
Futbol dunyosida ko‘pincha raqamlar, rekordlar va statistik ko‘rsatkichlar birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Ammo jahon futboli afsonasi Lionel Messiga ko‘ra, futbolning haqiqiy mazmuni faqat raqamlarda emas — u o‘yinning o‘zida. Argentina terma jamoasi va «Inter Mayami» yetakchisi ESPN bilan suhbatda statistikaga bo‘lgan munosabati haqida ochiq gapirib o‘tdi.
Messiga ko‘ra, hozirgi zamonda jamoatchilik va media diqqati har bir gol, har bir pas yoki har bir rekordga bog‘lanib qolgan. U esa bunday yondashuvni o‘ziga yaramasligini aytadi: «Menga statistikaga osilib olish yoqmaydi. Gol ursam, yoki golli uzatma bersam — bu tabiiy hol. Lekin men o‘yinga chiqib, albatta qandaydir rekordni yangilashim shart, degan fikr bilan yashamayman. Meni futbolning o‘zi, o‘yinga berilgan e’tibor va jamoa uchun foyda keltirish hissi qiziqtiradi», — deya ta’kidladi u.
Messi yana shuni qo‘shimcha qiladiki, uning uchun eng katta qiymat — jamoada muhim rol o‘ynash, kerakli paytda yetakchi bo‘lish va har bir bahsga yurakdan kirishish: «Men statistika ortidan quvmayman. Bu men uchun maqsad ham emas, motivatsiya ham emas. Futbol — mening hayotim, ehtirosim. Men shuni hurmat qilaman».
Shu bilan birga, raqamlar baribir o‘z so‘zini aytadi: joriy mavsumda Messi MLSda «Inter Mayami» tarkibida 33 ta o‘yinda ishtirok etib, 35 ta gol urdi va 21 ta assist berdi — juda katta ta’sir ko‘rsatuvchi ko‘rsatkichlar. Uning mavsum davomidagi o‘yini «Inter Mayami»ni pley-off finaliga olib keldi.
Eslatib o‘tamiz, Messi va jamoadoshlari 6-dekabrdan 7-dekabrga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan 00:30 da MLS pley-off finalida «Vankuver Uaytkeps»ga qarshi hal qiluvchi uchrashuvga chiqishadi. Muxlislar ushbu finalda ham uning o‘yini qanday bo‘lishini katta qiziqish bilan kutmoqda.
Zamin.uz bilan qoling — pley-off finalidan barcha muhim yangiliklarini tezkor yetkazamiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.