“Paxtakor” klubiga yil boshida bosh murabbiy etib tayinlangan makedoniyalik Slavche Voyneski birinchi davradan keyin iste’foga chiqarilganidan xabaringiz bor.
Shu tariqa, murabbiyning yurtimizdagi faoliyati oxiriga yetmasdan nihoyasiga yetdi. Voyneski yurtiga jo‘nab ketish oldidan Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Bilamizki, siz “Paxtakor”ga katta marralarni ko‘zlab kelgandingiz. Lekin mavsum yarmida ketishingizga to‘g‘ri keldi. Ayting-chi, iste’foingizni qanday qabul qildingiz va bo‘lib o‘tgan ishdan so‘ng o‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- “Paxtakor”ga kelganimda mening vazifam – yosh futbolchilarni kamolga yetkazish, rivojlanishiga yordam berish va jamoadagi bor futbolchilar bilan raqobatbardosh tarkibni shakllantirish bo‘lgandi. Albatta, tan olishim kerakki, klub bilan shartnoma tuzganimda asosiy vazifa O‘zbekistonda birinchi raqamli bo‘lish edi. O‘zim ham o‘zbek futbolida o‘ziga xos iz qoldirishni maqsad qilgandim. Lekin bir necha kunda yoki kichikroq muddatda futbolda katta o‘zgarishlarni amalga oshirib, o‘z yondashuvingizni amalga tatbiq eta olmaysiz. Bu juda katta jarayon.
Futbolchilarga moslashish va yangi narsalarni tashkil qilish ham biroz vaqt talab qiladi. Voqealar klubdagi struktura, ya’ni, sport va texnik direktori almashishidan keyin sodir bo‘ldi va yangi rahbariyat men bilan hamkorlikni davom ettirishni istashmadi. Shu jihatdan men ketishga majbur bo‘lyapman. Turnir jadvali o‘z yo‘liga, ammo boshqa jihatlar – o‘yindagi ustunlik va yana turli faktorlarni hisobga oladigan bo‘lsak, mening jamoam chempionatda yetakchilardan biri. Biz hech qaysi o‘yinda ustunlikni deyarli raqibga berib qo‘ymadik. Ko‘p jihatlar bo‘yicha ulardan ustunlik qilayotgandik. Shu tomonlama jamoam hamon Superligada birinchi o‘rinda deb o‘ylayman.
Yana shuni ham aytmoqchimanki, Osiyo Chempionlar ligasida har 3 kunda o‘yin o‘tkazishga majbur bo‘ldik. U yerdan qaytganimizdan keyin ham bizda har 3 kunda qiyin o‘yinlarimiz bor edi. Shuning uchun bu kabi katta uchrashuvlarda futbolchilardagi kichkina imkoniyatlar bilan, kam o‘yinchilar jamoasi bilan o‘ynash qiyin. Bundan tashqari, buni katta tavakkalchilik desa ham bo‘ladi. Ayniqsa, OCHLdan keyin bizni ikkita og‘ir uchrashuv bizni kutib turgandi. Bunday paytda balansni ushlab turish uchun bu qiyin jarayon. Ya’ni, parvoz masalalari ham o‘yinimizga ta’sir o‘tkazdi.
- Klub bilan amalda yana shartnomangiz bor edi. Uni bekor qilish “Paxtakor”dan chiqdi. Shunday ekan, bu masalani qanday hal qildinglar?
- Ha, menda 1+1 ko‘rinishidagi shartnomam bor edi. Oldinda yana majburiyat hisoblangan olti oylik shartnomam turgandi. Men esa atigi uchta oylik maoshimni olish evaziga olti oylik shartnomamni bekor qildim. Shartnomamda agar bitim bekor qilingan taqdirda hech qanday kompensatsiya to‘lanishi haqidagi band mavjud emasdi. Lekin ba’zi-bir ommaviy axborot vositalari meni juda katta pul evaziga klub bilan shartnomasini bekor qilyapti deb yozishdi. Bu shubhasiz noto‘g‘ri ma’lumot. O‘zim loyiq bo‘lmagan pullar evaziga ishlashni, kimnidir norozi qilgan holatda oylik maosh olishni xohlamayman va buni yoqtirmayman. Meni qiziqtiradigan narsa nega o‘sha matbuotdagilar ishlagan paytimda Hojimat Erkinov o‘zini juda yaxshi tomondan ko‘rsata olgani va boshqa klubga transfer qilish imkoniyati paydo bo‘lganini yozishmayapti?
- Umuman aytganda, jamoadan ketishingiz siz uchun kutilmagan qaror bo‘ldimi yoki vaziyat shunday tus olishini bilib turganmidingiz?
- Meni jamoadan ketishim bir oy avval hal qilib bo‘lingandi. Buni jamoadagilar ham, tashqaridagilar ham ko‘pchilik his qilgan. Lekin biz klub siyosatidagi og‘ir holatga qaramasdan yaxshi kurash olib bora oldik. “Qizilqum” va “Metallurg”ga qarshi yaxshi harakat qildik. Ammo tan olish kerak, ushbu uchrashuvlarda balansni ushlab turish, ruhiy tomondan to‘liq tayyorgarlik ko‘rish, muvozanatni yo‘qotmaslik juda ham qiyin bo‘lgandi. Biz o‘zimizni jangovar xarakterimizni ushlab qolishga erishgandik.
- Maksim Shatskix klub sport direktori etib tayinlanganidan keyin nima o‘zgardi?
- Avvalo, Irismetov va Xodiyevning ketishiga to‘xtalsam, bu ketishlar biroz ertaroq sodir bo‘ldi. Chunki bu kabi katta o‘zgarishlar chempionatdagi qaysidir o‘yindan oldin bo‘lishi kerak emasdi. Aytmoqchimanki, “Surxon”ga qarshi bellashuvdan bir kun oldin ushbu rasmiylar klubdan ketishdi. Albatta, bunday holatlar jamoada muvozanatni yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. O‘ylaymanki, mazkur mutaxassislar jamoa bilan mavsum yakunigacha yoki davra oxirigacha qolganida bizda kamida +6 ochko bo‘lishi mumkin edi. Ular ketganidan so‘ng keyingi haftalarda ruhiy jihatdan tayyor emasdik, ko‘p ochko yo‘qotib qo‘ydik. Shatskixga to‘xtalsam, u kelganidan keyin qandaydir yangi o‘zgarishni sezmadim. Faqatgina jamoada ruhiy tomondan bosim ko‘paydi. Jamoa ichidagi muhit ham yaxshi emasdi. Hattoki, kichik guruhlarga bo‘linib ketishgandi. Bu kabi holatda jamoani boshqarish juda qiyin. Jamoadagi bo‘linishlar so‘nggi ikki hafta ichida ortib ketdi. O‘shanda men aynan shu masala haqida rahbariyatga o‘z fikrlarimni bildirgandim.
- Albatta, doim natija muhim. “Paxtakor”dagi yarim yillik faoliyatingiz haqida qanday xulosaga keldingiz?
- Oldin ham aytib o‘tganimdek, ushbu klubda katta potensial bor. Jamoadagi faoliyatim davomida ba’zi-bir paytlarda ajoyib o‘yinlar namoyish eta oldik. Osiyo Chempionlar ligasidagi ayrim o‘yinlarimizni ham yaxshi baholagan bo‘lardim. Boshqa klublardan ham shunday munosabatni qabul qildik. Biz rostdan ham yaxshi o‘yinlar o‘tkaza oldik. Futbolda ba’zida sizga omad kerak bo‘ladi va tajribali o‘yinchilar bo‘lishi muhim. E’tibor bergan bo‘lsangiz chempionlar ligasida o‘z akademiyamizdan chiqqan 14 ta o‘yinchi bilan harakat qilganligimiz va raqobatbardosh jamoa tashkillashtirganimiz biz uchun uchun muvaffaqiyat. Klub rahbariyati ham bizdan ko‘proq iqtidorli yoshlarga e’tibor qaratishimizni so‘ragandi. Shu bois rivojlanish strategiyasi nuqtai nazaridan bu jamoamiz uchun ijobiy holat. Ammo o‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, mavsum oxirigacha shu yerda qolganimda biz chempion bo‘la olishimiz mumkin edi, chunki jamoada yaxshi imkoniyat saqlanib turgandi.
- Hojimat Erkinovning “Torpedo” klubiga o‘tishiga munosabatingiz qanday? Futbolchimizni Rossiyada nima kutyapti?
- Uning uchun xursandman. Mening va Kapadzening boshqaruvida O‘zbekistondan tashqarida legioner sifatida shartnoma imzolashga muvaffaq bo‘ldi. Ammo bir narsa meni xafa qiladi: ayrim OAV uning transferidan tushadigan pulning katta qismi mening kompensatsiya pulim sifatida to‘lab berilishi haqida yozishyapti. Bu noto‘g‘ri ma’lumot. Aqlga sig‘dirib bo‘lmaydigan gaplar. To‘g‘risini aytganda, Erkinov “Torpedo”dan ham kuchliroq klublarda to‘p surish salohiyatiga ega. Ammo bir tarafdan qaraydigan bo‘lsak, Hojimat hali yosh va bu o‘tish unga foydaliroq bo‘lishi mumkin. Kelajakda yanada yaxshiroq klublarda o‘ynashi uchun hozirda o‘yin amaliyoti kerak. U yerda yaxshiroq o‘yin ko‘rsatib yuqoriroq marralarga erishishi mumkin. Unga yangi jamoasida barcha yaxshiliklarni tilayman. Balki kelajakda yana qaysidir joyda birga ishlash baxtiga muyassar bo‘larmiz.
- “Paxtakor”da yig‘ilgan tarkib sizni to‘liq qoniqtirarmidi?
- “Paxtakor”dagi faoliyatimdan qoniqdim, deb ayta olaman. Bu yerda bir qator kuchli va iste’dodli futbolchilar bilan birga ishlash baxtiga muyassar bo‘ldim. Ayniqsa, jamoadagi 7-8 nafar yigit nihoyatda iqtidorli. Ularga yanada kattaroq qo‘llab-quvvatlov kerak. Kelgusida bundan ham yuqori natijalarni ko‘rsata olishadi. Umuman olganda, klubda katta potensial bor. Faqat ularga professional menejer kerak. To‘g‘risi, murabbiy va menejer alohida-alohida yo‘ldan ketsa, bu foydasiz. Ular bitta yo‘ldan borishi kerak. Men boshqargan “Paxtakor”ni, o‘zim boshqargan yigitlarni mavsum oxirida liganing eng yuqori pog‘onasida ko‘rishdan baxtli bo‘lardim.
- Endi keyingi rejalaringiz qanday? Oldingizda aniq takliflar bormi?
- Birinchi navbatda menga biroz tanaffus kerak, deb o‘ylayman. “Paxtakor”da so‘nggi oylarda qattiq ish olib bordik. Bu esa odamni biroz toliqtiradi. Ayniqsa, ayrim matbuot vakillarining mening ketishim haqida tarqatgan noxolis axborotlaridan keyin menga biroz dam kerak. Osiyodagi milliy jamoalaridan biri taklif bilan chiqdi. Markaziy Yevropadan ham bir klub mening xizmatimga qiziqish bildirdi. Lekin bu kabi takliflar haqida o‘ylab ko‘rish yoki ular bilan ishlashga hali erta deb hisoblayman. Chunki “Paxtakor”dan ketganimga atigi ikki kun bo‘ldi. O‘ylaymanki, oldinda yanada yaxshi takliflar bo‘ladi. Tez orada ishga qayta olaman, deb umid qilaman.
- Sizga O‘zbekistonda ko‘proq nima yoqdi? Chempionatimiz darajasi haqida fikringiz?
- O‘zbekistonda, ayniqsa, Toshkentda xuddi o‘z uyimda yashagandek his qildim. Odamlarning munosabati juda ham iliq. Ular har doim yordam berishga tayyorlar. O‘zbekistonda yashashim davomida do‘stlar orttirdim. Futbol mavzusida gapirsam, boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi bu yerda ham rivojlanish uchun katta imkoniyatlar bor. Ammo klublar va federatsiya murabbiylarning ta’limi, ularning strategik bilimlari yuzasidan yana biroz ish olib borishi kerak. Chunki bu uzoq muddatli jarayon hisoblanadi. Masalan, sizda yaxshi murabbiylar bo‘lmasa, foydasi yo‘q. Ya’ni, murabbiylar zo‘r bo‘lmasa, yaxshi stadionlar, yaxshi futbolchilar bo‘lsa ham ko‘p narsaga erisha olmaysiz. Murabbiylar yaxshi bo‘lsa yo‘q joydan ham ajoyib natijalarga erisha olishlari mumkin.
To‘g‘risi, kelganimdan boshlab to “Paxtakor”dan ketgunimgacha ba’zi futbolchilar jamoaga xalaqit berib turishdi. Oxirgi ikkita o‘yinda Erkinov bilan Rashidovning ketishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgandi. Hojimat esa so‘nggi uchrashuvlarda to‘liq qatnasha olmadi. Shu kabi jihatlar ham o‘yinimizga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, klubdagilar Xadjiyevga ketishi haqida oldindan aytib qo‘yishgandi. O‘yindan oldin futbolchiga bu gaplarni gapirganliklari ta’sir qilmasdan qolmadi. Shu vaqt davomida men va ikki assistentim qiyinchilikka duch keldik.
Biz statistik ma’lumotlarni ham unutmasligimiz kerak. “Paxtakor” musobaqa jadvalida 3-o‘rinda borayotgan bo‘lsa ham O‘zbekiston chempionatining eng muvaffaqiyatli jamoasi bo‘lib turibdi. Ko‘p ko‘rsatkichlar – to‘pni ushlab turish, oldinga bo‘lgan uzatmalar, muvaffaqiyatli to‘p oshirishlar, 45 daqiqadan ortiq to‘pni nazorat qilib turgan o‘yinlarimiz bo‘ldi va hujumdagi uchlikni oldinga chiqarishimiz evaziga eng ko‘p xavfli vaziyatlarni yaratdik, jarima maydoni ichiga kirish nuqtai nazaridan biz Superligadagi eng yaxshisi bo‘ldik va yana ko‘plab parametrlar bo‘yicha O‘zbekistonda eng kuchlisi edik. Bu esa bizni qanchalik katta ishni amalga oshirganimizni ko‘rsatib bera oladi.
Yana shuni ham aytmoqchimanki, Jahongir Ortiqxo‘jayev va Dilshod Karimovga menga ushbu klubda ishlash imkoniyatini berganliklari uchun katta minnatdorchilik bildiraman. Ularning mehribonchiligi va qo‘llab-quvvatlashlari men uchun juda ham muhim edi. Ushbu insonlarning sharofati bilan men chiroyli va mehmondo‘st O‘zbekistonda yashash tajribasini o‘zimda orttirishga muvaffaq bo‘ldim. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)