23:53 / 23.10.2018
4 599

“O‘” va “G‘”dan qutulamiz shekilli. Lotin yozuvi bo‘yicha konferensiyada nimalar aytildi?

“O‘” va “G‘”dan qutulamiz shekilli. Lotin yozuvi bo‘yicha konferensiyada nimalar aytildi?
22 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini keng joriy etish va yanada takomillashtirish muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet, Fanlar akademiyasi til va adabiyot instituti ekspertlari, shuningdek, boshqa mas’ul tashkilotlar xodimlari lotin yozuvi muammolarini muhokama qilishdi.

Konferensiyada nimalar aytildi? O‘zbek alifbosida qanday yangiliklar bo‘ladi? Bunga batafsilroq to‘xtalamiz.

Konferensiyaning ahamiyati nimada?

O‘zbek tili va adabiyoti universiteti qoshidagi maxsus komissiya ikki yildan buyon lotin yozuvini takomillashtirish bo‘yicha ish olib bormoqda. Omma fikrini o‘rganish maqsadida guruh muntazam ravishda “Facebook”da bu borada yangiliklar chop etib, ijtimoiy tarmoq faollarining takliflarini to‘plab bordi. Mana endi yozuvni takomillashtirish borasidagi ishlar nihoyalab qoldi.

Universitet rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov o‘z chiqishida mazkur konferensiya yakuniy maslahatlashuv ekanligini alohida qayd etdi.

“Bugun oxirgi tavsiyalar qabul qilinadi. Shundan so‘ng ishlab chiqilgan takliflar loyihasi Oliy Majlis Senatiga kiritiladi”, — dedi u.

“Yozuv islohoti masalasi cho‘zilib ketdi qabilidagi tanqidlarni shu ikki yil davomida ko‘p eshitdik, – deya qo‘shimcha qildi Shuhrat Sirojiddinov. – Lekin aslida ish bir kun ham to‘xtagan emas. Biz oldingi xatolarni takrorlamaslik maqsadida shoshilmay ish olib bordik, masalani chuqur o‘rgandik”.

Davlat tili inspeksiyasi nima ish qiladi?

Tadbir boshida so‘z navbati O‘zbekiston xalq shoiri, senator Iqbol Mirzoga hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Sarvar Otamurodovga berildi.

Senatda til va yozuv masalasi uchun javobgar bo‘lgan Iqbol Mirzo tilga olgan ko‘plab takliflar qatorida Davlat tili inspeksiyasi tuzish haqida ham gapirdi. Uning bu taklifi odatda aytiladigan “davlat tili to‘g‘risidagi qonunni buzish uchun javobgarlikni kuchaytirish”, “lug‘at va adabiyotlarni ko‘paytirish”, “targ‘ibot ishlarini olib borish” singari mavhum tavsiyalardan konkretligi va yangiligi bilan ajralib turardi (shunga qaramay, senator yuqorida keltirilgan boshqa takliflarni ham chetlab o‘tmadi). Iqbol Mirzo boshqa davlatlarda ham til qo‘mitalari borligini, ular davlat tiliga hurmat ko‘rsatilishini, til me’yorlari saqlanishini nazorat qilib borishini ta’kidlab o‘tdi.

Senatorning aytishicha, Davlat tili inspeksiyasi davlat tashkilotlari va boshqa ayrim muassasalarda davlat tili to‘g‘risidagi qonunga rioya etilishini nazorat qiladi. Lekin u mazkur inspeksiya qanday mexanizmlar asosida ishlashini, qanday qonuniy asosda tekshiruvlar o‘tkazishini hamda qonunni buzganlarga nisbatan qanday choralar ko‘ra olishini tushuntirib o‘tmadi.

Turkiyaga yaqinroq

Til va adabiyot instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudov o‘z chiqishida lotin yozuvining eng muammoli jihatlari bo‘lgan “o‘”, “g‘”, “sh”, “ch” harflaridan batamom voz kechish qatorida “j” harfini “c”ga almashtirish zarurligini ham bildirib o‘tdi.

“O‘z vaqtida ingliz yozuviga yaqinroq va tushunarliroq bo‘lish uchun qabul qilingan bu harflarni metodik va texnik jihatdan qulayroq muqobillariga almashtirish lozim”, — dedi mutaxassis. Uning o‘zi ham 1990-yillarda lotin yozuvini ishlab chiqish uchun javobgar guruh tarkibida bo‘lganini unutmaylik.

Uning tashabbusini keyingi ma’ruzachi – O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq ham qo‘llab-quvvatladi. Davolanayotgan bo‘lishiga qaramay, konferensiyaga yetib kelgan shoir o‘zidan oldingi ma’ruzachilarni diqqat bilan tingladi, so‘ng, so‘z navbati kelgach, mikrofonni o‘ziga yaqinlashtirib (bemorligi tufayli to‘planganlar undan minbarga chiqmay, joyidan gapirishni so‘rashdi), chiroyli va asosli fikrlar bildirdi.

“O‘zbekiston turkiy dunyoga integratsiyalashib borayapti. Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa turkiy davlatlar bilan aloqalarimiz mustahkamlanmoqda. Agar Nizomiddin akaning tashabbusi inobatga olinsa, o‘zaro tushunarli harflar soni yana bittaga ortadi. Qrimtatarlar, turklar, ozarbayjonlar va boshqa qardosh xalqlar o‘zbek tilini yaxshiroq tushunishiga zamin yaratamiz”, – deb ta’kidladi u.

Shu paytga qadar ochiq aytilmagani bilan o‘zbek lotin alifbosi boshiga “o‘”, “g‘”, “sh” va “ch” shaklida kelgan kulfatlar mana shu masalaga bog‘liqligini hamma bilardi. Bizdagi ishonchli manbalarga ko‘ra, dastlab “ğ” va “ö” tarzida qabul qilingan “g‘” va “o‘” o‘z vaqtida turk alifbosiga o‘xshab qolmasligi uchungina hozirgi apostrofli beso‘naqay shaklga o‘tkazilgan. Bu xatolar tuzatilishi qatorida, “j” > “c” masalasi ham rasmiy tadbirda o‘rtaga tashlanishi katta o‘zgarishlardan dalolat beradi.

Kirill yozuvi tarafdorlari ham bo‘y ko‘rsatdi

Tadbir mobaynida o‘ychan o‘tirgan Ozod Otamirzayev (“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori o‘rinbosari, geografiya fanlari doktori, professor) mikrofon oldiga kelganida noroziligini yashirib o‘tirmadi. “Ijtimoiy fikr” yozuv masalasida o‘tkazgan so‘rovlar natijalari yuzasidan quruqqina hisobot bergach, Ozod Otamirzayev “fuqaro sifatida shaxsiy fikri”ni bildirishni lozim topganini aytdi.

“Biz lotin yozuviga o‘tishda xalq fikrini inobatga olmay, shoshqaloqlik qilib, xatoga yo‘l qo‘ydik, – yozg‘irdi u. – Natijada chalasavod bo‘lib qoldik. Kirill alifbosida yaratilgan ulkan merosdan uzilib qoldik. Yosh avlod o‘z merosidan bexabar bo‘lib qoldi”.

Geografning yonida o‘tirgan ustozlar xijolatchilikni yashirish uchun tabassum qilishga urinisharkan, past ovozda unga e’tiroz bildirib ko‘rishdi. Lekin bu kor qilmadi; Ozod Otamirzayev anchayin keskin ohangda noroziligini ifodalashda davom etardi. Natijada e’tirozlar balandroq ovozda yangray boshladi.

“Mana sizlar, – deb auditoriyada yig‘ilgan talabalarga murojaat etdi u, – kirill yozuvini bilasizlarmi?”

“Bilamiz!”, – bir ovozda xitob qilishdi talabalar.

Kutilgan javobni ololmagan arbob boshqa argumentlarga o‘tdi va lotin yozuvidan yaxshi xabardor emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Masalan, uning fikricha, lotin yozuvida “yer” va “er” so‘zlari bir xil yozilar ekan.

Rektor auditoriyada ko‘tarilgan shovqin-suron mojaroga aylanishining oldini olish uchun bo‘lsa kerak, kofe-breyk e’lon qilib yubordi. Maslahatlashuv ishtirokchilari o‘rinlaridan qo‘zg‘alib, tarqalayotgan paytda Ozod Otamirzayev hali ham mikrofonga nimalardir deyayotgan edi, ammo uning oxirgi so‘zlari olomon shovqinida yo‘q bo‘lib ketdi.

Lotin yozuvining qanday o‘zgarishi kutilmoqda?

Yuqorida aytilganidek, konferensiyada lotin yozuvi bo‘yicha takliflarning yakuniy loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha Senatda qachon ko‘rib chiqilishi-yu, qachon hayotga tatbiq etilishi haqida aniq ma’lumot berilmadi. Nizomiddin Mahmudov bilan oldingi suhbatlarimizda bu ishlar joriy yil oxirida – keyingi yil boshida amalga oshirilishini aytgan edi.

Tadbirda qayta ishlangan lotin alifbosining ikki varianti taqdim etildi. Birinchisini universitet mutaxassislari ishlab chiqqan bo‘lib, unda quyidagi o‘zgarishlar nazarda tutilgan:

“o‘” > “ŏ” “g‘” > “ğ” “sh” > “ş” “ch” > “ç”

Ekspertlar jamoasi “ng” harf birikmasiga teginmaslikka qaror qilishdi. Buning sababi – u yozuvdan bu yozuvga avtomatik o‘tkazish chog‘ida kompyuter “ng” harf birikmasini “ŋ” tovushidan ajrata olmaydi, buning natijasida matnlar imloviy xatolarga to‘lib ketadi va ularni qo‘lda tuzatib chiqishga to‘g‘ri keladi.

Ikkinchi variantni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdim etgan. Unda, yuqoridagilardan tashqari, “s” tovushini ifodalovchi “c” harfini qo‘shish taklif qilingan.

Shuningdek, ma’ruzalar va kofe-breykdan keyingi muhokamalarda Nizomiddin Mahmudovning “j” > “c” taklifiga qo‘shimcha ravishda “j” harfini ham saqlab qolish, uning yordamida “jirafa”dagi “j”ni ifodalash taklifi aytib o‘tildi.

Hozirgi lotin yozuvini saqlab qolishni yoqlab chiqqanlar ham bo‘ldi. O‘zgarishlarga qarshi fikr bildirganlarning asosiy e’tirozi kompyuterda matn terish bilan bog‘liq muammolar bilan bog‘liq edi. Ularning aytishicha, bugungi lotincha, ayrim noqulayliklariga qaramay, standart ingliz klaviaturasiga biror-bir o‘zgartirish kiritishni talab qilmaydi; yangi alifbo esa yangi dasturiy ta’minot yaratish, yangicha klaviaturaga moslashishni taqozo etadi. Lekin tayyor turkcha klaviatura turganida bu jiddiy muammo bo‘lmasa kerak.

“Ikki xil yondashuv tarafdorlarining kurashi uzoq davom etdi. Va bu kurash yangilik tarafdorlarining g‘alabasi bilan tugadi. O‘tmishning sohiblari kelajak sohiblariga yo‘l bo‘shatib berishi kerak”, – degan edi Nodir Jonuzoq o‘z ma’ruzasi davomida.

Umid qilamizki, bu g‘alaba yakuniy va uzil-kesil bo‘ladi. Lotin yozuvi tuzuk ko‘rinishga keltiriladi va qat’iyat bilan tez fursatda joriy etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » “O‘” va “G‘”dan qutulamiz shekilli. Lotin yozuvi bo‘yicha konferensiyada nimalar aytildi?