date

Kelayotgan qishda iliq kunlar ham, qattiq sovuqlar ham bo‘ladi

Kelayotgan qishda iliq kunlar ham, qattiq sovuqlar ham bo‘ladi

Gidrometeorologiya xizmati 2025–2026-yillar qish mavsumi uchun dastlabki mavsumiy bashoratni e’lon qildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu yilgi qish umumiy holatda ko‘p yillik me’yorlarga yaqin kechishi kutilmoqda, ammo ayrim kunlarda hududlar kesimida sezilarli harorat o‘zgarishlari kuzatilishi mumkin. Shu bois fuqarolar, xizmatlar va iqtisodiy tarmoqlar oldindan tayyorgarlik ko‘rishlari zarurligi eslatib o‘tildi.

Dekabr: nisbatan iliq va o‘zgaruvchan oy

Qishning dastlabki oyi me’yordan 1–1,5 daraja balandroq harorat bilan boshlanishi prognoz qilinmoqda. Oyning ilk o‘n kunligida havo ayniqsa yumshoq bo‘ladi: tunlari 0…+5°, kunduzlari +10…+15° atrofida.

Ammo dekabrning ikkinchi yarmidan boshlab ob-havo keskin almashib turadi: tunlari +2…+7° dan 0…–5° gacha tushsa, kunduzlari +12…+17° dan +2…+7° gacha pasayishi mumkin. Yog‘ingarchilik esa norma yoki undan biroz kam bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Yanvar: asta-sekin sovush va kuchli shamollar ehtimoli

Yanvar oyi bir qarashda odatiy qishni eslatsa-da, ayrim hududlarda sovuqlar me’yordan biroz kuchliroq kechishi mumkin. Oyning dastlabki ikki o‘n kunligida harorat katta tebranishda bo‘ladi: tunlari +3…+8° dan –3…–8° gacha, kunduzlari +10…+15° dan –2…+3° gacha o‘zgarib turadi.

Uchinchi o‘n kunlikda esa qishning eng qattiq davri kutilmoqda: ko‘pchilik hududlarda tunlari –12…–17°, kunduzi –5…–10° gacha tushishi mumkin. Nukus va Urganchda esa harorat –20…–25° darajagacha pasayishi ehtimoldan xoli emas.

Fevral: boshda sovuq, keyin esa sezilarli ilish

Fevral oyining ilk o‘n kunligida anomal sovuqlar yana davom etishi mumkin: tunlari –5…–10°, kunduzlari –3…+2°. Ammo shundan keyin qish biroz yengillashadi: tunlari –2…–7° atrofida bo‘lib, +3…+8° gacha ko‘tarilishi mumkin. Kunduzlari esa 0…+5°dan +10…+15° gacha ilishi kutilmoqda. Janubiy hududlarda ba’zi kunlari +15…+20° ham qayd etilishi mumkin.

Yog‘ingarchilik miqdori umumiy hisobda me’yor doirasida bo‘ladi.

Mutaxassislar nima deydi?

Gidrometeorologlar ta’kidicha, mavsumiy prognoz aniq yo‘llanma emas — ob-havo sharoitiga ko‘ra o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Biroq yuz berishi mumkin bo‘lgan kuchli sovuqlar, qattiq shamollar yoki noqulay gidrometeorologik holatlar haqida qo‘shimcha axborotlar o‘z vaqtida e’lon qilib boriladi.

Shu bois fuqarolar, ayniqsa issiqlik ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, energetika va transport tizimi kabi sohalar zimmadagi vazifalarni oldindan rejalashtirib, ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari tavsiya etilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Kelayotgan qishda iliq kunlar ham, qattiq sovuqlar ham bo‘ladi