2 386
«O‘zbekistonda qiynoqlar oldindan bor, faqat hukumat buni tan olmasdi» – Ombudsman
Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyevning ta’kidlashicha, mamlakatimizda jazoni ijro etish muassasalarida, tergov izolyatorlarida, maxsus hibsxonalarda qiynoqqa solish holatlari mavjud. Bunday holatlar oldin ham juda ko‘p bo‘lgan, faqat O‘zbekiston hukumati buni tan olmagan. Lekin oxirgi yillarda O‘zbekistonda qiynoqlar masalasi mavjud ekanini oshkor etmoqda. U bu haqda 29 may kuni Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“Istaymizmi-yo‘qmi, [mamlakatimizdagi jazoni ijro etish muassasalarida, tergov izolyatorlarida, maxsus hibsxonalarda] qiynoqlar masalasi bor. Oldin ham juda ko‘p bo‘lgan, faqat O‘zbekiston hukumati buni tan olmagan. Lekin oxirgi yillarda O‘zbekistonda qiynoqlar masalasi mavjud ekanini oshkor etmoqda. Oldinroq prezident tomonidan kambag‘allik masalasi aytib o‘tildi. Qiynoqlar masalasi ham shunday: hozir ham O‘zbekistonda mavjud.
Qiynoqlar bo‘yicha Ombudsmanga kelayotgan murojaatlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 2019 yilda bu masalada 138 ta shikoyat yuborilgan. Bular mahkumlarning o‘zlari, qarindoshlari tomonidan yozilgan. Shikoyatlarning monitoringi rasmiy saytimizda ham doimiy olib boriladi va Oliy Majlisga hisobot sifatida taqdim etib boriladi”, deydi Ulug‘bek Muhammadiyev.
Ombudsmanning 2019 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotida qayd etilishicha, 2019 yil davomida qiynoqlar bo‘yicha 138 ta shikoyat kelib tushgan va ularning barchasi ko‘rib chiqilgan. Natijalari bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 4 ta qaror bekor qilinib, qo‘shimcha tergovga yuborilgan, 31 ta holat bo‘yicha protest kiritish uchun asoslar topilmagan, 45 ta holat bo‘yicha bayon etilgan faktlar o‘z tasdig‘ini topmagan, 18 ta murojaat ishlarni sudlarda ko‘rib chiqish munosabati bilan protsessual tartibda sudga yuborilgan.
Hisobotda keltirilishicha, aksariyat hollarda, o‘zaro notanish bo‘lgan turli shaxslar tomonidan yozilgan shikoyatlarda ularga nisbatan noqonuniy usullar quyidagi viloyatlar (tuman) ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan amalga oshirilganligini ko‘rsatib o‘tishgan:
- Toshkent viloyati (Angren shahri Pskent tumani Tovoqsoydagi 7-sonli KIN, JIEBBning 1-sonli tergov hibsxonasi);
- Qashqadaryo viloyati (Qarshi shahar, Shahrisabz tumani IIB, Qarshi shahridagi 3-sonli KIN);
- Buxoro viloyati (Buxoro shahri Jondor tumani IIB, Qorovulbozordagi 17-sonli KIN);
- Navoiy viloyati (Qiziltepa tumanidagi 5-sonli KIN, Navoiy shahridagi 11-sonli KIN);
- Sirdaryo viloyati (Guliston shahri IIB);
- Toshkent shahri (Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor tumanlari IIB).
Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan brifingda Ulug‘bek Muhammadiyev 2019 yilda Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Andijon, Namangan va Toshkent viloyatlaridagi 20 ta jazoni ijro etish muassasi, 6 ta tergov va hibsxonalarda jami 26 ta monitoring amalga oshirilgani, bundan tashqari, 13 ta reabilitatsiya markazlarining ham monitoringi qilingani, natijada 3 mingdan ortiq shaxs bilan jamoaviy uchrashuv, 248 ta mahkum bilan individual tarzda suhbat o‘tkazilganini aytib o‘tdi. 2020 yilda 24 ta monitoring olib borilgan bo‘lib, ularda Inson huquqlari masalasi bilan shug‘ullanuvchi «Ezgulik» NNT, Demokratiya va inson huquqlari instituti, «Yuksalish» umummilliy harakati, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz kabi tashkilotlar ham faol ishtirok etgan.
“O‘zbekiston BMTga ham qiynoqlar masalasida ma’lum muddat oralig‘ida hisobot topshirib turadi. O‘tgan yili oktabr-noyabr oyida ham shunday hisobot topshirildi, bir vaqtning o‘zida Ombudsmanning ham muqobil ma’ruzasi topshirildi. Va bu narsa, ya’ni qiynoqlar masalasida hukumat hisoboti va parallel ravishda Ombudsmanning muqobil ma’ruzasini yuborish BMTning O‘zbekistonga bergan tavsiyasida ham aks etdi.
Oxirgi paytlarda mahkumlar yuborayotgan murojaatlar soni ham o‘sib bormoqda. Nega shikoyatlar soni o‘syapti degan tabiiy savol ham tug‘ilishi mumkin. Sababi fuqarolarda shu paytga qadar murojaat qilish imkoniyati chegaralangan bo‘lgan. Hozir esa ularda bizga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilish huquqi bor.
Aytaylik, koloniyadagi mahkumlar ishonch telefonimizga ham qo‘ng‘iroq qilishyapti. 2 yil oldin bu amaliyot mavjud emas edi. Shu yilning hozirgi sanasiga qadar 40 ga yaqin shunday shikoyatlar qabul qilindi va ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oxirigacha o‘rganiladi.
Yaqinda Vazirlar Mahkamasining «Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lgan jazoni ijro etish faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qarori e’lon qilindi. Unga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligining jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor qilinadi, oldin esa bu yopiq ma’lumot hisoblangan. Xalqaro tajribada bu ma’lumot oshkor qilib boriladi va mamlakatdagi mahkumlar soni davlatning demokratik reytinglarda o‘rin egallashiga ta’sir ko‘rsatadi”, deydi Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili.
Brifingda O‘zbekiston BMTning 1984 yilda qabul qilingan «Qiynoqqa solish, muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shafqatsiz yoki g‘ayriinsoniy boshqa turlariga qarshi kurashish» konvensiyasii 1995 yilda himoya qilgani, davlat konvensiyada belgilangan qoidalarga amal qilishni o‘z bo‘yniga olgani, milliy preventiv mexanizm esa konvensiya davomi sifatida 2002 yilda fakultativ protokol bilan joriy qilingani ma’lum qilindi. O‘zbekiston hali bu protokolga qo‘shilmagan va ayni paytda joriy qilingan milliy preventiv tizimi protokol hali qabul qilinmagan bo‘lsa-da, ushbu tizim mamlakatda aprobatsiyadan o‘tkazilayotgani, natijalarga qarab, fakultativ protokol alohida qonun sifatida imzolanishi mumkinligi ta’kidlandi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»