09:02 / 28.05.2018
8 120

Ahror Qo‘shmatov: “Qo‘limizda kitob bo‘lsa kechirilardik” (suhbat)

Ahror Qo‘shmatov: “Qo‘limizda kitob bo‘lsa kechirilardik” (suhbat)
“Imkon shou” dasturi orqali butun O‘zbekiston xalqiga tanilgan Ahror QO‘ShMATOV 1978 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat san’at va madaniyat institutini rejissyorlik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan ijodkor ayni damda yangi-yangi loyihalar ustida ish olib bormoqda.

— Sizni anchadan buyon “Duel” dasturida boshlovchi sifatida ko‘ryapmiz. Bu dasturning dunyoga kelishi qanday kechdi?

— Ko‘pchilikning xabari bor, oldin “Yoshlar” telekanalida faoliyat yuritardim,. “ZO‘RTV” telekanalidan “Imkon shou”ni shu kanalda qila olamizmi, deb so‘rashdi. Men bu loyiha umrini yashab bo‘lganini, endi yangi loyiha qilish kerakligini aytdim va anchadan beri o‘zim o‘ylab yurgan tayyor loyiham xayolimga keldi. “Navo” kanalida “Navo shou” ko‘rsatuvini tayyorlab yurgan paytimda juda ko‘p yosh havaskor san’atkorlar ham murojaat qilishardi. Lekin ularni televideniyega olib chiqish uchun bir bahona yo‘q edi, chunki dasturda faqat yulduzlar ishtirok etardi. Ko‘rsatuvda ishtirok eta olmasligidan ma’yuslanib qolgan, ruhi tushgan bu yoshlarni ko‘rib, “Demak, bu yoshlarni ham olib chiqadigan qandaydir g‘oya qilish kerak” deb o‘ylab yurardim.

Taklifni eshitib, mo‘ljallab qo‘ygan mana shu rejamni qog‘ozga tushirib, telekanalga olib kelganimda, loyiha barchaga ma’qul bo‘ldi. Bugun ko‘rsatuv orqali havaskorlarga juda katta imkon berdik. Nafaqat san’at yo‘nalishida tahsil olayotganlar, balki boshqa sohada ishlayotganlar ham bugun “Duel” orqali o‘zi sevgan yulduz bilan yonma-yon turib qo‘shiq aytish imkoniga ega bo‘lishdi. Ochig‘i, boya aytganimdek, orzusi amalga oshmay qolayotgan havaskorlarni ko‘rib, o‘zimni aybdordek his qilardim. Ko‘rsatuvda bunga imkon tug‘ilgach, juda ko‘pchilik minnatdor bo‘lganini bildim. Va loyiha odamlarga yoqqanidan o‘zim ham xursand bo‘ldim.

— Sizni radioboshlovchi sifatida bilardik. Ammo TVdagi faoliyatingiz sizni xalqqa teleboshlovchi boshlovchi sifatida boshqatdan tanitdi. Bu sohada shu darajada tanilaman, deb o‘ylaganmisiz?
— O‘zim asli Sirdaryodanman, bolaligimda “Toshkent shahriga boraman va san’at va madaniyat institutida o‘qib, kelajakda mashhur aktyor yoki rejissyor bo‘laman”, deb niyat qilardim. Lekin radioda yoki televideniyeda boshlovchilik qilish xayolimga kelmagan. Taqdir ekan, 2001 yili radioda ish boshlaganimdan keyin shu sohani yaxshi ko‘rib qoldim va aktyorlik, rejissyorlik ham qolib ketdi. Radioga ishga taklif qilishganida, “Imkon shou” ko‘rsatuvining radio variantini tayyorlaganman. Eshittirish tinglovchilar orasida juda mashhur bo‘lib, ko‘p muxlislar orttirgan. Hatto fan klubi tashkil qilingandi, klubning qo‘shni respublikalarda ham a’zolari bor edi. Klub a’zolari juda ahil edi, yilda bir marta bir-birini ko‘rib uchrashgani yig‘ilardik, yillik hisobot qilardik, turli nominatsiyalar bo‘yicha sovg‘alar ulashardik.

Bu jarayonni “Yoshlar” telekanali rahbarlari ham kuzatishgan va TVga taklif qilib shu loyihanining televariantini qilishni aytishdi. Ochig‘ini aytganda, TVga boshida borgim kelmagan, chunki radioning o‘ziga xos muhiti bor, uni TVga ko‘chirib bo‘lmaydi, menimcha, TVda bu loyiha yaxshi chiqmasa kerak, deb o‘ylaganman va juda ikkilanganman. Televideniyega borgach, ijodiy guruhga dasturimni tushuntirdim. U paytlar eski tartib bilan ishlanardi, qolaversa, televideniyedagilar radiodagi faoliyatimni umuman kuzatishmagan, tez va baland notada gapirishimni ham bilishmagan ekan.

Rejissyor menga sahnaga qanday chiqishimni tushuntirganda, “Yo‘q, mening o‘z imijim bor, men bunaqa chiqa olmayman”, deb e’tirozimni aytdim. “Nima qilamiz unda?” deyishganda, “Kamerani yoqinglar, nima qilishni o‘zim ko‘rsataman”, dedim. Studiyaga musiqalarimni ham tayyor qilib borgandim, sho‘x musiqa va baqir-chaqirlar bilan ilk ko‘rsatuvni boshlaganimda, bunaqa bo‘lishini hech kim kutmagan ekan, hamma shoshib qoldi. Gapirib bo‘lganimdan keyin qarasam, studiyada jimlik, hamma hayron qotib qolgandi. Shunda bosh operator o‘ziga kelib, “Ukajon, juda chiroyli chiqdi, faqat biz s’yomka qilishga ulgurmadik, boshqatdan gapirib bera olasanmi?” dedi. “Ha”, dedim, shu bilan hamma yangicha muhit, yangicha ob-havodan zavqlanib, ko‘rsatuvni suratga olishga kirishib ketdi. Ko‘rsatuvni s’yomka qilishga qildik, lekin uni Badiiy kengashga olib kirishga hech kimning yuragi betlamadi, chunki qiziqishda TVning “qolip”idan ancha chiqib qo‘yganmiz. Endi rahbarlar, bosh muharrir nima deydi, deb ikkilanganmiz.

Oxiri muharrimiz o‘zida kuch topdi va shunda ham kengashdagilarga “Bu ko‘rsatuv, o‘zimiz uchun s’yomka qilingan, efir uchun emas. Xatolarini aytsangiz, keyin boshqatdan s’yomka qilib, efirga beramiz”, degan. Lekin kengashdagilar ko‘rsatuvni ko‘rib, “Bizga xuddi shunaqa zamonaviy shou kerak edi, bu dasturni tez efirga beringlar!” deyishgan. Ko‘rsatuvning uchta soni efirga berilgach, butun O‘zbekiston tanishni boshladi, to‘g‘risi, bunaqa bo‘lishini o‘zim ham kutmagandim. Keyin TVda ishlar ko‘payib ketdi, yangi telekanallar ochildi va birdaniga uchta kanalda boshlovchilik qila boshladim. “Radio bilan vaqtinchalik xayrlashaman, keyinroq yana radioga qaytaman”, deb o‘ylagandim, lekin televideniyening tuprog‘i og‘ir ekan, shu yerda uzoq yillar qolib ketdim.

Ochig‘i, muxlislar ko‘rsatuvni bu qadar iliq qabul qilishini kutmaganman. Boshida olti oyga mo‘ljallangan “Imkon shou” dasturini 2013 yildan 2017 yilgacha olib bordim. Mana shu to‘rt yil davomida butun respublikamizni aylanib chiqdik. Katta-katta stadionlarda ikki yarim ming, uch mingta odam bilan ko‘rsatuvni s’yomka qildik, bunaqasi hali televideniye tarixida bo‘lmagan. Chunki shuncha odamni ikki-uch soat davomida tomoshabin bo‘lib o‘tirishining o‘zi o‘z vaqtida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Hamma narsaning o‘z umri bo‘lganidek, “Imkon shou” ham o‘z umrini yashab bo‘ldi. Chunki unda chiqmagan odamning o‘zi qolmadi. Barcha soha vakillari, hech kim hazil kutmaydigan jiddiy tashkilot vakillari ham ichki tadbirlariga taklif qilib, ko‘rsatuvni birga s’yomka qildik. Hatto uchuvchilarni tayyorlaydigan harbiy qismlarda ham bo‘ldik.

Shou meni xalqqa tanitganidan xursandman. Hayot esa davom etadi, demak, intilish, yangilik qilish kerak. Shu maqsadda “ZO‘RTV” kanalida faoliyatimni yangi loyihalar bilan davom ettiryapman.

— Tez gapirishingiz va notiqlik sizda tug‘ma qobiliyatmi yoki oilangizdagi san’at va adabiyotga aloqador vakillarning bergan tarbiyasi natijasimi?

— Bu savolni berganlarga hazillashib, “bu tug‘ma qobiliyat” deb qo‘yaman-u, aslida notiqlik qonimda bor. Otam nemis tili o‘qituvchisi bo‘lganlar. Talabalik paytlarida futbol sharhlovchisi bo‘lishga havas qilib, o‘sha paytdagi mashhur sharhlovchi Axbor Imomxo‘jayevga shogird tushganlar. Lekin sharhlovchi bo‘lish nasib qilmagan ekan, o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritdilar. Otam juda tez gapirardilar, mahallamdagilar, ota-onamni taniydiganlar tez gapirishimga ajablanishmaydi. “Seni gapirishing hech gap emas, otang sendan tez gapiradi”, deyishadi.

Oilamizda san’atkorlar yo‘q, birinchisi o‘zimman. Ukalarim menga qiziqib san’at yo‘lini tanlashdi, ukam — Abrorjon Sirdaryo viloyatida o‘ziga yarasha hurmati bor hofiz, keyingi ukam —Akbarjon videooperator, kliplar tasvirga oladi. Singlim Dilfuzaxon musiqadan dars beradi.

– Boshlovchilikda o‘ziga xos uslub tanlagansiz. Mana shu uslub yordamida tayyorlagan ilk efiringizni qanday qabul qilishgan?
— To‘g‘ri, men ham an’anaga amal qilib, ko‘rsatuvni xotirjam olib borishim mumkin, lekin bu tarzda ko‘rsatuv olib boradigan boshlovchilar juda ko‘p. Shuning uchun imij tanlayotganda, o‘zimga o‘zim “Men hech qachon Muslimbek Yo‘ldoshev yoki Abdumo‘min O‘tbosarov bo‘la olmayman. Demak, o‘z yo‘limni topishim kerak”, deb o‘ylaganman va qanday bo‘lishimni ko‘z oldimga keltirganman. Radiodagi “Imkon shou” dasturi uchun birinchi efirimni shu tarzda boshlaganman.

Jonli efir bo‘lgani uchun o‘shanda sinov tarzida o‘n daqiqa vaqt berishgandi. Radioda ham efirni sokin musiqa va ovoz bilan olib borishga o‘rganishgan emasmi, eshittirishni baqir-chaqir bilan boshlanganimni eshitib, boshqa kanallardan ham yugurib chiqishgan va hayron bo‘lib efir xonasi bilan ovoz sozlovchilar o‘tiradigan xona o‘rtasidagi oyna oldida turib olishgan. Xullas, o‘n daqiqa davomida efirni olib borganimdan keyin, bir payt muhandis chiqib kelib, “Bo‘ldi, to‘xtat, gaplaring efirga ketmayapti” dedi. “Iye, nega?” desam, “Mikrofonni baland qilib qo‘yishgan ekan, sen baqirgan paytingda apparatura kuyib qopti”, — dedi.

Yo‘lakka chiqqanimdan keyin hamma “Sen stadiondamisan? Futbol sharhlayapsanmi? Nega baqirasan?” deb, rosa tanbeh berishdi. Boshlovchilik uslubimni qabul qilishlari qiyin bo‘ldi, buni to‘g‘ri tushundim, chunki yangilik har doim qarshilikka uchragan. Keyingi safar efirni yana shu tarzda olib bordim, oxiri ko‘nikishdi, tanbeh bermay qo‘yishdi. O‘sha paytda eshittirishga qoplab xatlar kela boshladi, shundan keyin ustozlar ham tan berib, omad tilashdi.

“Radiodagi “Imkon shou”ning savollari jiddiy, vaziyat hayajonlarga to‘la bo‘lardi. Men fan klubda shunaqa zukkolar yig‘ilganiga hayron qolardim va 100ta savol tayyorlasam ham, savollarim tugab qoladi, deb qo‘rqib o‘tirardi. Chunki ular javobni juda tez topishardi. Oxiri savol topish uchun matbuotda e’lon qilinmagan dissertatsiyalarga murojaat qilishga majbur bo‘lganman. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, iqtidorli talabalar eshittirish bo‘ladigan kuni bir joyga yig‘ilib, savollarga jamoa tarzida javob topishar ekan. Bir kishi telefonda o‘tirsa, qolganlar kitob yoki internetdan javob topib, bir-biriga yordam berisharkan…

O‘yin shu darajada jiddiy bo‘lgani uchun shouning TV varianti efirga uzatilganida, fan klub a’zolari uni oddiy va bachkanaroq bo‘lib qolibdi, deb qabul qilisholmagan”.

– Bolaligingizda sizga saboq bo‘lgan eng esda qolarli voqealardan qay birini ko‘proq eslaysiz?
– Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumanidagi 22-maktabda o‘qiganman. Ota-onam o‘qituvchi bo‘lgani uchun talab juda qattiq bo‘lgan. Albatta, har kuni darslarimiz tekshirilardi, uyimiz to‘la kitob, jurnal, gazetalar bo‘lardi. U paytda bola edik, tushunmaganmiz, lekin yoshimiz ulg‘ayib tushunyapmiz, ota-onamiz o‘qishimizga juda katta sharoit yaratib berishgan ekan. Biron ish buyurmoqchi bo‘lishsa-yu, agar biz kitob o‘qib o‘tirgan bo‘lsak, indamasdan o‘sha ishni o‘zlari bajarib qo‘yishardi. Keyin “Nega bizga aytmay o‘zingiz qildingiz?” desak, “Kitob o‘qiyotgan ekansan, shuni tugatib qo‘ygin, dedim”, deyishardi. Uyimizda mutolaaga hurmat juda katta bo‘lgan. Hatto biron ayb ishimiz uchun koyimoqchi bo‘lganlarida qo‘limizda kitob bo‘lsa, kechirilardik. Shu sabab, hammamiz kitob bilan oshno bo‘lganmiz, bu odatimiz haligacha bor. Hozir mutolaa ko‘proq internet orqali bo‘ladi, lekin har kuni kamida o‘ttiz bet biron nima o‘qimasam, uyqu kelmaydi.

Bugun o‘zim ham farzandlarimga talabchanman, yaxshi o‘qishlari uchun sharoit yaratib berganman. Katta qizim jurnalist bo‘lishini aytadi, qiziqishi bor. Shu bois, uni ba’zida s’yomkalarga birga olib boraman.

“Bolaligimda maktab tadbirlarida juda faol bo‘lganman. San’at bayramlariga qatnashib faxriy yorliqlar olardik, biz haqimizda tuman gazetalarida yozishardi, lekin bu mashhurlik ekanini tushunmaganmiz, oddiy narsadek qarardik. U paytda adolatsizlik ko‘p bo‘lgan, san’at bayramlarida tumanda, viloyatda g‘olib bo‘lardik, “Sizlar respublikaga chiqdinglar, telefon qilamiz, albatta, borasizlar” deyishardi. Lekin negadir o‘rnimizga boshqalar ketardi. Bunaqa holat ko‘p bo‘lgan, shuning uchunmi, bu narsaga ko‘nikib ham ketgandik…”

— Rejissura bo‘limida o‘qigan ekansiz, rejissyor sifatida ham o‘z mahoratingizni sinab ko‘rdingizmi?
— Bolaligimdagi rejalarimni amalga oshirish uchun 2010 yilda bir imkoniyat bo‘lib qoldi. Tanishlarimdan biri “Rejissyor ekansiz, kino olmaysizmi?” degan taklif bilan chiqdi. O‘shanda “Shu orzuim armon bo‘lib qolmasin”, deb mistik janrdagi “Ko‘rinmaslar” filmini suratga oldim. Shunda armonim qolmadim, kino ham oldim, deganman. Film “O‘zbekkino” Badiiy kengashida o‘zbek kinosida yangi janr bo‘ldi, deb juda yuqori baholandi. Lekin o‘zim juda yuqori sifatli film bo‘lgan, demayman. Endilikda, xalqqa tanilganimdan keyin, turli komediyalarga taklif qilishyapti. Filmlarda bosh rolni o‘ynamasam ham, epizodik qahramonlarni o‘ynadim.

Rejissuraga qiziqishim haliyam bor. Rejissyorlarning ishini kuzatib boraman. Radioda eshittirish qilgan paytimizda uning birinchi qismini rivoyatlar bilan boshlardik. Sohibqiron Amir Temur haqida ikki yuz qismli radioserial qilganmiz. Shu jarayonda Amir Temur hayotini o‘z-o‘zidan o‘rganishga majbur bo‘lganman. Har xil kitoblarni, chet elliklarning kitoblarini ham o‘rganib, ko‘pchilik o‘qimagan ma’lumotlarni jamlaganman. Natijada o‘zim qo‘rqmay ayta oladigan bir yangilik qilganman — radioserialda sohibqironning mistik hayotini yoritganman.

Eshittirishlarni muxlislar yaxshi qabul qilishgan, haligacha bu radioserialni fleshkalarga yozib olib ketishadi. Yaqinda Fransiyada yashaydigan radiomuxlislar aynan o‘sha serialni qidirishibdi. “Bu sizlarga nimaga kerak?” deb so‘rasam, “Bizning bolalarimiz xorijda katta bo‘lishyapti, lekin ular ota-bobolari kim bo‘lganini bilishlari kerak. Radioserialingizda Amir Temur hayotini sodda tilda, bolalar qiziqadigan effektlar, musiqalar bilan hikoya qilgansiz, bu ma’lumotlarni bolalarimiz ham bilishsin”, deyishdi. Bu gapni eshitib, mehnatimni kimdir qadrlaganidan juda xursand bo‘ldim.

– Aynan boshlovchilik borasida o‘z ustingizda ishlash uchun kimning ijodini kuzatib, saboq olgansiz?
– Boshlovchilik bo‘yicha u paytlarda Rossiya kanallaridan birida beriladigan “Ugaday melodiyu” ko‘rsatuvi bo‘lardi, shu ko‘rsatuvni olib boruvchi Valdis Pelshga juda havas qilardim. Yoshligimda xuddi shu boshlovchiga o‘xshab gapirardim. Keyinchalik o‘zimni yo‘limni topishga harakat qildim. 1996 yildi meni birinchi bo‘lib teleradio sohasiga olib kirgan birinchi ustozim Muzaffarbek Mirzabekov bo‘ladilar. Ustozim o‘sha paytlari televideniyeda “Bari hazil”, “Poyintar-soyintar” nomli ko‘rsatuvlar qilardilar, shu ko‘rsatuvlarda aktyor sifatida ishtirok etganman.

– “Duel” loyihasini kelgusida “Imkon shou”dek respublika miqyosida tayyorlash niyatingiz bormi?
– Xudo xohlasa, bunaqa niyatlarimiz bor. Hozirdan takliflar ham tushyapti. Xursandchilik bilan aytaman, Turkiyadagi O‘zbek madaniyati markazidan ko‘rsatuvni turkiyada o‘zbek san’atkorlari va turk san’atkorlari o‘rtasida qilsak, degan taklif bildirdi. Ayni paytda shu taklif ustida ishlayapmiz. Chempion bo‘lish oson, uni ushlab turish qiyin deyishadi-yu, shu kabi biz ham chempionlikni ushlab turishga harakat qilamiz. Oldindan bashorat qilmayman, lekin bu ko‘rsatuvni hali uzoq yillar xalqimizga taqdim etamiz. Albatta yana yangi dasturlar ham qilamiz, degan niyatdamiz.
Muhabbat ShARIFOVA suhbatlashdi.

Manba: Tasvir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Ahror Qo‘shmatov: “Qo‘limizda kitob bo‘lsa kechirilardik” (suhbat)