
O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Matluba Dadaboyeva butun umrini maqom qo‘shiqlarini kuylab, tinglovchilarga ma’naviy ozuqa berishga bag‘ishlagan ustoz san’atkorlardan. Uning ijrosidagi o‘lmas taronalarni bir nechta avlod vakillari tinglab, voyaga yetgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Elimiz ardog‘idagi san’atkor bilan siz azizlar uchun suhbat uyushtirdik.
— Matluba opa, avvalo, sizni mustaqilligimizning 27 yillik bayrami arafasida «Mehnat shuhrati» ordeni hamda «Tojikiston Respublikasi xalq artisti» unvoniga loyiq ko‘rilganligingiz bilan gazetxonlar nomidan samimiy qutlaymiz!
— Tabrik uchun tashakkur. Bilasizmi, inson 60 yoshidan keyin bunday xushxabarlarni eshitsa, yoshiga yosh qo‘shilib, kuch-quvvatga to‘lgandek bo‘larkan. Tojikiston Respublikasi xalq artisti bo‘lish yetti uxlab, tushimga kirmagandi. Hatto xayol ham qilmagan edim. Bir guruh hukumat vakillari va san’atkorlardan ustoz Sherali Jo‘rayev ikkimiz Tojikistonga borib, yuksak mukofotlarni olib, yurtimizga qaytgach, bu yerda ham Prezidentimizning tuhfalarini shaxsan o‘zlarining qo‘lidan olganim cheksiz quvonch baxsh etdi, ko‘zlarimga sevinch yoshlari quyilib keldi.
Turmush o‘rtog‘im, farzandlarim, yaqin qarindoshlarim ham shodlanganidan menga qo‘shilib yig‘lashdi (kuladi). Ilohim, bunday baxtli lahzalar barchamizning hayotimizni bezab tursin!
— Bilamizki, Abduhoshim Ismoilov, Munojat Yo‘lchiyeva, Zamira Suyunova va siz kabi ustoz san’atkorlarning ijrosi sabab o‘zbek milliy maqom qo‘shiqlariga yevropaliklar ham tan beradi. Ammo ko‘plab yosh avlod vakillari sizlarni tanish bir yoqda tursin, hatto maqom qo‘shiqlarimizni tinglamay, so‘zlari almoyi-jalmoyi qo‘shiqlarni eshitayotgani judayam achinarli. Bu haqdagi fikr-mulohazalaringiz ham biz uchun muhim va qiziq…
— Bugunning eng og‘riqli mavzularidan biri to‘g‘risida so‘z ochdingiz. Kun sayin rivojlanib borayotgan globallashuv davrida o‘sib kelayotgan aksariyat farzandlarimizning milliy qo‘shiqlarni tushunmasligi, g‘arbga taqlid sifatida yaratilayotgan estrada qo‘shiqlariga mahliyo bo‘lib, milliy ohanglarimizdan biroz chetlashayotganiga o‘zimiz aybdormiz. Negaki televizorni qo‘ysangiz ham, radio muruvvatini burasangiz ham yengil-yelpi, tinglovchiga ma’naviy ozuqa berolmaydigan qo‘shiqlar yangrayverganidan keyin yoshlar qalbida maqom san’atiga ishtiyoq, mehr qanday paydo bo‘lsin?
To‘g‘ri, bizning yoshligimizda ham xorij qo‘shiqlari bo‘lgan, o‘zimiz ham sevib eshitganmiz. Ammo hozir ba’zi yosh xonanda yigit-qizlarni turli millat musiqalariga taqlid qilib, ko‘chirmakashlikka qo‘l urayotgani juda xunuk holat. Bunday jarayonni ijod, deb hisoblamayman. Taronaning ilk notalaridan qaysi millatning san’atiga tegishli ekanini darrov sezasiz. Aslida, siz ta’kidlab o‘tgandek, yevropaliklar ham o‘zlarining «o‘ldim-kuydim» mazmunidagi sayoz matnli qo‘shiqlarni eshitaverib charchagan. Dunyo bizning ijro mahoratimizga, durdona asarlarimizga tan berib, buning sirini o‘rganishga intilayotgan bir paytda o‘zimiznikilar ham uni qadrlashini, dilbandlarida hurmat, ishtiyoq uyg‘otishlarini istab qolardim.
— San’at sohasiga endigina kirib kelayotgan hamkasblaringiz ijodini kuzatib, ulardagi qaysi kamchiliklar e’tiboringizni tortadi?
— Maqtanishga yo‘ymang-u, biz o‘z sohamizga juda ham fidoyi edik va haligacha shundaymiz. Mablag‘ topish ilinjida to‘yma-to‘y yurib, kasbimizni ikkinchi darajaga qo‘ymasdik. «Mana bu ashulani zudlik ila yodlab, tezroq to‘ylarda aytishim kerak», degan fikr miyamizda bo‘lmagan. Faqat ustozlardan yangi qo‘shiqlar sirini haftalab, oylab o‘rganib, so‘ng ijro etardik. Hozirgi xonandalarning juda ko‘pi o‘zini biznesga uryapti. Bu bir tomondan yaxshi, ammo ikkinchi tarafdan milliyligimizga biroz putur yetkazib, befarq qaraydigan bo‘lib qolishdi.
Nodir asarlarimiz borligini yillar o‘tib tushunishadi, ammo unda juda kech bo‘ladi, qattiq afsuslanishadi.
— Matluba opa, siz juda ham yaxshi bilasizki, avvallari «Kuylang, yosh xonandalar», «Marhabo, talantlar» singari yosh ijrochilarni kashf qiluvchi loyihalar bo‘lardi. O‘zingiz ham shu tanlovlarda ishtirok etib, el nazariga tushgansiz. Bugungi kunda «O‘zbekiston xalq artistlari» klubining faol a’zosisiz. Klub vakillari mana shunday ko‘rik-tanlov, festivallarni tashkil etish borasida qandaydir rejalar ustida ish olib boryaptimi?
— Bu kabi loyihalar o‘tkazilmayapti, deya olmayman. Har yili mamlakatimizdagi musiqa maktablari va san’at kolleji o‘quvchilari o‘rtasida tanlovlar uyushtirilayotganligidan xabarim bor, hatto ularning bir nechtasida hakamlar hay’ati a’zosi sifatida qatnashdim ham. Lekin ularning keng ommaga namoyish etilishi juda sust. Aslida, bizni xalqimizga tanitgan siz aytib o‘tgan tanlovlar bo‘lgan. Bu borada televideniyening roli juda katta ahamiyatga ega.
Suhbatimiz davomida mana shu g‘oya haqida savol berib, yaxshi ish qildingiz. Klubning galdagi yig‘ilishida ushbu taklifni o‘rtaga tashlayman. Haqiqatan yoshlarni jalb etish va iste’dodli o‘g‘il-qizlarni yuzaga chiqarishda bu kabi tanlovlar ko‘p hamda tez-tez o‘tkazilishi zarur.
— Besh nafar qizni voyaga yetkazib, barchasini turmushga uzatgansiz. Xo‘jayiningiz biror marta bo‘lsa ham «O‘g‘il tug‘mading», deya yuzingizga aytganmi?
— Turmushning mushtlari har bir oilada bo‘lishi tabiiy. Bunday paytlarda, albatta, ayol kishi bir pog‘ona pastda turib, vaziyatni chigallashtirmasligi kerak. Uchinchi qizim tug‘ilganida «Voy, yana qizmi?» deb siqilganida, qaynonam va yaqinlari o‘rtaga olib, tanbeh berishgan. Ammo hech qachon Yaratgan qiz ato etganidan nolimaganmiz. Allohga shukr, kuyovlarimizning o‘g‘ildan kam joyi yo‘q. Barchasi yaxshi insonlarning farzandi. Nabiralarimiz ham oilamizga quvonch, fayz bag‘ishlashadi.
— Oilangizda kasbingizni davom ettirayotgan izdoshingiz bormi?
— Turmush o‘rtog‘im ikkimiz ham ijodkor bo‘lsak-da, ammo farzandlarimizning birortasi san’at yo‘lini tanlamadi. Ularning o‘zida xohish yo‘qligi bois biz ham majburlamay, tanlovini qo‘llab-quvvatladik. Balki, bu sohada ko‘rgan qiyinchiliklarim va san’atning og‘ir yuki qizlarimga saboq bo‘lgandir. Biroq nabiralarimning bir nechtasida san’atga moyillik borligini payqadim. Yillar o‘tib, ulardan bittasi bo‘lsa ham kasbimni davom ettirishini istayman.
— San’at sohasini tanlaganingizda qarshiliklar bo‘lganmi? Ota-onangiz, yaqinlaringizning munosabati qanday edi?
— Bilasiz, Namangan viloyatining Chust tumanida tug‘ilib, voyaga yetganman. Ushbu kasbni tanlashim, xususan, maqom san’atiga kirib kelishim va shu darajaga yetishimda volidam Xayriniso opaning xizmatlari cheksiz. Oilamizda san’atkorlar bo‘lmagan. Biroq onam rahmatli dutor va doirani mohirona chalib, milliy mumtoz qo‘shiq va laparlarimizni xirgoyi qilardi. Ularning ijrosiga jo‘r bo‘lib, ba’zan raqsga ham tushardim. Mana shunday muhit menda ijodga nisbatan mehr paydo qilgan. O‘quvchilik davrimda turli tadbirlarda faol qatnashardim. O‘sha paytdagi Chust pedagogika bilim yurti qoshida «Gulrux» ansambli bo‘lardi. Maktab o‘quvchisi bo‘lsam ham har qanday tanlovlarga o‘sha jamoa a’zolari safida borardim. U damlar umrimning unutilmas onlari edi.
9-sinfda o‘qib yurgan kezlarim «Kuylang, yosh xonandalar» tanlovida g‘oliblar qatoridan joy olganman. O‘shanda «Pravda vostoka» gazetasida sochimni ikkiga o‘rib, iroqi do‘ppida, atlas ko‘ylak kiyib tushgan suratim chiqqanida ancha shov-shuv bo‘lgandim (kuladi). Gazetaning shu sahifasini haligacha saqlayman.
— Talabalik yillaringizni ham xotirlasangiz?
— 1972 yili maktabni tamomladim. Bir kuni onam dadamdan meni Toshkentga borib, san’at oliy dargohida tahsil olishim uchun ruxsat so‘radi. Padarim ham juda kamtar, sodda va biz farzandlar ko‘ngliga qaragani uchun ham volidamning fikrini ma’qulladi. Xullas, ota-onamning fotihasi bilan 1973 yili institutga o‘qishga kirdim. Talabalik yillarimda «Zehn», «Kuylang, yosh xonandalar», «Qizlar davrasi» kabi ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, oliy o‘rinlarga loyiq ko‘rildim. O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Temur Mahmudov va O‘zbekiston xalq artisti Saodat Qobulovalardan tahsil oldim.
— Ayni paytda ijod qilayotgan hamkasblaringizdan kimlarning qo‘shiqlarini eshitasiz?
— Ko‘proq milliy yo‘nalishda ijod qiluvchi va jonli ijro etadigan xonandalar faoliyatini kuzatishga harakat qilaman. O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitovaga ham ayol, ham san’atkor sifatida hurmatim baland. U maqom yo‘nalishida tahsil olib, bu borada chuqur bilimga egaligi bois qo‘shiqlarining tinglovchisi ko‘p, 7 yoshdan 70 yoshgacha muxlisi bor.
Tohir Qo‘ziyevning professionalligiga tan beraman. Otajonovlar sulolasi vakillari Jahongir va Ulug‘bekning ham did bilan ijod qilishi juda yoqadi. Ozodbekka esa har jihatdan havas qilsa arziydi. Singlimiz Ziyodaxon oxirgi yillarda estrada yo‘nalishida ancha faollashdi. Shu qiz ham yana oldingidek milliy qo‘shiqlar kuylasa, yaxshi bo‘lardi. Men ismini aytib o‘tgan hamkasblarimni misol tariqasida ta’kidlab o‘tdim. Aslida, ko‘plab san’atkorlarning ijodini kuzatishga intilaman. Biroq hozir aksariyatining ismi yodimga kelmayapti.
— Samimiy suhbatingiz uchun rahmat. Ilohim, hamisha xalqimiz e’tirofiyu e’tiborida bo‘lishlik, oila a’zolaringiz baxtiga sog‘-omon hayot kechirish nasib etsin!
Mirolim ISAJONOV
suhbatlashdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! suhbatlashdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar