
O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi strategik hamkorlik yana bir muhim amaliy qadam bilan boyidi. Vengriya davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vaziri Tibor Navrachich ishtiroki bilan o‘tgan uchrashuvda yangi qator tashabbuslar bo‘yicha kelishuvga erishildi. Eng asosiysi – Vengriyaning zamonaviy «Smart qishloqlar» konsepsiyasi Sirdaryo viloyati Xovos tumanida pilot loyiha sifatida joriy etiladi.
Uchrashuvda Sirdaryo viloyati hokimi Erkin Turdimov va Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi rahbari vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Husainov ham ishtirok etdi. Tomonlar so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchga asoslangan diplomatik munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini qayd etishdi. Bu hamkorlik nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va innovatsion sohalarda ham kengayib borayotgani ta’kidlandi.
Muloqotda Vengriya tajribasini asos qilib, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va ijro intizomini kuchaytirish kabi yo‘nalishlar atroflicha muhokama qilindi. «Smart qishloq» modeli Xovosda zamonaviy infratuzilma, raqamli xizmatlar va qulay biznes muhitini shakllantirishga qaratilgan bo‘ladi.
Tomonlar quyidagi katta loyihalar bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgani alohida ahamiyatga ega:
– Xovos tumanida 50 gektar maydonda O‘zbekiston–Vengriya texnoparki tashkil etish;
– Vengriyaning Budapesht shahrida tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum o‘tkazish;
– Guliston davlat universitetida Vengriyaning MATE universiteti bilan hamkorlikda baliqchilik fakultetini ochish;
– Innovatsion boshqaruv usullarini joriy etishga qaratilgan bir qator qo‘shma dasturlar.
Uchrashuv yakunida Boshqaruv samaradorligi agentligi va Vengriya Davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat doirasida davlat fuqarolik xizmati, kadrlar tayyorlash, inson resurslarini boshqarish, hududlarni barqaror rivojlantirish va innovatsion boshqaruv yechimlarini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha qo‘shma yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu kelishuvlar Xovos tumanida zamonaviy, texnologik va barqaror rivojlanish modelini yaratishga xizmat qilishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.