuni televidenie orqali ko‘rib turishlari uchun esa mablag‘im etmaydimi, deb qo‘rqaman. Chunki bugun aksariyat teledasturlar, yangi qo‘shiqlar premerasi pullik. Har biriga to‘layversam, faqat o‘z reklamamga pul sarflashga to‘g‘ri kelayapti. Lekin men televidenie, radiolarni qoralashdan yiroqman. Hamma o‘zi ishi bilan band. Xizmatlar pullik degani bilan ayrim musiqiy telekanal va radiolar muxlislar talabidan kelib chiqib, qo‘shiqlarimni berib turishibdi. Shunisiga ham rahmat.
— Shunday bo‘lsa-da, repertuaringizda avvalgi xit taronalar «Qashqadaryodan Surhondaryoga», «Mohira», «Bo‘ri edim» kabilarni eshitmayapmiz.
— Xit yaratish nafaqat mening qo‘limda. Bu g‘oyibdan keladigan bir sehr, deb bilaman. Har bir xonanda va men ham shu o‘rinda har bir yozilayotgan qo‘shiqni omadli chiqib hammaga maqul kelishini, unga talab qo‘payishini xohlayman. Ammo bu faqatgina biz ijodkorlarga bog‘liq ish emas. Eng asosiysi harakatdan to‘xtaganimiz yo‘q. Masalan, kuni kecha to‘yxonadagi vaziyatlardan ta’sirlanib, qo‘shiq yozdik. Unda «Na bir joyda o‘qigan, o‘zini ovozi bo‘lmagan, na qo‘shiq kuylashni biladi, birovning ovozida qo‘shiq kuylaydi. To‘yga borsam menga navbat bermaydi» degan gaplar bor. Haqiqatan ham bugun boshqa xonandani fonogrammasiga faqat labini qimirlatib turadiganlar juda ko‘paygan. Haqiqiy iste’dodlar chetda qolib, sahnaning to‘ri shundaylarga tegyapti.
Bizning sohadagi bu muammoni qo‘shiqqa solib, ayrim «hamkasblarimga» to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsam, o‘z yo‘lini topishiga sababchi bo‘lsam, deyman. Bundan tashqari, «Adham ko‘rinmay qoldi» deydigan muxlislarim uchun maxsus konsert dasturini tashkillashtirish rejalashtirganmiz. Rejissyor Sa’dulla Abdullaev bilan hamkorlikda shu yili yakkaxon dasturni havola etamiz. Ammo bu doimgidek «Istiqlol» san’at saroyida bo‘lmaydi. Ishonch bilan aytamanki, men 2016 yilgi konserti bo‘ladigan erda hali hech qaysi xonanda konsert bermagan. Tog‘ yon bag‘ridagi bu uchrashuv ko‘plarning yodida uzoq vaqt saqlanib qolishiga ishonaman.
— Bugun siz boshlab bergan yo‘nalishda kuylovchi yosh xonandalar ko‘payib ketdi. Ularning ijodini ham kuzatib turasizmi?
– Yoshlarning ijodiga doim hurmat bilan yondoshganman. «Men birinchi bo‘lib bu yo‘nalishda kuylaganman, sizlarga mumkin emas» demaymanku. Kimdir mendan-da chiroyli qilib kuylashi mumkin, boshqalar aksincha. Shu o‘rinda bir voqea esimga tushdi. 2003 yili Nihol mukofotini olganimda do‘stlarimiz bilan birga kichik davrada tadbir uyushtirgandik. O‘shanda do‘stim Gulsanam Mamazoitova samimiy tilaklaridan so‘ng «Menga ham shunday mukofotlar nasib etsin» deya gapini yakunlagan. Yaxshi niyat erda qolmaydi deganlaridek, buni qarangki, ko‘p o‘tmay ketma-ket unvonlarga erishib bugun O‘zbekiston xalq artisti deya e’tirof etilyapti. Aytmoqchimanki, har qanday vaziyatda ham bir-birimizga faqat yaxshilikni ravo ko‘rishimiz kerak. Yana bir gap, san’atkorning ishi kabi og‘ir va shu bilan birgalikda zavqli soha yo‘q. Shaxsan o‘zim san’atim orqali dunyoning yarmini kezib chiqdim. Bizning tinglovchilar kabi shinavandalar ham hech qayerda yo‘q deb bemalol ayta olaman.
Esimda, Moskva gastrollarining birida Kreml maydonida butun umr yodimdan chiqmaydigan voqea bo‘lgan. Hamyurtlarimiz meni ko‘rib atrofimni o‘rab olishgan, suratlarga tushganmiz, suhbatlashganimizda yonimizdan Valeriy Miladze yordamchilari bilan o‘tib ketayotganini ko‘rgandim. Ammo hech kim uni yoniga bormagan. O‘shanda Rossiyalik hamkasbim o‘zbek muxlislarining mehriga, o‘z san’atkoriga ko‘rsatgan hurmatiga tan berganini aytgandi. Demak, inson boshqalarga ezgulikni tilasa doim o‘ziga ham ana shunday narsalar hamroh bo‘ladi.
— Imkoniyat berilganida shou biznesning qaysi qonunlarini o‘zgartirgan bo‘lardingiz?
— Ochig‘ini aytganda, bugungi kun muxlislari avvalgidek san’atkorlarni hurmat qilishmaydi. Bunga esa ayrim hulqi buzuq, xalq oldida biroz tarbiyasizlik qilib qo‘ygan san’atkorlarning o‘zi aybdor! Safimizda nomimizni bulg‘alab yurganlar juda ko‘p. Men ana shundaylarni kamaytirgan va ularning o‘rniga haqiqiy iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lardim. Chunki yomonlarning kasriga sofdil, mehnati bilan yuzaga chiqib kelayotganlar qolmasligini istayman.
— O‘zingiz qaysi yosh xonandalarning ijodini kuzatib borasiz?
— Eshitib, baholab turaman, ammo hozir ommani oldida birini ikkinchisidan ajratib aytolmayman.
— Hamkasblaringizning ayrimlaridan «San’atda do‘st topish juda qiyin» degan ta’riflarni eshitamiz. Sizni bunga munosabatingiz?
— Shaxsan men bu gapga umuman qo‘shilmayman. Chunki mening aksariyat do‘stlarim bu hamkasblarimdir. Abdurashid Yo‘ldoshev, Doston Ubaydullaev, Muzaffar Abduazimov, Anvar Sanaev, Farhod Saidov, Zokirjon Ochildievlar bilan doim iliq do‘stona munosabatdaman. Hech qachon ular bilan sen menga bormaganmiz. Birga «gap» o‘ynab, yaxshi yomon kunlarda doim bir birimizni qo‘llab quvvatlab kelamiz.
— Instagramdagi shaxsiy sahifangizdagi suratlardan shuni bilish mumkinki gullarga bo‘lgan mexringiz o‘zgacha ekan.
— Aslida, tabiatan juda ko‘p narsalarga qiziqaman. Shu qatorida gullarni parvarishlash ham menga zavq bag‘ishlaydi. Qishin yozin yam-yashil bo‘lib turgan tabiatdan bahra olishni yoqtirganim uchun va nihoyat shu yil qishki bog‘imni yaratdim. Turli xil katta-kichik gullarni ekib, ularning iforidan sarxusht bo‘layapman. Charchaganimda ham ana o‘sha bog‘da dam olishni yoqtiraman.
— Farzandlaringizning suratini ham faol joylashtirib borasiz...
— Ikki o‘g‘lim bor. Kattasining ismi Fahriddin. Dadam ustoz xofiz Faxriddin Umarovni juda yaxshi ko‘rardi. O‘g‘limga sharaf bilan Fahriddin deb ism qo‘ygan. To‘ng‘ichimning boshqa bolalarga o‘xshab oddiy o‘yinchoqlar o‘ynab o‘tirganini ko‘rmayman. Doim qo‘lida mikrofon yoki musiqiy asboblar chalib o‘tiradi. San’atkor bo‘lishni juda istaydi. Lekin men bunga qarshiman. O‘zimdan kelib chiqib farzandimga kasbimning qiyinchiliklarini ravo ko‘rmayman. Kenjam Asliddin uch yarim yosh, hozircha akasining aksi.
Blis
— Kechirimlimisiz?
— Ha. Ba’zilarni xafa qilsang, qirq yilda ham yodidan chiqmay yurishadi. Menda esa aksincha. Yarim soatga ham bormay, hovurimdan tushaman-u, kechirib yuboraman.
— Hazilkashmisiz yoki...
— Haddan ziyod ko‘p hazillashaman.
— O‘g‘il bola tarbiyasida nima muhim?
— Bu savolga javobni dadamdan so‘rash kerak. Bu borada mening tajribam juda kam.
— Pul qo‘lning kirimi?
— Kirimi yoki yo‘q bilmadim, ammo u bugun bor ertaga yo‘q narsa.
— Nimani yoki kimni tan olmaysiz?
— O‘zi ahmoq bo‘lib turib, aqlliman degan odamni.
— Qo‘l ko‘tarishingizga nima majbur qilishi mumkin?
— Hozir ancha bosilganman. Hech narsa majburlolmasa kerak.
— Ayol bu?
— Ona!
— San’atkor bo‘lmaganingizda?
— Prokuror bo‘lar edim. Yoshligimdan uydagilarim prokuror bo‘lasan deb aytishar edi.
— Dam olish bu?
— Yaxshi insonlar bilan hamsuhbat bo‘lish.
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...