“Yoshlar – kelajagimiz” iborasi siyqasi chiqqan bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq bu haqiqat. «Kamolot» YoIHning VI qurultoyi ushbu harakat faoliyatiga nuqta qo‘ydi. Endi O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan Yoshlar ittifoqi tashkil etiladi. Buni qanday tushunish mumkin – bu shunchaki nomning o‘zgarishimi yoki yoshlar bilan ishlashga yangicha yondashuvmi?
Qurultoy odamlarda katta taassurot qoldirdi. Aytish joizki, “Kamolot”ning oddiy a’zolari odatda qurultoy haqida bilishmaydi, u haqda eshitishmagan ham, saylangan delegatlar haqida esa gapirmasayam bo‘ladi.
Qurultoyda oxirgi yillarda yuz bergan eng shov-shuvli voqealar, shu jumladan Jasurbek Ibragimovning o‘limi tilga olinmadi. “Kamolot” YoIH va qurultoyda nutq so‘zlagan uning delegatlari birortayam muhim masala bo‘yicha o‘z pozisiyasini bildirmadi.
Umuman olganda, qurultoydan ushbu harakatning ishlari juda yomonligi, yoshlar blan muammolar juda ko‘pligi sababli Prezident o‘zi tashabbus ko‘rsatib, yoshlar tarbiyasi bilan bog‘liq masalani tubdan hal etishga qaror qilganday taassurot qoldi.
Bugun “Kamolot”ning barcha bo‘linmalariga qarashli deyarli barcha saytlarda bir vaqtning o‘zida texnik ishlar boshlangan. Demak, birortayam jurnalist saytlarning kontent-tahlilini o‘tkazolmaydi va tashkilot haqida o‘z fikrini jamlay olmaydi.
O‘z tajribasiga ko‘ra yoshlar tashkilotlarining muammolarini yaxshi tushunadigan Prezident yangi tashkilot o‘z faoliyatini boshlashi uchun maksimal darajada qulay sharoitlarni yaratishga harakat qildi.
Birinchidan, Yoshlar ittifoqining rahbariga Davlat Maslahatchisi maqomi berildi, bu juda muhim holat. Shuningdek u Oliy Majlis Senatining a’zosi etib ham tayinlanadi. Demak, viloyat, shahar va tuman darajalaridagi yoshlar tashkilotlari ham ancha yuqori maqomga ega bo‘ladi va davlat boshqaruvi organlariga iloji boricha yaqinlashtiriladi.
Ikkinchidan, Prezident ham moddiy-texnika, ham moliya borasida normal ish sharoitlarini yaratish borasida ham g‘amxo‘rlik qilib qo‘ygan.
Uchinchidan, va bu juda muhim, Prezident barcha rahbarlarning e’tiborini yoshlar tashkilotlarining muammolariga ustuvor tarzda qaratilishini talab qildi. U barcha darajadagi rahbarlarga murojaat qilar ekan, shunday so‘zlarni aytdi: “Doim esingizda bo‘lsin, endi biz ishlaringizni paxta yoki g‘allaga qarab emas, balki yoshlar muammolariga, yoshlar siyosati to‘g‘risidagi qonunga qanday munosabatda ekanligingizga qarab baholaymiz”.
Demak, endi barcha tarmoq va darajadagi rahbarlar nafaqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari uchun, balki yoshlar bilan ishlash uchun ham javobgar bo‘ladi.
Shunday qilib, faoliyatni muvaffaqiyatli boshlash uchun barcha tashkiliy, moliyaviy sharoitlar yaratildi. Prezidentning fikr-mulohazalaridan keyin esa Yoshlar ittifoqining barcha bo‘linmalari o‘z binolariga ega bo‘ladi va moliyaviy, moddiy-texnikaviy muammolar deyarli qolmaydi.
Biroq bekamu-ko‘st sharoitlarning yaratilishi yangi tashkilot davlat rahbari tasavvur qilgan tashkilotday bo‘lishini kafolatlay olmaydi. Yoshlar ittifoqini yaratish bo‘yicha ilk qadamlar u qanday bo‘lishini ko‘rsatadi. U yoshlarning o‘zi boshqaradigan tashkilot bo‘ladimi yoki u orqali katta avlod yoshlarni tarbiyalaydigan ittifoqqa aylanadimi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Bir paytlar o‘zi komsomol tashkilotiga rahbarlik qilgan Prezident, yoshlar, ayniqsa talabalar bilan ishlash nimaligini juda yaxshi tasavvur qiladi, albatta.
Ammo hozir mutlaqo boshqa davr. Yoshlar – bu juda murakkab tushuncha, ular qiziqishlari, siyosiy va madaniy qarashlari bo‘yicha xilma-xil odamlardir.
O‘zbekistondagi butun yoshlarni yagona Ittifoqqa birlashtirish istagi kishini biroz cho‘chitmoqda. Biror-bir tog‘li qishloqdan chiqqan ishsiz yosh yigit va nufuzli oliy o‘quv yurtining talabasi, oilasida muammolari bor mo‘ynoqlik yosh ayol va Xalqaro tanlovlarda qatnashuvchi konservatoriyani tugatgan yosh mutaxassis, viloyat markazida badavlat oilada yashovchi yosh yigit va dindorlarning qarmog‘iga ilingan yigit – ularni qanday qilib bitta Ittifoqqa birlashtirish mumkin?
U o‘ziga a’zo bo‘lgan yoshlarni tarbiyalaydimi yoki uning a’zolari yoshlar bilan ko‘ngillilar sifatida ishlab, ularga hayotda o‘z o‘rinlarini topishga yordam beradimi?
Bularning barchasi – prinsipial muhim masalalar bo‘lib, ularni Ittifoq shakllantirilayotgan davrdayoq hal etish zarur. Ittifoqning tuzilmasi, uning maqsad va vazifalari aynan ularga berilgan javobga bog‘liq bo‘ladi.
Tuzilma teskari piramida bo‘lib qolmasligi, ya’ni viloyat va respublika apparatlarida bir talay bo‘limlar tuzilib, qator xodimlar va har bir bo‘lim mudiri, ba’zida esa xodimning o‘zi quyiga – tumanlardagi birlamchi tashkilotga topshiriqlar beradigan, barcha topshiriqlar bir juft yigit-qizlarning elkasiga ag‘dariladigan holat yuzaga kelmasligi juda muhim. Vaziyat rivojini oldindan bashorat qilishi qiyin emas. Oldiniga yigit-qizlar vijdonan hamma ishni bajarishga, sillasi quriguncha ishlashga harakat qiladi. Ammo buning iloji yo‘qligi bois, ular hisobot berishni o‘rganib oladi. Va yana eski kasallik qaytib keladi – tepadan tashlanadigan qog‘oz, pastdan yuqoriga yuboriladigan qog‘oz... hayot esa shundoqqina yonimizdan oqib o‘tib ketyapti.
Borovskiy nomidagi, Kalanov nomidagi kollejlarda yuz bergan fojialarni bir eslaylik, o‘shanda “Kamolot” emas, balki o‘quvchilarning ota-onalari bong urgandi.
Bir paytlar o‘z faoliyatini juda yaxshi boshlab, O‘zbekistonning deyarli barcha yoshlarini birlashtirgan, biroq dastlabki oshkoralik sinovlariga bardosh bera olmagan bir yoshlar tashkilotining tarixini esga olishning o‘zi kifoya.
U xoh maktab, kollej, institut yoki universitet bo‘lishidan qat’i nazar o‘quv muassasalarida ishlarni yo‘lga qo‘yish unchalik qiyin ish emasligiga ishonchimiz komil.
Eng qiyini “tashkillashtirilmagan” yoshlar, ishsiz yurgan yoki uni izlayotgan, ish izlab viloyat markazlariga, poytaxtga va xorijga ketayotgan yoshlar bilan ishlash.
Hozirgi sharoitlarda Yoshlar ittifoqi yashash joyi bo‘yicha juda rivojlangan ish tuzilmasiga ega bo‘lishi lozim. Mahalla qo‘mitasi, profilaktika bo‘yicha uchastka inspektorlari ishlaydigan milisiya punktlari, ba’zida esa masjidlar ham Yoshlar ittifoqining xodimlari va faollarining ish joyiga aylanishi zarur.
Xorijdan pul ishlab qaytganlar alohida e’tiborni talab etadi. Bu davr ichida ular qaynday yashagan, uyidan uzoqda kim bilan muloqot qilgan? Ular kim bo‘lib qaytgan, qalblarida nimalar tug‘yon uryapti, niyatlari nima – muammo ana shunda. Giyohvandfurushlarning kontrabanda yo‘nalishlarida joylashgan uzoq qishloqlardagi yoshlar – ular nima bilan band, nimalarga qiziqadi – bu yangi tashkilot oldida turgan vazifalarning murakkabligini tushunishga yordam beradigan savollarning kichkina ro‘yxati, xolos.
Tashkilot Ustavi va Dasturi qanday bo‘lishi hozircha noma’lum. Ularning loyihalari chop etiladimi yoki ularni tor doirada qabul qilib, darhol tashkiliy qurultoyga olib chiqishadimi – bu ham savol ostida. Yangi Ittifoqning faoliyati to‘la-to‘kis ochiq va shaffof bo‘lishini istardik, albatta.
Umuman olganda esa, hammamiz soliq to‘lovchilar, fuqarolar sifatida davlat tomonidan yoshlar bilan ishlashga ajratiladigan mablag‘lar, har bir tiyin qaerga ketayotganini aniq bilishimiz kerak. Tipografiyada chiqarish uchun nima va qanday summaga, qanday narxlarda buyurtma berilgan, seminarlardagi kofe-breyklarga qancha sarflangan, sport musobaqalari, festivallar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish uchun qancha va kimga to‘langan – hammasi aniq ko‘rsatilishi lozim. Busiz bo‘lmaydi.
Shunday qilib, hozircha javoblarga qaraganda savollar ko‘proq. Hammamiz O‘zbekiston yoshlarini bilimli, xalqaro maydonda raqobatbardosh, mehnatkash va vijdonli bo‘lishini, shu bilan birga kattalarga hurmat, zaiflar haqida g‘amxo‘rlik, yangicha qarashlar va yangiliklarga nisbatan murosali, yangi narsalarga tanqidiy ko‘z bilan qarab, uning mag‘zini chaqa oladigan o‘zbek madaniyatining eng yaxshi an’analarini saqlab qolganini ko‘rishni istaymiz.
Bunday yoshlarni tarbiyalash butun davlatning va butun jamiyatning ishi, buni Prezident ham bir necha bor takrorlagan. Yoshlar tarbiyasi oiladan boshlab, fuqarolik jamiyatining barcha tashkilotlarigacha ustuvor vazifa hisoblanadi.
Ushbu tizimda yangi Ittifoq o‘z o‘rnini topa oladimi, u qanday bo‘ladi va qanday vazifalarni real hal qila oladi – buni vaqt ko‘rsatadi. Nafaqat vaqt, balki bu endi barcha sharoitlar yaratib berilgan bir paytda Prezidentning ishonchi tushgan kadrlarga ham bog‘liq.
Mansur Ibragimov
Alla Gajeva fotosurati “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?