
O‘zbekistonda mahalliy boshqaruv tizimida navbatdagi o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bir qator viloyat va tumanlarda yangi rahbarlar faoliyat boshladi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ohangaron shahriga yangi hokim tayinlandi. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning tavsiyasiga binoan, hozirgacha tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Sadriddin Shoqosimov shahar hokimi lavozimiga tasdiqlandi.
Andijon viloyatida ham muhim kadr o‘zgarishi amalga oshdi — Xonobod shahriga Elyorbek Abdurahmonov hokim etib tayinlandi. U bu lavozimga kelgunga qadar viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi rahbari vazifasini bajargan.
Navoiy viloyatida esa ikki tumanda rahbarlar almashdi.
Karmana tumaniga Shohrux Boltayev hokim bo‘ldi. U avval tuman hokimining qurilish va muhit yaratish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan.
Navbahor tumaniga esa Alisher Rashidov tayinlandi. U so‘nggi vaqtlarda Navoiy viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasini boshqarib kelgan.
Bundan tashqari, Samarqand viloyatining Narpay tumanida ham yangi rahbar ish boshladi. Ilgari tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Anvar Boliyev hokim etib tayinlandi.
Tayinlovlar mahalliy hokimiyat faoliyatini samarali tashkil etish, tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini oshirish hamda aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish maqsadida amalga oshirilgan.
Yangi rahbarlardan har biriga tegishli hududlarda iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, infratuzilmani yangilash, atrof muhitni muhofaza qilish va fuqarolar farovonligini ta’minlash vazifalari yuklatilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!