Energetika vazirligi metan zapravkalari ishiga vaqtinchalik cheklov kiritdi

8-yanvardan O‘zbekistonda metan yoqilg‘isi quyish shoxobchalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklov joriy etiladi. Energetika vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, AYoQShlar soat 10:00 dan 16:00 gacha ishlaydi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Cheklovlar magistral gaz quvurlarida bosim pasaygani bilan izohlandi. Vazirlik hozirgi vaziyatda aholi hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
Shu sababli mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan grafiklar asosida metan zapravkalari ish vaqti vaqtincha qayta ko‘rib chiqilmoqda. Farg‘ona vodiysida esa shoxobchalar rejimi gazning amaldagi bosimiga qarab, mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda alohida belgilanadi.
Energetika vazirligi bosim pasaygan davrlarda, avvalo, turar joylar, jamoat transporti va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni uzluksiz gaz bilan ta’minlashga e’tibor qaratilishini bildirdi. Jamoat transportining barqaror ishlashi va aholining asosiy ehtiyojlarini qondirish ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi.
Metan zapravkalari ish tartibi gaz ta’minoti bo‘yicha umumiy holat, bosim darajasi va iste’mol hajmlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib boriladi. Bu choralar gaz resurslaridan oqilona foydalanish hamda energiya ta’minotining barqarorligini saqlashga qaratilgan.
Vazirlik cheklovlar vaqtinchaligini, hozirda tizimdagi gaz bosimini me’yorlashtirish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganini qo‘shimcha qildi. Eslatib o‘tamiz, 25-dekabr kuni metan zapravkalari oldidagi navbatlar sabab Toshkentda ayrim avtobuslar yo‘nalishdan chiqib ketgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!