
O‘zbekiston prezidentining parlamentga murojaatnomasidan kelib chiqqan holda yangi yilda O‘zbekistonni kutayotgan o‘zgarishlarni keltirib o‘tamiz.
Birinchi galda, davlat tizimlari, shaharlar qiyofalari o‘zgaradi, davlat funksiyalari kamaytiriladi,bilim va aql ham o‘z qadrini topadi;
— ichki ishlar, milliy xavfsizlik va mudofaa tizimlarining tashkiliy tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritiladi;
— bir necha agentliklar, qo‘mita, inspeksiya va markazlar qisqartirilib, ayrim vazirliklar tarkibiga kiritiladi;
— davlat xizmati xodimlariga haq to‘lash masalasi ko‘rib chiqilib, ularning ijtimoiy ta’minot tizimini yaratish choralari ko‘riladi;
— davlat ishtirokidagi biznes tuzilmalar tashkil etish cheklanib, bozor mexanizmlari rivojlantiriladi, davlatning ayrim funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi (avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish kabi);
— mamlakatda mahalliy hokimliklar organlarining vakolatlari va mas’uliyati oshiriladi, davlat boshqaruvidagi haddan ortiq markazlashtirishdan voz kechiladi;
— davlat xaridlarini amalga oshirish mexanizmlariga o‘zgartirish kiritiladi, ularning ochiqligi ta’minlanadi va ushbu xaridlarni amalga oshirish maqsadida internetda yagona portal yaratiladi;
— tintuv o‘tkazish va jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarning telefondagi muloqotini eshitishga sanksiya berish huquqi sudlarga o‘tkaziladi;
— hibsga olingan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarni qiynoqqa solish, ularga bosim o‘tkazishni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Xususan, vaqtincha saqlash hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalariga videokuzatuv o‘rnatiladi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmatining barcha xodimlari videokuzatuv bilan ta’minlanadi;
— viloyatlar orasidagi yo‘l-patrul xizmati postlari olib tashlanadi;
— tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi 10 mlrd. kub metrga oshiriladi;
— tadbirkorlik sub’ektlari 2 yilga barcha tekshiruvlardan ozod qilinadi;
— soliq siyosatini amalga oshirishda keskin choralar ko‘rilmaydi;
— soliq imtiyozlarini berishda individual yondashuvdan ovoz kechilib, ularni ma’lum tarmoqlar uchun qo‘llash amaliyoti joriy etiladi;
— Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish borasida muzokaralar o‘tkaziladi;
— genetik modifikatsiya qilingan mahsulotlarni yetishtirmaslik choralari ko‘riladi;
— "Toshkent — Urganch — Xiva" tezyurar poyezdi va "Toshkent — Samarqand — Buxoro — Urganch — Xiva" turistik poyezdi yo‘lga qo‘yiladi;
— 2 mingta ijtimoiy dorixona qurilib, ishga tushiriladi;
— 46 ta perinatal markaz tashkil etiladi;
— 2 ming kilometrlik shisha-tolali aloqa tizimi yotqiziladi;
— intellektual va madaniy salohiyatga alohida e’tibor qaratiladi, bunda nodir qobiliyat egalari qo‘llab-quvvatlanadi, intellektual mulkka milliy boylik sifatida e’tibor qaratiladi;
— xorijdagi vatandoshlar bilan o‘zaro hamkorlik sohasida davlat siyosati konsepsiyasi ishlab chiqiladi, bunda ularning Vatanga bemalol kelib-ketishi va mamlakat taraqqiyotida ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish ko‘zda tutiladi;
— arzon va sifatli uylar qurish ishlari 2017 yilga nisbatan 1,5 barobarga oshiriladi;
— 2018 yildan boshlab, shahar va qishloqlarning qiyofasi o‘zgara boshlaydi. Har bir bino va inshootni loyihalashtirishga innovatsion yondashuv talab etiladi, bunda eski qoliplardan ovoz kechiladi.
Manba: Dia.uz “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar