16:30 / 25.11.2020
13 116

«Ko‘ngil ko‘chalari»dagi Suqsur hozir qayerda? U nega kinolarda ko‘rinmay qoldi? (foto)

«Ko‘ngil ko‘chalari»dagi Suqsur hozir qayerda? U nega kinolarda ko‘rinmay qoldi? (foto)
Aktrisa Go‘zal Fayziyeva 23 yil avval efir yuzini ko‘rgan «Ko‘ngil ko‘chalari» serialida Suqsur roli bilan tomoshabinlar e’tiborini qozongan. Katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan roldan keyin nega aktrisa ekranlarda ko‘rinmay qoldi? Jurnalist Nargiza Murodova aktrisa bilan qisqa intervyu tashkillashtirdi.

«Aslida Suqsur ilk rolim emasdi. Institutning 3-kursida tahsil olayotganimda Tolib Hamidov rejissyorligidagi «Qabrdagi xazina» nomli 4 qismli videofilmda asosiy qahramon Dilorom rolini ijro etganman. Uchinchi kursda o‘qiyotganimda, satira teatriga ishga qabul qilindim. Orada bir necha yil ishlab, bolalikdagi orzularimni ro‘yobga chiqarish uchun o‘zbek davlat drama teatri (Yosh gvardiya) teatriga ishga o‘tdim. «Ko‘ngil ko‘chalari» serialiga taklif etilganda teatr aktrisasi edim», — deya hikoya qiladi Go‘zal Fayziyeva.

Foto: Instagram / @guzalpayzieva
«Suqsurni mendan avval boshqa aktrisa o‘ynagan»
«Qabrdagi xazina» videofilmidan so‘ng rejissyor «yaxshi rol ijro etding, endi ko‘rinishing va mahoratingni arzon baholama», deb ta’yinlagandi. Chunki professionallikda son emas, sifat muhimroq. Suqsur rolidan avval meni boshqa rolga taklif etishgan. Ammo rol manzur bo‘lmagani uchun uni rad etgandim. Oradan ancha vaqt o‘tib, Suqsur roliga taklif etishdi. Keyinchalik bilsam, videofilmning 2 ta qismi suratga olingan va qandaydir sabablarga ko‘ra to‘xtatilgan ekan.

«Tomoshabinlar Suqsurdan nafratlangan»
Ayol kishining ichki olami juda nozik. Avvaliga tomoshabinlar undan nafratlangan, keyinchalik uning ko‘ngil kechinmalarini to‘g‘ri tushunishgan. Yengil xarakterdagi ayol qilib tasvirlangan Suqsurni o‘zgacha qiyofada ko‘rsatib berishga harakat qilganman. Chunki yolg‘iz onasi bilan ko‘plab hayot qiyinchiliklariga uchragan Suqsurning ham o‘z haqiqatlari bor edi.

Foto: Instagram / @guzalpayzieva
«San’atkor bo‘lishimga dadam qarshi bo‘lgan»
San’atni tanlash chog‘ida katta to‘siqlarga uchraganman. Chunki dadam «Avlodimizdan san’atkor chiqmagan», deb qiziqishlarimni o‘zgartirishga uringandi. Ammo bolalikdagi orzum bu sohani egallashimga sabab bo‘ldi. Buvim rahmatli bilan «Hasti Imom» mahallasidagi qarindoshlarimiznikiga ketayotganda, albatta, O‘zbek davlat drama teatri yonidagi ko‘chadan o‘tardik. Buvim har gal teatr yonida shu yerdan o‘tgan ijodkorlar nomiga Qur’on tilovat qilishni kanda qilmasdi. Bu voqea ko‘p yil takrorlangan.

Bir kuni yo‘lda mashhur rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevni ko‘rib qolganmiz. Buvim Bahodir akani yelkasidan quchib: «Yaxshi spektakllar qo‘yasiz bolam, baraka toping», deb duo qilgandi. O‘shanda mana shu teatrda ishlashni va Bahodir Yo‘ldoshev spektaklida rol ijro etishni orzu qilgandim. Qarangki, bolalikdagi orzularim bir necha yildan keyin amalga oshdi.

Foto: Instagram / @guzalpayzieva
«Kinodagi rol bugun bor, ertaga yo‘q»
Men teatrning shaydosiman. Aktyor uchun eng vafodor maskan teatr. Kinodagi rol bugun bor, ertaga yo‘q. Ammo teatrda aktyor uchun hamisha rol topiladi.

54 yoshli aktrisa Go‘zal Fayziyeva hozirda o‘zbek davlat drama teatrida faoliyat yuritadi. Uning uch nafar — ikki o‘g‘il va bir qiz farzandi bor. Qizi Yulduz aktrisalik sohasini tanlab qator film va seriallarda suratga tushdi. U «Qora atirgul» serialidagi Dilshoda roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish. Shuningdek, Yulduz Ozodbek Nazarbekovning «Mendirman» klipida Jaloliddin Manguberdi rolini ijro etgan yosh aktyor Mirkamol Qoraboyevga turmushga chiqqan.

Foto: Instagram / @guzalpayzieva

Foto: Instagram / @guzalpayzieva

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «Ko‘ngil ko‘chalari»dagi Suqsur hozir qayerda? U nega kinolarda ko‘rinmay qoldi? (foto)