21:53 / 22.01.2020
3 547

«Svet» o‘chishi va xiraligidan aziyat chekkan aholi muammolarini hal qilishni mutasaddilar paysalga solmoqda

«Svet» o‘chishi va xiraligidan aziyat chekkan aholi muammolarini hal qilishni mutasaddilar paysalga solmoqda
Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani «Xonobod» qishlog‘i E’zoz ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholini 2 yildan beri elektr toki bilan bog‘liq muammo qiynaydi. Chiroq yonsa, xiralashib ketadi, o‘chsa yonishi qiyin bo‘ladi.
2016 yil qurilgan namunali uylarga ko‘chib kirgan fuqarolarning gaz bilan ham bog‘liq muammolari bor. Tabiiy gaz quvurlari uylarning yonidan o‘tgan, ammo yangi xonadonlarga o‘rnatilmagan. Bundan kelib chiqib xonadon egalariga suyultirilgan gaz ham yetkazib berilmaydi.

“Nasafnews”ga murojaat qilgan fuqarolarning shikoyatlarini o‘rganar ekanmiz, ular elektr toki bilan bog‘liq muammo yuzasidan bir necha tashkilotlar eshigida sarg‘ayganini ham aytadi.

- Mana ko‘ring, hisoblagichdan o‘lchab ko‘rsataman, elektr tokining joni yo‘q. Juda xiralashib, o‘chib qoladi, - deydi 17-uyda istiqomat qilgan Xondamir Ahmedov. Bizda istish eng katta muammo. Shu tufayli sovuq kunlarda isitish pechlaridan foydalanishga majburmiz. Lekin isitish pechlari past quvvatli elektr toki bilan ishlamaydi.

Mazkur ko‘chada istiqomat qiluvchi aholi elektr tokining quvvatsiz ekani tufayli me’yorlagich (stabilizator) sotib olgan. Ammo hamma xonadonning ham uyini isitish uchun salkam 2 mln so‘mga bu qurilmani sotib olishga qurbi yetmaydi.

- Xona isitgichlarini stabilizator orqali ishga tushiramiz, – deydi 18-uyda istiqomat qiluvchi E’zoza Xolliyeva. Lekin hamma ham bunday kuchaytirgichlarni sotib olishga qurbi yetmaydi. Nochor oilalarimiz ham bor.

Qishning sovuq kunlaridan tashvishga tushgan ayrim xonadon egalari shahar markazidan ko‘p qavatli uy-joylarni ijaraga olib ko‘chib chiqib ketishga ham majbur bo‘lgan.

- Yosh bolam borligi uchun o‘z uyimdan chiqib, shahar markazidagi ko‘p qavatli uy-joylardan birini ijaraga oldim. Chunki pechka yoqsangiz, ba’zan katta xonadonlarni isitib bo‘lmaydi. Elektr toki har doim yonib tursa-ku, xira bo‘lsa ham stabilizatorlardan foydalansak bo‘lardi. Lekin ishdan qaytishimiz bilan 2 yoki 3 soatlab tok o‘chib qoladi.

Muammoga yechim izlab dastlab fuqarolar Qarshi tuman elektr ta’minoti korxonasiga murojaat etgan. Ulardan aniq javob olmagach, viloyat hokimligiga ham muammosini aytgan.

- 2019 yilning 21 noyabr kuni murojaat etganimizda, 3 kunda hal etiladi deb aytishgan edi. Lekin 2 oy bo‘ldi muammo yechilmadi. Natija bo‘lavermagach, «Uzbekenergo»AJ ishonch telefonlariga ham qo‘ng‘iroq qildik. Ulardan ham bir sado chiqmadi,- deydi E’zoza Xolliyeva.

Aholi elektr tokining quvvati pastligiga mahallada o‘rnatilgan transformator eskirgani sabab qilib ko‘rsatmoqda.

- Mutasaddilarga murojaat qilganimizda transformator eskirganini aytishdi, - deydi Xondamir Ahmedov. Biz bu bo‘yicha ulardan amaliy yordam so‘radik. Lekin ular transformator o‘rnatish ishlari birdaniga bo‘lmasligini, qish fasli tugaguncha kutishimni tushuntirishdi. Sovuq kunlar o‘tgandan keyin bizga transformator nega kerak? Hozir sovuqda bir chora ko‘rishni o‘rniga, keyin qilamiz deganlarini qanday tushunaylik?

Mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolar agarda elektr ta’minoti korxonasining transformator olib berishga kuchi yetmasa, o‘zlari pul yig‘ishib sotib olishlarini ham ta’kidladi.

- Ko‘chamizda yashovchi 11 ta xonadon pul yig‘ishib bo‘lsa ham transformator sotib olmoqchimiz, - deydi Xondamir Ahmedov. Shu bilan muammo yechilsa, elektr toki quvvati normal holatga qaytsa biz bunga rozimiz. Mening tashabbusini qolgan xonadonlar ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Lekin elektr ta’minoti korxonasi mutasaddilari transformatorni o‘rnatib bera olishadimi? Ularga bu borada bergan savollarimiz ochiq qolmoqda.

“Nasafnews” muxbiri aholining bu boradagi taklifi yuzasidan “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJning mas’ullariga bog‘landi. Ular daslab muammo bilan tanishib chiqib, quyidagicha ma’lumot berdi.

- Transformatorni elektr tarmog‘iga ulashning tartibi bor, dastlab loyiha qilinadi, qator hujjatlar tayyorlanadi, tegishli tashkilotlarning xulosalari olinadi. Buning uchun esa vaqt kerak. Butun boshli tarmoqqa ulash oson ish emas.
Yuqoridagilarni inobatga olib, 2020 yilning 2-choragida mahalliy budjetdan ajratilgan mablag‘ evaziga transformator o‘rnatib berishimiz mumkin. Ungacha aniq bir ma’lumot aytolmayman,- deydi “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ mas’uli.

Shu o‘rinda haqli savol? Muammo mablag‘ga borib taqalsa, aholining o‘zi transformator sotib olishga rozi. Lekin “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ shunda ham buning chorasini ko‘ra olmaydimi? Yoki biz tushunmagan yana biror jihat bormi?

E’zoz ko‘chasida istiqomat qiluvchi aholi murojaatlarini o‘rganib, ortga qaytar ekanmiz yana mahallada «svet» o‘chdi. Shundoqqina markaziy yo‘l chetida joylashgan qishloq zulmat ichida qoldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «Svet» o‘chishi va xiraligidan aziyat chekkan aholi muammolarini hal qilishni mutasaddilar paysalga solmoqda