date

Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar sudda vazirlikka yutqazdi

Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar sudda vazirlikka yutqazdi

Toshkent shahrida attestatsiya jarayonlaridan norozi bo‘lgan bir guruh o‘qituvchilarning sud ishi yakunlandi. Ular Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilib, attestatsiya imtihonlarini qayta tashkil etish va ma’naviy ziyon uchun to‘lov tayinlashni talab qilgan edilar. Biroq sud ularning talabini asossiz deb topib, vazirlik foydasiga qaror chiqardi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 8-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida asosan ona tili va adabiyot fanidan dars beradigan pedagoglar ishtirok etdi. Sud jarayonida ularning advokatlari ham ishtirok etib, da’vogarlar manfaatini himoya qildi. Sud majlisi sudya Guli Shukurlayeva raisligida to‘rt marta muhokama qilindi.

O‘qituvchilarning vakillari attestatsiya jarayonlarida qator kamchiliklar bo‘lganini ta’kidlashdi. Jumladan, ular test savollari xalqaro talablarga to‘liq javob bermaganini, savollar aprobatsiyadan o‘tkazilmaganini va natijalarda xolislik ta’minlanmaganini bildirdi. Shuningdek, baholash jarayonlari shaffof o‘tmagani haqida dalillar keltirishdi.

Biroq vazirlik yuristlari barcha ayblovlarni rad etdi. Ularga ko‘ra, test materiallari xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan, aprobatsiyadan o‘tgan va tizim xalqaro tashkilotlardan biri tomonidan akkreditatsiya qilingan. Shuning uchun natijalar qonuniy va adolatli hisoblanadi.

Sud jarayoni davomida da’vogar tomoni yangi ekspertlar tayinlab, savollar sifati va baholash jarayonini qayta ko‘rib chiqish haqida iltimosnoma berdi. Biroq bu talab ham sud tomonidan rad etildi. Natijada pedagoglarning attestatsiyani qayta o‘tkazish hamda ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi talabi qondirilmadi.

Sud qaroriga ko‘ra, o‘qituvchilarning barcha da’vosi asosli dalillar bilan tasdiqlanmagani uchun rad etilgan. Biroq sud majlisida ularga qarordan norozi bo‘lsalar, yuqori instansiyaga apellyatsiya berish huquqi borligi eslatib o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda 190 mingga yaqin pedagog attestatsiya jarayonlarida ishtirok etdi. Ulardan qariyb 59 foizi imtihondan o‘ta olmadi. Bu ko‘rsatkich jamoatchilik orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda savollarning mazmuni, baholash mezonlari va shaffoflik masalalari bo‘yicha ko‘plab noroziliklar bildirildi.

Aynan shu noroziliklar natijasida bir guruh pedagoglar vazirlikka qarshi sudga murojaat qilishdi. Ular o‘zlarining huquqlari buzilganini va attestatsiya jarayonida adolat ta’minlanmaganini iddao qilishdi. Biroq sud organlari vazirlik tomonini qo‘llab-quvvatladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Attestatsiyadan norozi o‘qituvchilar sudda vazirlikka yutqazdi