
Dunyoda global iqlim o‘zgarishi jarayoni mana oxirgi uch yildirki respublika hududlarida haqiqiy qish ob-havosini taqdim etmadi. Qor o‘rniga iliq yomg‘irlarni ko‘rmoqdamiz. Chana-chang‘ilar tashqariga olib chiqilmay, qaznoq-yerto‘lalarda chang bosib yotibdi. Bu ketishda, yosh avlod yaqin kelajakda katta avlod ko‘rgan qish manzarasi, qorli kunlar taa’surotlarini faqat kinolar yoki tog‘li dam olish maskanlarida ko‘ra oladi xolos, shekilli.
Ha, qish deganda qor yog‘ishi, muzlama yo‘llar, qalin qor bilan qoplangan dalalar, uylarning tom yopilmalaridan osilib turgan yaxmalak manzaralari ko‘z oldimizda bot-bot gavdalanevaradi. Ammo, oxirgi paytda qish oylarida ʼʼinjiqʼʼ iqlimning o‘zgarishi bizni bu kabi hodisalardan mahrum qilib qo‘ydi.
Qish oylarida O‘zbekiston hududlariga kirib keladigan sovuq oqim (siklon va antitsiklon)larning deyarli hammasi qo‘shni Qozog‘iston respublikasi orqali Rossiya hududlaridan kirib keladi. Bu tabiiy...
Xo‘sh, Rossiya umuman olganda, Yevropa davlatlarida 2019-2020 yilgi qish mavsumi qanday kutilmoqda?
Buyuk Britaniya va Markaziy Yevropaning katta qismida 2019-2020 yilgi qish mavsumi favqulodda oxirgi 60 yillikdagi ʼʼeng sovug‘iʼʼ bo‘lishi mumkin ekan. Xavotirga o‘rin yo‘q, chunki bu hududlarda shakllangan sovuq oqimlarning O‘zbekiston respublikasi hududlariga ta’siri umuman sezilmaydi.
Ukrainada noyabr oyining faqat birinchi o‘n kunligini sovuq ko‘rsatishmoqda, ammo u yerda qish mavsumi nisbatan iliq, ko‘p yillik me’yor atrofida va undan yuqori bo‘lishi, yerlarni qalin qor qoplami qoplashini bashorat qilishmoqda. Bu hududda rivojlangan ayrim keng masshtabli sovuq oqimlar bizning respublika hududlariga 6-7 kunda shimoli-g‘arbiy sovuq oqim ko‘rinishida kirib kelishi isbotlangan.
Rossiya Rossgidromet (Rossiya Gidrometeorologiya xizmati markazi) ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 19 yil ichida Rossiya Gidrometeorologiya xizmati markazi tomonidan ishlab chiqilgan qish mavsumi uchun prognozlarning to‘g‘riligi 58-81% oraliqda bo‘lgan ekan. Qiziq tomoni, Rossgidromet Rossiya hududlarida 2019-2020 yil mavsumi uchun kuzning oxirgi noyabr, qish oylari hamda bahor oyining dastlabki mart oyini ko‘p yillik me’yor atrofida va undan yuqori ya’ni ʼʼiliq kelishiniʼʼ bashorat qilmoqda.
Rossgidromet ma’lumotlari, va oxirgi davrlarda qo‘shni Turkmaniston orqali Eron va Pokiston islom Respublikalarida faollashgan keng mashtabli iliq oqimlarning bizning respublika hududlariga kirib kelish ketma-ketligini inobatga olib, O‘zbekiston respublikasi hududlarida 2019-2020 yilgi qish mavsumi oylari uchun quyidagi meteorologik holatlarni bashorat qilish mumkin.
Noyabr oyi
Rossiyaning shimoliy qutbiga yaqin qismida polyarniy sovuq oqimlar faolligi past darajada ekanligini inobatga olib, respublika hududlariga o‘ta sovuq havo massalarining kirib kelish davomiyligi deyarli kuzatilmaydi. Shuning uchun, bu oyda o‘rtacha oylik havo harorati me’yor atrofida va undan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Dekabr oyi
O‘rtacha oylik havo harorati ko‘p yillik me’yor atrofida, ayrim hududlarda undan yuqori bo‘lishi mumkin. Asosiy sovuq - oyning o‘rtalarida sovuq Sibir antitsikloni(quruq sovuq)ning kirib kelishi tufayli yuzaga keladi. Oyning birinchi o‘n besh kunligida yog‘ingarchiliklar kam kutiladi. Oyning uchunchi o‘n kunligi boshlarida yog‘ingarchiliklar ko‘payib boradi. Yangi yil arafalarida havo iliqroq bo‘lishi mumkin.
Yanvar oyi
Kelayotgan qish oylari ichidagi ʼʼeng sovug‘iʼʼ deyish mumkin. Ammo, shunga qaramay, oy davomida o‘rtacha oylik havo harorati ko‘p yillik me’yor atrofida bo‘ladi. Oyning birinchi yarmida asosan havo iliq, yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar bo‘lishi kutilmoqda. Ammo, oyning ikkinchi yarmida Rossiyaning shimoli-g‘arbiy qismida sovuq havo oqimlarining keng masshtabli faolligi oshgani bois, respublika hududlariga bu davrda kamida bir marta bo‘lsa ham sovuq oqimlar yog‘ingarchiliklar (qor bilan) bilan kirib kelishi mumkin. Oy oxirlariga borib, asta-sekin kunlar isiy boshlaydi.
Fevral oyi
Oy davomida o‘rtacha oylik havo harorati ko‘p yillik me’yordan yuqori iliq bo‘lishi mumkin. Oyning birinchi o‘n kunligida asosiy yog‘ingarchiliklar(asosan yomg‘ir ko‘rinishida) yog‘ib o‘tadi. Janubdan kirib keluvchi iliq oqimlar havo haroratini aynan shu oyda ko‘tarib yuborishi mumkin.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, 2019-2020 yil mavsumidagi qish oylari kutilganidek, iliq kelishi kutilmoqda.
Gidrometeorologiya sohasida uzoq muddatli bashoratlarning aniqlik darajasi 55-70% ekanligini inobatga olib, bu meteorologik bashoratlarni maslahat o‘rnida qabul qilishingizni tavsiya beraman.
Meteorolog-sinoptik: Abdulaxatov E.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar