
Poytaxtda kutilgan isitish mavsumi boshlanish sanasi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Meteorologiya xizmati ma’lumotlariga asosan, shahar hokimining maxsus qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, ijtimoiy soha obyektlarida (maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqalar) uchun markazlashgan issiqlik ta’minoti 2025-yil 3-noyabrdan, aholi turar-joy binolarida esa 5-noyabrdan boshlab ishga tushiriladi.
Hokimlikning ma’lum qilishicha, bu qaror havo haroratining pasayishi va fuqarolar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qabul qilingan. Isitish tizimini bosqichma-bosqich ishga tushirish jarayonida har bir mahalla va xonadonda tizimning barqarorligi tekshiriladi.
Shahar hokimligi fuqarolardan issiqlik ta’minoti bo‘yicha muammolar yuzaga kelganda befarq bo‘lmaslikni so‘ragan.
“Agar turar-joyingizda yoki rahbarlik qilayotgan muassasada issiqlik ta’minotida nosozlik yoki ta’mirtalab holatni aniqlasangiz, bu haqda 1055 yoki 71-210-01-87 raqamlariga qo‘ng‘iroq qiling yoki ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarimizga murojaat eting. Bu orqali siz tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishga amaliy hissa qo‘shgan bo‘lasiz”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, isitish tizimi to‘liq ishga tushganidan keyin ham alohida binolarda harorat barqarorligi uchun bir necha kun vaqt talab etilishi mumkin. Shu sababli aholi sabr-toqatli bo‘lishga chaqirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!