
O‘zbekistonda mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini raqamli belgilash bo‘yicha Asl Belgisi tizimida tajriba loyihasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Loyiha doirasida SWISSAGRO MChJ, IFODA AGRO KIMYO HIMOYA MChJ, INDORAMA KOKAND FERTILIZERS AND CHEMICALS AJ, SCHELKOVO AGROHIM-OZBEKISTAN QK MChJ, MAXAM-CHIRCHIQ AJ kabi ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda 5,3 milliondan ortiq mahsulot birligi belgilandi.
Ishlab chiqarish jarayonida DataMatrix kodlarini qo‘llash, ularni logistika bosqichlarida hisobga olish, shuningdek, mahsulotni elektron hisob-fakturalar va onlayn cheklar orqali sotish mexanizmlari sinovdan o‘tkazildi. Tizimga ixtiyoriy ravishda 19 kompaniya qo‘shilib, 2,5 milliondan ortiq mahsulotni raqamli belgiladi.
Tajriba loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi boshchiligida, Soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasi ko‘magida amalga oshirildi. Bu esa mahsulot aylanmasining barcha bosqichlarida nazorat va monitoring jarayonlarini muvofiqlashtirishga zamin yaratdi.
O‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini raqamli belgilash sohaga hamda davlatga bir qator muhim afzalliklarni taqdim etadi. Loyiha natijalari 2026-yil 1-maydan boshlab o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini majburiy raqamli belgilash tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.