So‘nggi paytlarda O‘zbekiston - Turkiya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlarining qisqa vaqt ichida avval Samarqandda, keyin esa Anqarada bevosita uchrashganlari va muhim masalalarni o‘zaro hal qilishgani, Turkiya Jumhuriyati prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Birinchi prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirib, maqbarasini ziyorat qilganining o‘zi bu borada katta qadamlar tashlanayotganidan dalolatdir. Xo‘sh, bugungi kunda o‘zaro hamkorlik bizga qanday foyda keltirishi mumkin? Bu savolga siyosatchi yoki iqtisodchi emas, oddiy fuqaro dunyoqarashi bilan javob izlab ko‘raylik.
Avvalo, Turkiya to‘g‘risida umumiy tasavvurga ega bo‘lsak. 80 million aholisi bilan dunyoda 18-o‘rinni, 783.562 km² maydoni bilan dunyoda 36-o‘rinni egallab turgan bu davlat to‘rt (Qora, O‘rtayer, Marmar va Egey) dengiz bilan o‘ralgan. Hududining 97 foizi Osiyoda, 3 foizi Yevropada joylashgan bo‘lsa-da, aholisining 20 foizi aynan Yevropa hududida yashaydi. Jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan va bu o‘rinni tobora mustahkamlab borayotgan Turkiya jumhuriyati bilan munosabatlar bizga nimalar berishi mumkin degan masalaga turli sohalar kesimida nigoh tashlash maqsadga muvofiq.
Siyosat
Mamlakatimiz mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan va endigina o‘zligini anglayotgan vatanimizga ko‘p jihatdan ko‘mak bergan Turkiya jumhuriyati ulkan imperiya shaklidagi o‘zining ko‘hna tarixi, tahlikali onlarda davlat boshqaruvi tizimining keskin o‘zgarishi ortidan mamlakat sifatida saqlanib qolishi, uzoq davom etgan ziddiyatlar va notinch qo‘shnilar bilan o‘zaro munosabatlar silsilasida qat’iyatli siyosiy irodaga erishgan. Qit’alar o‘rtasidagi ko‘prikdek bo‘lgan dengizlar qurshovidagi hudud har jihatdan muhim rol o‘ynagani bois eng yirik davlatlar ham jumhuriyat bilan hisoblashib kelishganini, o‘zlarining munosib hamkorlari o‘rnida ko‘rishga uringanlarini e’tirof etish lozim. Harbiy salohiyat jihatidan ham Turkiya dunyoning yetakchilari qatorida turadi va atrofdagi qurolli ziddiyatlarda hamisha o‘z so‘zini aytib keladi. Shuningdek gumanitar sohadagi bag‘rikengligi ham ortiqcha isbot talab qilmaydi: Yevroittifoq o‘z safidagi shuncha davlatlar va iqtisodiy qudrati bilan Yaqin Sharqning qon to‘kilayotgan hududlaridan borgan 500 mingga yaqin qochqinlarni qabul qilgani holda, birgina Turkiya hududining o‘zidan 3 milliondan ortiq jabrdiydalar panoh topganini qayd etmoq kifoya.
Bundan tashqari konstitutsion tuzumni ag‘darishga qaratilgan qator harakatlarga qaramay Turkiya xalqining jipsligi va og‘ir onlarda o‘z jonini ayamaslikka tayyor turganligi ham yaxshi o‘rnak olishga arziydi.
Iqtisod
Dunyoni pullar boshqaradigan bir davrda Turkiya Jumhuriyati yil sayin iqtisodiy qudratini oshirib borayotgani qator nufuzli tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan. Hozirda Turkiya bir trillion dollarga yaqinlashayotgan yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha kuchli yigirmatalikka kira bilgan. Xalq iste’molining deyarli barcha mahsulotlari ishlab chiqarilishi keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yilgan bu davlatning to‘qimachlik sanoati ayniqsa nom qozongan. O‘zbek diyorida ham kiyim-kechak sohasida ish yuritgan savdogarlar orasida Turkiya mollari savdosidan baraka topganlar ko‘pchilikni tashkil qilganidek, ishlab chiqaruvchilar ichida ayni shu kabi mahsulotlar yaratish borasida andoza olayotganlar talaygina. Ammo bu mamlakatni faqat sifatli liboslari bilan tanisak qarashni torroq olgan bo‘lamiz. Turkiya qishloq xo‘jaligi, og‘ir sanoat, avtomobilsozlik va kemasozlik, maishiy va harbiy texnika kabi sohalarda ham ilg‘or hisoblanadi. Davlatlarimiz rahbarlarining o‘zaro uchrashuvida bizning yurtimizda ham Turkiya zirhli texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuv ham bu kabi o‘ziga xos mahsulotga yetarlicha talab borligini anglatadi. Qolaversa bu davlatning investitsion salohiyati ham juda ulkanki, bundan foydalana bilishimiz juda muhim.
Madaniyat
Turk madaniyati o‘zining hududiy rang-barangligi, qadimiy an’analari, zamonaviy ko‘rinishlari bilan har birimizga yaxshi tanish. Xonandalarimiz turk estradasiga ko‘p bora murojaat qilishi ham bejizga emas. Tilining shirinligi va ko‘pchiligimizga yaxshi tushunarli ekanligi bois sho‘x va raqsbop qo‘shiqlari ham, filmlari ham o‘zbek tomoshabinlari ko‘nglidan joy olgan. Ayniqsa turk seriallari alohida mavzu. Yaqinda ma’lum vaqt uzilishdan so‘ng efirga uzatila boshlangan bu seriallar darhol reytinglarning yuqori pog‘onalarini zabt etdilar va qisqa muddatda o‘rinlarini tiklab oldilar. Turkiya Jumhuriyatining 94 yilligi munosabati bilan ikki tomonlama o‘tkazilgan badiiy kechalarda madaniyatlarimiz uyg‘unligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Endi bu kabi madaniy tadbirlarni ko‘paytirish va xalqchil qilib o‘tkazish yanada maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Adabiyot
Yurtimizning bir necha avlodi turk adabiyotidan bahra olib ulg‘aydi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Ahmad Lutfi Qozonchi, Aziz Nesinlarning kitoblari har bir xonadonga kirib borgan bo‘lsa, xalqimiz Rashod Nuri Guntekinning «Choliqushi» asarini o‘z ardoqli yozuvchilarimizning mumtoz asarlari qatorida ko‘radi.
Turizm
Bu shu qadar keng qamrovli mavzuki, alohida maqolaga ham arziydi. Aynan turizm bo‘yicha Turkiya yurtdoshlarimizning eng sevimli va ommabop maskani ekanligiga shubha yo‘q. Tarix va bugungi kun go‘zal tarzda uyg‘unlashgan, turli xil dinlar va millatlar madaniyati qorishib ketgan shaharlar, moviy dengizlar yuvib turgan lojuvard sohillar bo‘yidagi «hammasi jamlangan» uslubida ishlovchi muhtasham mehmonxonalar, arzon va sifatli mollar bilan to‘lgan do‘konlar, mazasi og‘izda qolguvchi taomlar tortiluvchi oshxonalar har bir mehmonning dilini chog‘ qiladi. Ayniqsa do‘konchilarning sertakallufligi, xaridor xarid qilsa-qilmasa choy va shirinliklar bilan siylashlarini bizning sotuvchilarimiz o‘rgansalar arziydi. Zero har bir kishi bilan suhbatda, har bir tomosha va andak e’tiborda butun davlat qiyofasi shakllanadi. Buni yaxshi anglagan va turizmning salohiyatidan ustalik bilan foydalana bilgan turk qardoshlarimizdan ibrat ola bilishimiz lozim. Chunki me’moriy obidalar jihatdan Samarqand Istanbuldan qolishmaydi, tarixiy meros bo‘yicha Buxoro Ko‘niyo bilan teng ko‘rilishi mumkin, taomlarimizning toti ham turk oshxonasi singari mazali. Endi ularning aynan turizm sohasidagi tajribasini o‘rgana olsak va yo‘lga qo‘ysak, Registon maydoni yoki Ark majmuasi yonida ham Ayo So‘fya ibodatxonasi yoxud To‘pqopi saroyi darvozasi oldida kuzatiladigan sayyohlardan iborat uzundan-uzoq navbatlar hosil bo‘lishi hech gap emas.
Davlatimiz rahbarining turizm salohiyatidan to‘la foydalana bilmayotganimizni ta’kidlagani, Prezident Erdo‘g‘onning Samarqandga tashrifi chog‘ida bu muazzam shaharni ziyorat qilish unda chuqur taassurot qoldirganini e’tirof etgani hali qiladigan ishlarimiz ko‘pligini anglatadi. Zotan, sayohat qilishni xush ko‘ruvchi 80 million qardoshlarimiz yashovchi birgina Turkiyanigina o‘zimizga jalb qila olsak ham ulkan yutuqlarga erishamiz.
Qisqa yozishni niyat qilganimiz holda ham andak cho‘zilibroq ketgan maqolamizni muxtasar qilsak va sarlavhada qo‘yilgan savolga bir jumlada javob bersak, Turkiya kabi qudratli davlat bilan o‘zaro tenglik asosida hamkorlik O‘zbekistonga har jihatdan foyda berishi shubhasiz.
Abror Zohidov, Kamoliddin Egamov.
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina QK bosh qo‘mondoni: “Frontdagi vaziyat murakkab va keskinlashishi mumkin”
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
Tomoshabinlar nafratiga uchragan, saratonni yenggan turk aktrisasi — Vahide Perchinning murakkab taqdiri
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
Rossiya Kursk viloyatidagi hududlarini qaytarib olishga 50 ming harbiy to‘pladi