
Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi obyektlar va yirik loyihalarni ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zlamoqda.
Davlat rahbari o‘z nutqida O‘zbekistonda iqtisodiyot va aholi soni jadal o‘sib borayotgani sharoitida energetika tizimini tubdan isloh qilish, uni zamonaviy talablarga moslashtirish zarurligini ta’kidladi.
– Bugun jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz va aholining talab hamda ehtiyojidan kelib chiqib, energetika tizimida katta islohotlarni amalga oshiryapmiz, – dedi prezident. – Biz bu yo‘nalishda ikkita muhim maqsadga erishishni asosiy vazifa qilib belgilaganmiz. Birinchisi, barcha tarmoq va hududlar uchun ishonchli va uzluksiz energiya ta’minotini yo‘lga qo‘yish. Ikkinchisi esa ana shu rejamizni zamonaviy, ekologik toza va qayta tiklanuvchi muqobil manbalar hisobidan amalga oshirishdir.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda energetika tarmog‘iga 35 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilingan. Shu asosda 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirilgan.
Natijada mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2017-yildagi 60 milliard kilovatt-soatdan joriy yilda 85 milliard kilovatt-soatga yetgan.
Prezident ayniqsa qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish alohida ustuvor yo‘nalish ekanini qayd etdi. Ma’lum qilinganidek:
- salkam 5 ming megavatt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirilgan;
- 400 megavatt quvvatdagi gidroelektr stansiyalari faoliyat boshlagan;
- jami generatsiya quvvatlarida “yashil” energiyaning ulushi joriy yil yakuniga qadar 30 foizga yetkaziladi.
Prezident nutqi davomida yangi energetika quvvatlarini barpo etish, xorijiy sheriklar bilan yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, “yashil” texnologiyalar ulushini yanada oshirish bo‘yicha rejalar xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.