date

2026-yildan dori narxlari 50% gacha tushiriladi

2026-yildan dori narxlari 50% gacha tushiriladi
2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda 2,6 mingdan ortiq retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarining o‘rtacha narxi 40-50 foizga pasaytiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasi va noyob kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi loyihalar bilan tanishdi.

Barcha davlat xaridlari farma.xarid.uz yangi elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Bu tizim sifatsiz mahsulotlarni va korrupsiya holatlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.

Tenderlarda faqat GMP, ISO:13485 va GDP xalqaro sertifikatlariga ega kompaniyalar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Davlat xaridlari, sertifikatlangan ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar haqidagi ma’lumotlar ochiq ko‘rinishda bo‘ladi.

Tizim xarid qilinadigan preparatlar narxi belgilangan referens darajasidan oshmasligini avtomatik ravishda nazorat qiladi. Prezidentga 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan, noyob va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan tadbirlar dasturi taqdim etildi.

Mazkur dasturga ko‘ra, davlat hisobidan davolanishi moliyalashtiriladigan kasalliklar soni beshtadan o‘ntaga yetkaziladi, shuningdek, bepul davolanish yosh chegarasi 18 yoshdan 21 yoshgacha uzaytiriladi. 2026-2030-yillar davomida dastur ijrosi uchun 961 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Prezident tegishli qarorni imzolab, dastur loyihasini tasdiqladi. Shuningdek, 2026-yil 1-yanvarga qadar davlat tibbiyot muassasalarining dori vositalari va uskunalarga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olish hamda ularning qoldiqlarini boshqarishga qaratilgan alohida platforma yaratiladi.

Prezidentga dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi ham taqdim etildi. Ushbu tartib texnologiya transferi asosida ishlab chiqarilgan preparatlarni tezkor ro‘yxatdan o‘tkazishni ko‘zda tutadi, ya’ni xorijiy kompaniyalar mahsulotlarini mahalliy korxonalarda ishlab chiqaradi.

Bundan tashqari, zararlangan to‘qimalar va organlarni tiklashga yordam beruvchi biotexnologik hujayra preparatlarini tibbiy amaliyotga joriy etish uchun sharoitlar yaratilmoqda. Shavkat Mirziyoyev taklif etilgan chora-tadbirlarni ma’qullab, 2025-yil oxiriga qadar 166 million dollar investitsiya miqdoridagi 32 ta loyiha to‘liq amalga oshirilishini, 1,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilishini va dori vositalari narxi tushirilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » 2026-yildan dori narxlari 50% gacha tushiriladi