date
views 3 171

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ushlab turish tartibida o‘zgarish bo‘ladi

Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ushlab turish tartibida o‘zgarish bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritiladi.
Tegishli qonun loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentabrda qabul qilingan 2013–XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritiladi:

224-moddaning (Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ushlab turish tartibi) matni quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turishning ushbu Kodeksning 221-moddasida (Ushlab turish asoslari - tah.) ko‘rsatilgan asoslardan bittasi mavjudligini bevosita ko‘rib yoki boshqa shohidlarning so‘zlaridan aniqlasa quyidagilarga:

1) gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini bildirishga;
2) gumon qilinuvchidan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishga;
3) ushlayotgan shaxsga o‘zini tanishtirishga va ushlanayotgan shaxsning talabiga ko‘ra shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishga;
4) ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishga;
5) ushlab turilgan bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishga majburlar.

Ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv qilishga va olib qo‘yish o‘tkazishga haqlidir. Shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yish o‘tkazish to‘g‘risidagi bayonnoma ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng xolislar huzurida tuzilishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlarni o‘tkazishning kechiktirib bo‘lmaydigan hollarida, ularni videoyozuv orqali qayd etilmasdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi. Ushbu qoida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ binosida o‘tkaziladigan ushlashga tatbiq etilmaydi.
Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan hollarda ichki ishlar organi xodimi yoki boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxsni yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so‘ng videoyozuvni qo‘llangan holda uning protsessual huquqlari majburiy tartibda tushuntiradi. Videoyozuv uni namoyish qilish orqali ushlab turilgan shaxsga tanishtirish uchun taqdim etiladi.

Shaxsni yalang‘ochlash bilan bog‘liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish taqiqlanadi.
Protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida bayonnomaga yozib qo‘yiladi. Videoyozuv materiallari bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi.

Agar ushlangan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa yoxud mastlik, giyohvandlik yoki boshqa holatlarga ko‘ra o‘zining huquqlari tushuntirilishini to‘g‘ri anglashga qodir bo‘lmasa, gumon qilinuvchining huquqlari unga tarjimon (zarur hollarda) va (yoki) uning qonuniy vakili yoki yaqin qarindoshi ishtirokida birinchi so‘roqqacha tushuntirilib, bu haqda bayonnomaga yozib qo‘yiladi.

Vakolatli shaxslar va fuqarolar qonunga xilof yoki asossiz ushlab turganlik yoxud ushlash vaqtida vakolatlari doirasidan chetga chiqqanlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladilar”.

Ushbu qismning amaldagi tahriri quyidagicha:
“Ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turishning ushbu Kodeksning 221-moddasida ko‘rsatilgan asoslardan bittasi mavjudligini bevosita ko‘rib yoki boshqa shohidlarning so‘zlaridan aniqlasa, gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini bildirishlari va undan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishi shart.
Shu bilan birga, ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi, shuningdek u bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishi shart. Bunda ushlayotgan shaxs o‘zini tanishtirishi va ushlanayotgan shaxsning talabiga ko‘ra shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi shart.

Ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv qilishga va olib qo‘yish o‘tkazishga haqlidir. Shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yish o‘tkazish to‘g‘risidagi bayonnoma ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng xolislar huzurida tuzilishi mumkin.

Vakolatli shaxslar va fuqarolar qonunga xilof yoki asossiz ushlab turganlik yoxud ushlash vaqtida vakolatlari doirasidan chetga chiqqanlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladilar”.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar ushlab turish tartibida o‘zgarish bo‘ladi