1 219
"Ishtahasi karnay" jamoalar oxiri nima bo‘ldi? yoxud Superliga klublaridagi o‘sish va pasayish haqida
Bahordan start olgan Superliga karvoni kuz fasliga kelib manziliga yetib keldi. Kim chempion bo‘lgani, sovrindorlar qatoridan qaysi klublar joy olgani va elitani kimlar tark etgani endi ma’lum. Biz klublarning joriy mavsumdagi ishtirokini o‘tgan yilgi qayd etgan natijalari bilan taqqoslab chiqdik.
“Paxtakor”
O‘tgan yili: 1-o‘rin
Bu yil: 1-o‘rin
2019 yilgi mavsumdan beri chempionlik kamarini o‘zida saqlab kelayotgan “Paxtakor” klubi “mavsum-2022”ni ham oltin medal bilan yakunlashga muvaffaq bo‘ldi. Holbuki, chempionat boshida “Paxtakor”ning yakunda chempionlikni qo‘lga kiritishiga ishonmaganlar ko‘p bo‘lgandi. Chunki tarkib o‘zgarishi, murabbiy yangilanishi fonida jamoa biroz kuchsizlanganligi iddao qilingandi. Biroq klub rahbariyati yozgi seleksiyada zarur o‘zgarishlarni vaqtida amalga oshira oldilar. Maksim Shatskix bosh murabbiylik postini egalladi. Unda ham avvaliga ishlar ko‘ngildagidek kechmadi. “Bunyodkor”ga qarshi chempionlik o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida o‘zi aytganidek, yaxshi ot keyin chopadi. “Paxtakor” ketma-ket to‘rtinchi marotaba mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Shatskix esa “Sherlar” safidagi debyutidayoq oltin medalga ega chiqdi. Xullas, “Paxtakor” 4 yildan beri 1-o‘rinni hech kimga bermasdan kelyapti. Statistika bo‘yicha aytsak, “Sherlar” 2021 yili 19 g‘alaba qozonib, 60 ochko jamg‘arib chempionlikka erishdi. Bu yil esa 15 marta g‘alaba qozondi va to‘plagan 54 ochkosi 1-o‘rinni qo‘lga kiritishiga yetarli bo‘ldi.
“Navbahor”
O‘tgan yili: 6-o‘rin
Bu yil: 2-o‘rin
“Navbahor” Samvel Babayan boshchiligida joriy chempionatda katta o‘sishga erishdi. Namanganliklar o‘tgan yili 39 ochko bilan 6-o‘rinni egallagandi. Tan olish kerakki, Babayan jamoasi “Mavsum-2022”da muxlislarining hurmatini qozondi. Chempionlik uchun oxirigacha kurashdi. Natijada “Paxtakor”dan keyin musobaqa jadvalida 2-o‘rin bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi. Qizig‘i, “Navbahor” klubi ilk bor kumush medalga ega chiqdi. Bungacha jamoa tarixida hali 2-o‘rin bo‘lmagan. O‘tgan yilgi natijasi bilan solishtirganda tabiiyki, bu safar yaxshi tomonga o‘zgarish katta bo‘ldi. Buning ustiga “Navbahor” O‘zbekiston Kubogi finaligacha ham yetib borgani e’tiborga molik.
“Nasaf”
O‘tgan yili: 4-o‘rin
Bu yil: 3-o‘rin
Eh, “Nasaf”, “Nasaf”! Ushbu mavsumda “Ajdarlar”da chempionlikni qo‘lga kiritish uchun juda yaxshi imkoniyat paydo bo‘lgandi. Biroq hammasi o‘z qo‘lida bo‘lib turgan vaziyatda Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi og‘zidagi oshni oldirib o‘tiribdi. “Oltin dubl”ni qayd etishga juda yaqin turgandi. Albatta, yana bir bor O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgani “Nasaf” uchun navbatdagi titul. Lekin hammasidan ham ko‘ra ular chempionlikni juda va juda xohlashayotgandi. 25-turda o‘z uyida “Neftchi”ga 0:1 hisobida yutqazib imkoniyatini keskin pasaytirib yubordi. Oxirgi turda esa safarda “Olimpik” jamoasiga ham mag‘lub bo‘ldi. Natijada qarshiliklar 3-o‘rin bilan cheklandi. Lekin o‘tgan yilgi natijasi bilan solishtirganda bir pog‘ona yuqorilab, bronza medalni qo‘lga kiritdi. “Nasaf” O‘zbekiston chempionatida 10-bronzasiga sazovor bo‘ldi.
AGMK
O‘tgan yili: 3-o‘rin
Bu yil: 4-o‘rin
Mirjalol Qosimov boshchilik qilayotgan AGMK klubi o‘tgan yilga nisbatan bu yil bir pog‘ona pastlab qoldi. Chunki 2021 yilgi mavsumda bronza medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bu yil 4-pog‘onani band etdi. Lekin olmaliqliklar Osiyo Chempionlar ligasi pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi. Bir qator uchrashuvlarda AGMKga barqarorlik yetishmadi. Natijada qimmatli ochkolarni boy bergani evaziga jamoa sovrinli o‘rinlardan quruq qolib ketdi.
“Qizilqum”
O‘tgan yili: 9-o‘rin
Bu yili: 5-o‘rin
Navoiyliklar joriy chempionatda o‘z oldiga sovrinli o‘rinlardan birini qo‘lga kiritish vazifasini qo‘ygandi. Shunga yarasha ular chempionatni ancha ishonchli boshlashdi. Lekin orada jamoa qoqildi, ochkolarni yo‘qotdi. Tan olish kerak, o‘tgan yili bundan ham yomonroq edi. Chunki 2021 yildi 31 ochko bilan 9-o‘rinni band etgandi. Bu yil 39 ochko to‘plab, 5-pog‘onadan joy oldi. Agar tarkibdagi ijrochilarni inobatga oladigan bo‘lsak, klub bundan ham yuqori o‘rindan joy olishga qurbi yetardi.
“Olimpik”
O‘tgan yili: pro ligada 3-o‘rin
Bu yili: 6-o‘rin
Bu jamoa alohida mavzuga aylandi. Timur Kapadze boshchiligidagi “Olimpik” klubi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi asosida tashkil etildi. Shuning uchun “Olimpik” safida terma jamoa negizi shakllanmoqda. Ilk urinishdayoq Superligaga chiqqan jamoa yo‘qolib qolmadi, aksincha, barcha klublar uchun chinakam bosh og‘rig‘iga aylandi. Birov ularni chempionat oxirida 6-o‘rinni egallaydi desa ishonmasdi. Biroq Kapadze mavsum boshidayoq marrani katta oldi va sovrinli o‘rinlar uchun kurashish asosiy vazifasi ekanligini aytgandi. Bu yilgi debyut mavsum Kapadze va “Olimpik” uchun katta tajriba bo‘ldi.
“So‘g‘diyona”
O‘tgan yili: 2-o‘rin
Bu yili: 7-o‘rin
O‘tgan mavsumda kumush medalni qo‘lga kiritgan “So‘g‘diyona”ning bu yil ham maqsadi jiddiy edi. Boshida ular uchun hammasi reja bo‘yicha ketayotgandi. Ammo uchta frontda kurashish baribir jizzaxliklar uchun og‘irlik qilib qoldi. OFK Kubogi yarim finali penaltilar seriyasida alamli tarzda yutqazdi. Bu ham yetmaganidek O‘zbekiston Kubogi yarim finalida yana penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bu esa futbolchilarga ruhiy tomondan og‘ir zarba bo‘ldi. Natijada Kuboklarda finalagacha bir qadam qolganida qoqilishi fonida bu chempionatdagi ishtirokiga qattiq ta’sir ko‘rsatdi. Bosh murabbiy Ulug‘bek Baqoyev esa chempionat tugashiga ikki tur qolganida iste’foga chiqdi. Yakunda jamoa vaqtinchalik Yorqin Nazarov boshchiligida ikkita o‘yinni o‘tkazdi va chempionatda 7-o‘rin bilan kifoyalandi.
“Bunyodkor”
O‘tgan yili: 5-o‘rin
Bu yil: 8-o‘rin
“Qaldirg‘ochlar” uchun ushbu mavsum qiyin o‘tdi. Sababi ko‘plab o‘yinlarda ochkolarni boy berdi. Murabbiylar almashinuvi ham ro‘y berdi. Shuhrat Maqsudov bilan chempionatni boshlagan klub keyinchalik Viktor Karpenko va Ivan Boshkovich boshchiligida ishtirok etdi. Murabbiylar o‘zgarishi natijaga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Ammo jamoa safida iqtidorli yoshlar yetishib chiqyapti. Klub o‘tgan yilgiga nisbatan bu yil 3 pog‘ona pastlab qoldi.
“Neftchi”
O‘tgan yili: pro ligada 1-o‘rin
Bu yil: 9-o‘rin
Farg‘onaliklarni bu yil ishtahasi karnay edi. Lekin sal qolsa, klub yana ligada qolish uchun kurashadigan jamoalar orasida qolib ketardi. Ilhom Mo‘minjonov boshchiligida Superligaga qaytib, katta maqsadlarni qo‘yishgandi. Lekin elitada klubning ishlari o‘xshamadi. Jamoa oxirgi o‘rinlarda yuraverdi. Shuning uchun viloyat hokimi bosh murabbiylikka xorijlik mutaxassis Vitaliy Levchenkoni olib keldi. Shundan so‘ng jamoa o‘yinida ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi va bu hol natijaga ham taʼsir ko‘rsatdi.
“Metallurg”
O‘tgan yili: 11-o‘rin
Bu yil: 10-o‘rin
“Metallurg”da deyarli o‘zgarish bo‘lmadi. O‘tgan yilgi bilan taqqoslaganda faqat bir pog‘onaga farq qildi, xolos. 2021 yilda 11, bu safar 10-pog‘onadan joy oldi. Ispaniyalik Luisma Ernendes o‘tgan mavsum oxirlarida klubni qabul qilib olib, Superligada saqlab qolishga erishgan. Bu safar uning boshchiligida klub turlicha taassurot qoldirdi. Gohida yaxshi o‘yinlar va shunga yarasha yaxshi natijalar ham bo‘ldi. Lekin bu holat barqaror ravishda davom etmadi.
“Surxon”
O‘tgan yili: 10-o‘rin
Bu yil: 11-o‘rin
Hamon o‘z uyida, Termizda uy o‘yinlarini o‘tkaza olmayotgan “Surxon” mezbon sifatida ham mehmonda o‘ynab keldi. Bu yil ispaniyalik Anxel Lopes ish boshlaganini bilasiz. O‘zidan yomon taassurot qoldirmagandi. Biroq baribir murabbiy uchun natija muhim hisoblanadi. “Surxon” esa natija ko‘rsatish borasida qiynaldi. Mavsum o‘rtasidan keyin Lopesga chiqish eshiklari ko‘rsatildi. Jamoaga Hamidjon Aktamov menejer bo‘lib keldi. Migel Alvares Lopesning o‘rnini egalladi. Ushbu o‘zgarishdan keyin jamoa ancha o‘ziga kelib qoldi va autsayderlar orasidan uzoqlashdi. Bu yil jamoa asosan Superligada qolish uchun kurashdi va buni udddasidan chiqdi. Deyarli o‘tgan yilgi natija bilan o‘xshash.
“Lokomotiv”
O‘tgan yili: 7-o‘rin
Bu yil: 12-o‘rin
“Temiryo‘lchilar” sal qolsa pro ligaga tushib ketishi mumkin edi. 2021 yili 7-pog‘onani band qilgandi, lekin bu yil qoniqarsiz natijalar ko‘rsatdi. Shu sababli jamoa qiyin ahvolda qoldi. Vaziyatdan kelib chiqib murabbiylar ham o‘zgartirilganini bilasiz. Denis Korostichenko, Server Jeparov, Mirko Yelichich...Ushbu o‘zgarishlar ham “Lokomotiv”ga foyda keltirdi, deya olmaymiz. Baribir Korostichenko yana klubga qaytdi. Katta qiyinchilik bilan jamoa pley-offga ilashib qoldi. Aks holda pro ligaga ravona bo‘lardi. Oxirgi turda “Metallurg” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyingina “Lokomotiv” 12-o‘ringa ilashib qoldi. Albatta, 2021 yilgi chempionatdagi ko‘rsatkichidan ko‘ra ancha sust qatnashgani raqamlarda aks etib turibdi. Endi “Loko” pley offda pro liganing 3-o‘rin egasi bilan o‘ynaydi.
“Qo‘qon-1912”
O‘tgan yili: 8-o‘rin
Bu yil: 13-o‘rin
Ko‘pchilik kutmaganda “Qo‘qon-1912” klubi Superligani tark etdi. Holbuki, jamoada yaxshi darajadagi futbolchilar yig‘ilgandi. Lekin g‘alaba qozonishi qo‘qonliklar uchun mashaqqatga aylanib ketdi. Bosh murabbiy ham o‘zgartirildi. Baxtiyor Ashurmatov o‘rniga yordamchisi Davron Fayziyev tayinlandi. Ammo bu o‘zgarish ham naf bergani yo‘q. To‘g‘ri, orada mablag‘ masalasida ham muammolar borligi aytildi. Keyin esa bu boradagi ishlar joyiga tushgani aytildi. Lekin bu ham ish bermadi, shekilli. Qo‘qonlik ishqibozlar sevimli jamoasining Superliga bilan xayrlashganini xazm qilishlari qiyin, albatta. Nachora, Davron Fayziyev ham eplay olmadi.
“Dinamo”
O‘tgan yili: pro ligada 2-o‘rin
Bu yil: 14-o‘rin
Samarqandliklarni ham chempionat avvalida ishtahasi karnay edi. Lekin klubda boshidan nimadir noto‘g‘ri ketayotgani sezilib turardi. Bu natijalarda ham bilindi. Murabbiylarni o‘zgartirish ham “Dinamo”ga naf keltirmadi. Balki serbiyalik Predrag Roganni nohaq isteʼfoga chiqarishgandir. Undan keyin kelganlar ham “Dinamo”ni kuchaytirgani yo‘q. Andrey Shipilov, keyin Vadim Abramov keldi. Qizig‘i, samarqandliklar muddatidan ilgari Superligani tark etgach, g‘alaba qozonishni boshladi va oxirgi ikkita turda muvaffaqiyat qozondi. Ayniqsa, so‘nggi turda o‘z uyida “Qo‘qon-1912”ni mag‘lub etib, raqibini o‘zi bilan birga pro ligaga tortib ketdi. Hayron qolasan kishi, “Dinamo” yutishni bilarkan, nega otni ertaroq qamchilamagan-a? “Dinamo” pro ligadan chiqib, yana pro ligaga qaytib ketdi. O‘zi nima uchun Superligaga yo‘l olgandi? Hayronmiz!
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi