date

Yer auksionlari va kadastr xizmatida yangi tartib joriy etildi

Yer auksionlari va kadastr xizmatida yangi tartib joriy etildi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan elektron auksionlar orqali yer maydonlarini sotish va kadastr sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini takomillashtirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab berildi. Yangi hujjat mamlakatda tadbirkorlik faoliyati va shaharsozlik ishlarini yanada jonlantirishga qaratilgan.

Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer maydonlari ustidan nazorat tizimi mustahkamlanadi. Shuningdek, ijara huquqi asosida sotib olingan yerlarni birlashtirish imkoniyati yaratiladi. Bu o‘zgarishlar yer-huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash va kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat-tadbirkorlik hududlarida investitsiya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Yangi tartibga ko‘ra, aholi uchun davlat xizmatlarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni yo‘qotish va qulay sharoit yaratish maqsadida qator islohotlar amalga oshiriladi. Jumladan, sanoat zonalari direksiyalari elektron onlayn-auksionlarda yer maydonlarini sotishda buyurtmachi sifatida tan olinadi.

2025-yil 5-sentyabrdan boshlab olis va cho‘l hududlarda joylashgan yoshlar tadbirkorlik zonalaridagi bo‘sh yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali simvolik ravishda 1 so‘m narxida savdoga qo‘yiladi. Bu jarayon Yerelektron avtomatlashtirilgan axborot tizimida alohida bo‘lim orqali amalga oshiriladi.

Ko‘p kvartirali uy-joylar qurish uchun yer maydonini qo‘lga kiritgan auksion g‘olibi hokimiyat bilan elektron shartnoma tuzadi. Unga ko‘ra:


  • loyihaoldi hujjatlarini tayyorlash uchun 15 kun,



  • loyiha ishlarini amalga oshirish uchun 2 oy,



  • qurilishni boshlash uchun 3 oy muddat belgilanadi.


Agar talablar bajarilmasa, yer maydoni belgilangan tartibda qaytarib olinib, qayta savdoga chiqariladi.

Shuningdek, auksionlarda sotib olingan yerlarda qurilish jarayonlari «Onlayn mahalla» elektron platformasi orqali muntazam nazorat qilinadi. Ushbu mexanizm qurilish boshlanishidan to obyekt foydalanishga topshirilguniga qadar barcha bosqichlarni shaffof kuzatish imkonini beradi.

Yangi islohotlar orqali tadbirkorlar va aholi uchun yerdan foydalanish jarayoni ancha yengillashishi hamda mamlakatda qurilish va investitsiya muhitini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yer auksionlari va kadastr xizmatida yangi tartib joriy etildi